Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zbekiston” o‘yingohi FIFA standartlariga mos arenaga aylanmoqda
10:29 / 2021-01-28

O‘zbekiston tumanidagi "Turon” jamoasi uchun o‘tgan yil omadli keldi.

Pro-ligada “yil o‘yini” deya ta’riflangan bahsda g‘alaba qozonib, ilk bor Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Ayni kunlarda jamoa chempionatga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqda. Shunga yarasha tarkibini ham mahoratli futbolchilar hisobiga kuchaytirishga erishyapti.

Farg‘ona viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Xayrullo Bozorov Yaypandagi “O‘zbekiston” o‘yingohida olib borilayotgan rekonstruksiya ishlari bilan tanishdi.

2021 yilgi mavsumda ilk bor O‘zbekiston chempionati Superligasida ishtirok etadigan “Turon” futbol klubining uy o‘yingohi FIFA standartlariga mos arenaga aylanmoqda.

PFL bayrog‘i ostida o‘tkaziladigan Superliga uchrashuvlari bo‘lib o‘tadigan o‘yingohlar uchun belgilangan talablarga muvofiq olib borilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlari yangi mavsum boshlanishiga qadar yakunlanishi ko‘zda tutilgan.

“Turon” futbol klubi rahbari Abduvahob Ahmadaliyev viloyat hokimini o‘yingohda olib borilayotgan ishlar, shuningdek, klub qoshida tashkil etilayotgan akademiya hamda yangi qad rostlayotgan jamoa qarorgohining qurilish jarayoni bilan tanishtirdi.  

Rejaga muvofiq, o‘yingohda 4x8 m o‘lchamda ulkan “UZLED” elektron monitori hamda yorug‘lik darajasi 2000 lyuks bo‘lgan “Philips” svetodiod yoritish tizimini o‘rnatish kabi ishlar amalga oshirilmoqda.

Viloyat hokimi o‘yingohda qo‘shimcha 5000 o‘rinli tribuna barpo etish bo‘yicha belgilangan loyihani amalga oshirish uchun mablag‘ ajratib berilishini ma’lum qildi va qurilish ishlarini jadallashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.  

Xayrullo Bozorov jamoaning 2021 yilgi mavsumda Superligada muvaffaqiyatli ishtirok etishiga ishonch bildirdi.

M.Sulaymonov, O‘zA