Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston-Ozarbayjon: Neft-gaz sohasida yana bir muhim hujjat imzolandi
14:42 / 2025-07-24

Bugun Energetika vazirligida Ustyurt neft-gaz mintaqasidagi investitsiya bloklarida geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish va keyinchalik uglevodorodlarni qazib olishni nazarda tutuvchi mahsulot taqsimoti to‘g‘risidagi bitimni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, «SOCAR»  kompaniyasi prezidenti Rovshan Nadjaf, "O‘zbekneftgaz" AJ boshqaruvi raisi Bahodirjon Siddiqov so‘zga chiqib, tomonlar o‘rtasidagi hamkorlik ushbu soha ravnaqida muhim omil bo‘layotganini qayd etdi.

Energetika vazirligi, Ozarbayjon Respublikasining davlat neft kompaniyasi (SOCAR) hamda “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati o‘rtasida imzolangan bitim ikki mamlakat Prezidentlarining oqilona strategik yondashuvi, siyosiy irodasi va ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan shaxsiy sa’y-harakatlari samarasidir.

Mazkur hujjat ikki davlat o‘rtasidagi energetika sohasidagi sheriklikni yangi bosqichga olib chiqib, uglevodorod resurslarini izlash va o‘zlashtirishda uzoq muddatli hamkorlik uchun mustahkam poydevor yaratadi.

[gallery-24442]

Bitim shartlariga muvofiq, kamida 1 ming kvadrat kilometr maydonda 3D seysmorazvedka ishlarini amalga oshirish va natijalarga ko‘ra bitta quduqda geologiya-qidiruv ishlarini boshlash rejalashtirilgan. Agar sanoat ahamiyatiga ega uglevodorod konlari aniqlansa, tomonlar ularni o‘zlashtirish va qazib olish bosqichiga o‘tadi.

–Imzolangan bitim nafaqat ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtiradi, balki milliy neft-gaz tarmog‘ini rivojlantirish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam bo‘ladi. Shu bilan birga, “O‘zbekneftgaz” AJning xalqaro maydondagi ochiq, ishonchli va innovatsion hamkor sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlaydi, – dedi jamiyat boshqaruvi raisi Bahodirjon Siddiqov.

Tadbirda ta’kidlanganidek, «SOCAR» bilan hamkorlik Yangi O‘zbekistonning investitsiya manbalarini diversifikatsiya qilish hamda xalqaro ilg‘or tajribalarni tatbiq etish borasidagi qat’iy sa’y-harakatlarining yorqin ifodasidir. Ustyurt hududi yuqori istiqbolga ega bo‘lib, mahsulot taqsimoti to‘g‘risidagi bitim ushbu hududni samarali rivojlantirish uchun muhim poydevor bo‘ladi.

Mutaxassislarning ma’lumot berishicha, mahsulot taqsimoti to‘g‘risidagi bitim davlat va investor o‘rtasidagi shartnomaviy munosabatlarning o‘ziga xos shakli bo‘lib, unga ko‘ra investor geologik-qidiruv ishlari, uglevodorodlarni qazib chiqarish va o‘zlashtirishni amalga oshirish huquqiga ega bo‘ladi. Investor loyihaga sarflagan xarajatlarni qazib chiqarilgan resurslarning bir qism kompensatsiya mahsuloti orqali qoplaydi. Qolgan daromadli mahsulot esa davlat va investor o‘rtasida belgilangan ulushda taqsimlanadi. Bunday model investitsiyaviy xavflar va daromadlarni adolatli taqsimlashni ta’minlaydi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etadi hamda ilg‘or texnologiyalarni mamlakatga olib kirishga ko‘maklashadi.

Marosim yakunida tomonlar ushbu imzolangan bitimning mohiyati, amalga oshirilishi va istiqboldagi ahamiyati haqidagi ommaviy axborot vositalari vakillari savollariga javob qaytardi.

Nasiba Ziyodullayeva,

O‘zA