English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – Ozarbayjon biznes-forumi doirasida “Made in Azerbaijan” ko‘rgazmasi ochildi (+video)
21:29 / 2024-08-22

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning mamlakatimizga davlat tashrifi arafasida poytaximizdagi “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasida O‘zbekiston – Ozarbayjon biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.

Vazirlik, idora, tarmoq birlashmalari, hududlar hokimliklari hamda ikki mamlakat ishbilarmon doira vakillari ishtirok etgan anjumanning ochilishida investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov ikki davlat rahbarlarining oqilona siyosati tufayli hamkorlik strategik xususiyat kasb etib, sifat jihatidan yangi bosqichga chiqqanini ta’kidladi.

– O‘zaro tovar ayirboshlash miqdori oshmoqda va diversifikatsiya qilinmoqda, – dedi L.Qudratov. – Bugun hukumatlar darajasida import o‘rnini bosuvchi dasturlarni amalga oshirish, jumladan hududlarda tovarlarni maxsus elektron platformalarga joylashtirish orqali mamlakatlarimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni ko‘proq sotishga ko‘maklashuvchi infratuzilma yaratish masalasini muhokama qilyapmiz. Shaharlarimizda savdo uyi, ko‘rgazma zali, doimiy milliy pavilonlar ochish rejasini bu yo‘ldagi aniq qadamlar sifatida qabul qilish mumkin. Bundan tashqari sanoat kooperatsiyasini jadal rivojlantirish niyatidamiz. Investitsiya kompaniyasi faol ishlayapti.  Fursatdan foydalanib, tadbirkorlarni qo‘shma loyihalar amalga oshirish uchun ushbu platforma mexanizmi imkoniyatidan kengroq foydalanishga chaqiraman.

Forumda ko‘p qirrali O‘zbekiston va Ozarbayjon hamkorligi jadal rivojlanayotgani qayd etildi – tovar aylanmasi oxirgi 5 yilda 3 barobar, joriy yil boshidan buyon esa yana 20 foiz oshgan. Davlat rahbarlari tomonidan qo‘yilgan vazifa – yaqin kelajakda mahsulot ayirboshlash miqdorini 1 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha ish olib borilyapti.

Tahlilga ko‘ra, iqtisodiyotning eng ustuvor tarmoqlari – energetika va shaharsozlik, mashinasozlik, to‘qimachilik va ipakchilik, qishloq xo‘jaligida sarmoyaviy hamkorlik ko‘lami kengaymoqda. Respublikamizda “Pasha Holding”, “Matanat”, “Sarda Group” va “Sokar” kabi Ozarbayjonning yirik kompaniyalari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. O‘zbekistonning “Global Textile”, “Azsilk” va “Businesstex” korxonalari Ozarbayjon hududlarida ishlayapti.

Investitsiyaviy hamkorlikni harakatlantiruvchi kuch – Qo‘shma investitsiya kompaniyasi ishga tushirilgani e’tirof etildi.

O‘z navbatida, Ozarbayjon Respublikasi iqtisodiyot vaziri Mikail Jabborov yurtimizda yaratilgan sarmoyaviy muhit, tadbirkorlikni har tomonlama rivojlantirish uchun yaratilgan imkoniyatni yuksak baholadi. Uzoq muddatli hamkorlikka ishonch bildirgan holda, Ozarbayjon biznesi vakillarini ikkilanmasdan O‘zbekistonga sarmoya kiritishga chorladi.

Savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari qayd etildi Yengil va oziq-ovqat sanoati, yashil energetika, sog‘liqni saqlash kabi muhim sohalarda aniq loyihalar portfeli shakllantirildi. Qurilish materiallari yetkazib berish hajmini oshirish, talabgir mahsulotlarni samarali rag‘batlantirish uchun har ikki tomonda tarmoq birlashmalari vakillari uchun lavozimlar tashkil etish zarurligi ma’qullandi.

– Asosiy maqsadimiz hamkor davlatlar o‘rtasida sifatli mahsulotlar almashinuvini tashkil qilish, – dedi Ozarbayjondagi O‘zbekiston savdo uyi asoschisi Ramin Sharifov. – Hozir o‘ndan ziyod yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatyapmiz. Yurtimizda turli sohaga ixtisoslashgan 50 ga yaqin O‘zbekiston biznesi vakillari mahsulotlari ko‘rgazmasini o‘tkazdik. Yaqin kunlarda Birlashgan Arab Amirliklarida ham O‘zbekiston savdo uyi ochishni rejalashtirganmiz.

Yig‘ilish chog‘ida to‘qimachilik, ipakchilik, qurilish materiallari, oziq-ovqat va tog‘-kon sanoati, shaharsozlik, infratuzilma va zamonaviy turar-joy, savdo tarmoqlarini rivojlantirish orqali sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish bo‘yicha keng imkoniyat mavjudligi ta’kidlandi. Tog‘-kon, energetika va neft-gaz sanoatida qo‘shma loyihalar ishlab chiqish, “yashil” energiya manbalarini yaratish va mahsulot eksport qilish, qishloq xo‘jaligida hamkorlikni kengaytirish istiqbolli yo‘nalishlar sifatida belgilandi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/FN97dIB5GGw" title="Oʻzbekiston – Ozarbayjon biznes-forumi doirasida“Made in Azerbaijan” koʻrgazmasi ochildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Dasturga muvofiq, infratuzilmani rivojlantirish va shahar qurilishi, yangi logistika markazlari, ta’lim muassasalari, hamkor mamlakatlarda sanoat birlashmalari vakolatxonalari ochish bo‘yicha ikki tomonlama hujjatlar almashish marosimi bo‘lib o‘tdi. B2B va G2B muzokaralari tadbirkorlar o‘rtasida qo‘shma investitsiya loyihalari va savdo shartnomalarini muhokama qilish uchun qulay platforma vazifasini o‘tadi. Forum yakunida amalga oshirish muddatlari aniq ko‘rsatilgan tadbirlar aks etgan qo‘shma “Yo‘l xaritasi” qabul qilindi.

Anjuman doirasida “Made in Azerbaijan” milliy mahsulotlar namoyishi ham o‘tkazilmoqda. Ko‘rgazma mamlakatimiz tadbirkorlarida katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Behruz Xudoyberdiyev, Doniyor Yakubov (video), O‘zA