Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – Ozarbayjon biznes forumi
16:36 / 2022-06-21

Toshkent shahrida O‘zbekiston – Ozarbayjon biznes forumi va ikki mamlakat ishbilarmonlarining B2B shaklidagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning yurtimizga tashrifi doirasida o‘tkazilgan ushbu tadbir mamlakatlarimiz iqtisodiy salohiyati va ko‘p qirrali o‘zaro hamkorligi ko‘lamini yaqqol namoyon etdi. 

Ikki davlat vazirlik va idoralari, biznes doiralari hamda sanoat birlashmalari vakillaridan iborat yuzdan ziyod ishbilarmon ishtirok etgan anjumanda savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy hamkorlikning bugungi holati va istiqboli muhokama qilindi. 

Forumda tomonlar delegatsiyalariga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov va Ozarbayjon Respublikasi iqtisodiyot vaziri Mikail Jabborov boshchilik qildi. 

[gallery-7649]

Ikki mamlakat delegatsiyalari rahbarlari iqtisodiy munosabatni kengaytirish, investitsiya, sanoat va savdo sohasida ishga solinmagan salohiyat hamda neft-kimyo, kimyo, elektrotexnika, to‘qimachilik, oziq-ovqat, farmatsevtika, zargarlik, avtomobilsozlik va boshqa yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli sheriklikni yanada rivojlantirish uchun imkoniyat mavjudligini qayd etdi. 

Muloqot chog‘ida iqtisodiy hamkorlikning izchil diversifikatsiya qilinishi o‘zbek-ozarbayjon tadbirkorlariga yangi qiymat zanjirini yaratish va birgalikda uchinchi mamlakatlar bozorlariga chiqish imkonini berishi ma’lum qilindi. 

– Ishbilarmon tadbirkorlar ishtirokida o‘tgan mazkur anjuman dolzarbligi bilan muhim, – dedi delegatsiya rahbari Mikail Jabborov. – O‘zbekistonning yirik kompaniyasi bilan hamkorlikda, “Azermash” zavodi negizida avtomobillarni yig‘ish loyihasi muvaffaqiyatli sherikligimiz namunasi. O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, ayniqsa, paxta va to‘qimachilik sanoatidagi tajribasi bizda katta qiziqish uyg‘otganini alohida ta’kidlayman. 

Biznes-forum davomida transport va logistika hamda hududlararo hamkorlik sohalaridagi qo‘shma loyiha va tashabbuslar haqida ham so‘z yuritildi. 

Qayd etilishicha, ikki mamlakat hududlari orqali yuk tashishni ko‘paytirishni rag‘batlantirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar joriy qilinishi e’lon qilindi. Bu, o‘z navbatida, transport va logistika sohasida mamlakatlarimiz aloqasini chuqurlashtiradi. 

V2V shaklidagi uchrashuvlar ikki tomon biznes vakillariga o‘z mahsulot va xizmatlarini namoyish etish, eksport salohiyati va hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashish imkonini yaratdi. 

Forum yakunida umumiy qiymati 500 million dollardan ortiq qo‘shma loyiha va savdo shartnomalarini amalga oshirish bo‘yicha bitim, shuningdek, ikki mamlakat vazirlik va idoralari o‘rtasida amaliy hamkorlik to‘g‘risida o‘nta kelishuv imzolandi. 



Behruz Xudoyberdiyev, 
Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA