English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zbekiston ovozi” 105 yoshda
19:34 / 2023-07-28

Kecha “O‘zbekiston” mehmonxonasining tadbirlar zalida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi muassisligidagi “O‘zbekiston ovozi” gazetasining 105 yillik yubileyiga bag‘ishlab adabiy-badiiy bayram tadbiri o‘tkazildi.

Unda gazetaning faxriylari, fidoiylari, davlat va jamiyat arboblari, bugungi kunimizning yetuk qalamkashlari bir davra atrofida yig‘ilib, gazetaning bosib o‘tgan uzoq mashaqqatli yo‘li va bugungi faoliyati haqida dildan suhbat qurishdi. Yig‘ilganlar “bu davrda gazetaning uch avlodi yuzlashdi”, deya xitob qilishdi.

Bu gazeta birinchi marta 1918 yil 21 iyunda, “Ishtirokiyun” nomi bilan bosilgan. Gazeta O‘zbekistondagina emas, butun Turkiston o‘lkasida birinchi milliy matbuot nashrlari qatorida namoyon bo‘lgan. 

1920 yil 12 dekabrdan “Qizil bayroq”, keyinroq “Turkiston”, 1924 yil dekabrdan boshlab “Qizil O‘zbekiston”, 1964 yildan “Sovet O‘zbekistoni”, 1991 yildan, ya’ni mamlakatimiz mustaqilligining ilk kunlaridan boshlab, hozirgacha “O‘zbekiston ovozi” nomi bilan chop etilmoqda.

Yurtimizning keyingi 100 yillik tarixi ushbu gazeta sahifalarida muhrlangan. Gazeta uzoq, og‘ir yo‘lni katta kurashlar bilan bosib o‘tdi. Har qanday sharoitda ham milliy qadriyatlarimizni, manfaatlarimizni himoyalashga harakat qildi.

Gazeta o‘zligidan uzoqlashmagan. Milliy qadriyatlarimiz, buyuk tariximizni eslatib turadigan, boshiga ko‘taradigan va bu tuyg‘ularni o‘z ijodlari orqali matbuot sahifalariga olib chiqadigan fidoyi ijodkorlar gazeta jamoasida hamma vaqt bo‘lgan.

Turli davr va yillar davomida bu gazetaga Akmal Ikromov, Sharof Rashidov, Ibrohim Rahim, Ziyod Yesenboyev, Maqsud Qoriyev singari mashhur davlat, jamoat arboblari va ijodkorlar Bosh muharrir bo‘lishgan.

G‘afur G‘ulom, Maqsud Shayxzoda, Oybek, Pirimqul Qodirov, Muhammad Yusuf, Sa’dulla Hakim, Azim Suyun, Safar Ostonov va boshqa ko‘plab taniqli publitsist, shoir, yozuvchilar ushbu tahririyatni boshqargan, ishlagan, gazetaning faol mualliflaridan bo‘lishgan.

Bu gazetada ishlab toblangan, tajriba orttirgan bir guruh jurnalist-publitsistlar davlat va jamiyat boshqaruvining turli bo‘g‘inlarida, mas’ul vazifalarda samarali mehnat qilgan. Shu ma’noda “O‘zbekiston ovozi” tahririyati mamlakat matbuotining o‘ziga xos kadrlar maktabi sifatida ham e’tirof etiladi.

Keyingi yillarda gazeta turli qiyinchiliklarni yengib o‘tib, emin-erkin faoliyat yuritmoqda, yangi rejalar tuzmoqda. Mamlakat boshqaruvini yanada demokratlashtirish, siyosiy plyuralizm, professional parlament, vakillik hokimiyatini mustahkamlash, huquqlar va imkoniyatlar tengligiga erishish, ijtimoiy birdamlik va himoya, inson qadr-qimmati kabi mavzular gazetaning asosiy prinsiplari bo‘lib qolmoqda.

Doim mas’uliyatli bo‘lishga undab turadigan yana bir omil – shubhasiz, “O‘zbekiston ovozi”, degan qutlug‘ nomdir.

Kecha tadbirda yig‘ilganlar ushbu dargohda ishlagan barcha ustozlarni, hamkasblarni, mualliflar va mushtariylarni gazeta faoliyatidagi tarixiy kun bilan qutlashdi!

Xalq demokratik partiyasi

Axborot xizmati