Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – Ozarbayjon munosabatlariga doir konferensiya o‘tkazildi
01:25 / 2023-05-27

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi hamda Ozarbayjon Respublikasi Diaspora bilan ishlash Davlat qo‘mitasi ko‘magida “O‘zbekiston va Ozarbayjon davlatlarining rivojlanish tarixi, yangi davri va hamkorligi istiqboli” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Dastavval ishtirokchilar universitetda O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomli Ozarbayjon Madaniyat markazi tomonidan tashkil etilgan Fuzuliy nomidagi Madaniyat va tadqiqot markazi bilan tanishdi.

Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi Rustambek Qurbonov anjumanni ochib berar ekan, ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik, birodarlik mavzusiga to‘xtalib, ushbu munosabatlar mamlakat rahbariyati darajasida yuksak qadrlanishini ta’kidladi, mavjud aloqalarni mustahkamlash va rivojlantirishda diasporalarning davlat tuzilmalarini qo‘llab-quvvatlashi muhimligini qayd etdi.

Diaspora bilan ishlash Davlat qo‘mitasi raisi Fuad Murodov Ozarbayjon va O‘zbekiston do‘stligi abadiyshigi, bu hamkorlikning tamal toshini qo‘yganlardan biri ayni kunlarda tavalludining 100 yilligi nishonlanayotgan Umummilliy yetakchi Haydar Aliyev ekaniniurg‘uladi.

O‘zaro aloqalarni mustahkamlashda diasporalar va sohaga mas’ul davlat tashkilotlarining alohida o‘rni, kelajakda bu borada hali muhim qadamlar qo‘yilishi zarurligi aytildi.

Ozarbayjon Madaniyat markazi direktori Samir Abbosov tarixi asrlarga tutash bu do‘stlik, qardoshlikning eng go‘zal namunasi sifatida Nizomiy Ganjaviy, Alisher Navoiy, Muhammad Fuzuliy kabi buyuk adiblarimiz hayoti, faoliyatini misol qilib keltirdi.

Zero, tarixiy sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan Ozarbayjon – O‘zbekiston do‘stligi hozirgi davlat rahbarlarining sa’y-harakati natijasida strategik ittifoqchilikka aylangan.

Mamlakatimizdagi Ozarbayjon diasporasi yetakchisi Mobil Mammedov, O‘zbekiston – Ozarbayjon Do‘stlik jamiyati ijrochi direktori Erkin Nuriddinov yurtimizda istiqomat qilayotgan turli millat vakillari, jumladan, ozarbayjonliklar uchun barcha sharoit yaratilganini bildirib, ular O‘zbekiston ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etayotganiga e’tibor qaratdi.

Ozarbayjon Milliy ilmlar markazi Tarix instituti ijrochi direktori, dotsent Ilg‘or Niftaliyev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, professor Boboxon Sharif, Ma’naviyat va ma’rifat markazi faoli, professor Jamila Shermuhammedova, falsafa fanlari doktori Ismoil Xo‘jaxonov, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti dotsenti Tohir Qahhor va Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti dotsenti Gulbahor Ashurova ikki davlat do‘stligi, qardoshligi tarixi va istiqboli haqida so‘zlab, turli sohalardagi hamkorlikni muntazam rivojlantirish muhimligini qayd etishdi.

G‘.Xonnazarov, O‘zA