“O‘zbekneftgaz” AJ va Ozarbayjonning “SOCAR” kompaniyasi rahbarlari o‘rtasida videokonferensiya o‘tkazildi. Bu haqda jamiyat axborot xizmati ma’lum qildi.
Unda tomonlar Prezident qarori bilan tasdiqlangan mahsulot taqsimotiga oid bitimni amalga oshirish jarayoni hamda Ustyurt mintaqasidagi investitsiya bloklarida geologik-qidiruv ishlarini boshlash chora-tadbirlari xususida yuritdi. Shuningdek, loyihani amalga oshirishdagi texnik ishlar va operator kompaniyani tashkil etishga oid masalalarga urg‘u berildi.

Qayd etilganidek, 2025 yil 24 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Ozarbayjon Respublikasining Davlat neft kompaniyasi (SOCAR) va “O‘zbekneftgaz” AJ o‘rtasida Ustyurt neft-gaz mintaqasidagi investitsiya bloklarida geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va keyinchalik uglevodorodlarni qazib olishni nazarda tutuvchi mahsulotni taqsimlash to‘g‘risidagi bitim imzolangan. Mazkur uchrashuv ushbu hujjat ijrosiga doir tadbirlar bilan bog‘liqdir.
Muloqot davomida tomonlar hamkorlikni yanada mustahkamlashning ahamiyatini ta’kidlab, kelgusidagi qo‘shma tadbirlarga tayyorligini bildirdi.
Tadbir so‘nggida sentyabr oyida operator kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazish ishlarini yakunlash, seysmoqidiruv ishlarini amalga oshirishning yangi muddatlarini belgilash hamda loyiha bo‘yicha ekologik baholash jarayonlarini boshlash masalalari bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA