“Diplomatik rakurs” loyihasining navbatdagi mehmoni O‘mon Sultonligining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Vafo bint Jabr Nosir Al-Busaidiy xonim.
– Assalomu alaykum! Siz bilan suhbatlashib turganimdan g‘oyat mamnunman. Xorijlik diplomatning yurtimiz haqidagi mulohazalari o‘quvchilarimizni qiziqtirishi tabiiy. Sizga O‘zbekiston yoqdimi?
– Bu savolga ko‘p duch kelaman. Har safar O‘zbekiston haqidagi taassurotim haqida so‘rashganda, jo‘shqinlik bilan javob beraman.
O‘zbekiston – quyoshli, tarixan buyuk insonlar yashab o‘tgan, Buyuk ipak yo‘lidagi ajoyib, betakror, minglab asrlik an’ana va madaniyatga ega o‘lka.
Yurtingizdagi tarixiy obidalar, madaniy yodgorliklar, shoyi-ipak matolar-u, o‘ziga xos me’morchilik namunalari, hunarmandlar tomonidan yaratilgan bebaho san’at asarlariga sayyohlar e’tibori kun sayin ortayotgani sir emas.
Ayniqsa, azaliy mehmondo‘st xalqning iltifoti meni doim hayratlantiradi.
– O‘zbekiston Respublikasi va O‘mon Sultonligi o‘rtasidagi munosabatlarga to‘xtalsangiz.

– O‘mon Sultonligi va O‘zbekiston Respublikasi aloqalari tarix kabi qadimiy. Ulug‘ o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy aruz ilmidan bahs yuritilgan, turkiy tilda yaratilgan “Mezon ul-avzon” asarida o‘monlik olim, aruz ilmi asoschisi Xalil bin Ahmad Al-Farahidiyni alqab, u haqda iliq fikrlar bildirgan.
Yangi davrga kelsak, O‘mon O‘zbekiston mustaqilligini 1991 yil dekabrda tan oldi va 1992 yil 22 aprelda ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik aloqa o‘rnatildi. O‘zaro munosabatimiz doimiy o‘sish va rivojlanish sur’ati bilan ajralib turadi. Hamkorlik poydevorini marhum Sulton Qobus bin Said va marhum Prezident Islom Karimov 2009 yil oktyabr oyida Sultonlikka amalga oshirilgan rasmiy tashrif chog‘ida qo‘yishgan.
O‘mon Sultonligi va O‘zbekiston Respublikasi sherikligi ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro ishonch tamoyili, terrorizm, ekstremizm, qurol va giyohvand moddalar tarqalishiga qarshi pozitsiya, inson huquqi, atrof-muhit musaffoligi kabi xalqaro miqyosdagi dolzarb masalalar bo‘yicha qarashlar muvofiqligiga asoslangan.
2010 yil aprel oyida yurtingizda O‘mon Sultonligi elchixonasi ochilgandan keyin mamlakatlarimiz turli sohalardagi munosabatni mustahkamlashga jiddiy kirishdi. Ayniqsa, keyingi yillarda bu harakat yanada jadallashdi.
– O‘mon Sultonligi sarmoyasini O‘zbekistonga jalb etish va qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish borasidagi ijobiy yangiliklarni baham ko‘rsangiz?
– Bu yo‘lda salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Masalan, 2009 yil Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti yangi binosini qurishga hissa qo‘shish uchun marhum Sulton Qobus bin Saidning maxsus buyrug‘i chiqqan. Bu davlatimiz rahbarining din, fiqh, tarix, astronomiya, matematika va boshqa ilmlar rivojiga xizmat qilgan, diyoringizdan yetishib chiqqan olimlarga hurmat va e’tibor ramzi edi. 2018 yil mart oyida ushbu institut yangi binosi ochilish marosimida ishtirok etgan O‘mon delegatsiyasiga Oliy hazrat Sulton Haysam bin Toriq Ol Said rahbarlik qildi.
2010 yil tashkil etilgan, bugungi kunda investitsiya fondi aktivi 230 million dollardan oshgan yirik moliyaviy tuzilma – “UzOman Capital” O‘zbekistondagi 19 kompaniyaga sarmoya kiritdi. Ushbu korxona 2016-2017 yillar davomida mamlakat iqtisodiyotiga 200 million dollar qo‘shimcha mablag‘ yo‘naltirdi. 2019 yilga kelib, respublikada ko‘chmas mulk, investitsiya, konsalting va kapital bozori bo‘limlarini ochdi. Darvoqe, “UzOman Capital” 2020 yil investitsiya kompaniyalari orasida aktivlarni boshqarish bo‘yicha eng ilg‘or jamoa sifatida tan olindi.
Ushbu tuzilma yordami bilan O‘zbekistonda eng yirik bosmaxona va qadoqlash korxonalaridan biri tashkil etildi. Markaziy Osiyoda yirik metall konstruksiya uchun birinchi va yagona issiq galvanizatsiyalash zavodi ochildi. Mamlakatdagi eng yirik temir-beton buyumlari ishlab chiqarish zavodi qurildi. Yuqori sifatli meva va sabzavotni tayyorlash va qayta ishlash fabrikasi ishga tushirildi. Toshkent aeroporti yangi binosi, butun mamlakat temir yo‘llari uchun mo‘ljallangan mayda tosh (shag‘al) ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi zavodlardan biri qurila boshlandi.
O‘zbekistonda tashkil etilgan ilk moliya va lizing kompaniyasi orqali “UzOman” kompaniyasi endilikda kichik bitimlarni moliyalashtirmoqda.
O‘mon Sultonligi O‘zbekiston Xalqaro Islom akademiyasida 2019 yil 21 oktyabr kuni mushtarak qadriyatlarni, mamlakatlar, madaniyatlar, xalqlar o‘rtasida o‘zaro anglashuv va tinch-totuv yashashni targ‘ib qilish, nafrat va murosasizlikni rad etish maqsadida “Bag‘rikenglik, hamjihatlik va totuvlik: O‘mon Islom risolasi” nomli ko‘rgazma uyushtirdi.

2022 yil yanvar oyida O‘zbekiston Respublikasi va O‘mon sultonligi o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 4-yig‘ilishi videokonferensiya shaklida o‘tkazildi.
Ikki mamlakat tegishli vazirlik, idoralari rahbarlari ishtirok etgan tadbir kun tartibiga investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, ilmiy-texnologik hamkorlik, shuningdek turizm, transport, inson resurslari va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash sohalarida ikki tomonlama munosabatni yanada chuqurlashtirish masalalari kiritildi.
– O‘zbekiston va O‘mon hamkorligi istiqbolini qanday tasavvur qilyapsiz?
– Maskat Toshkent taklif etayotgan do‘stona tashabbuslarni qizg‘in qo‘llab-quvvatlaydi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi oqilona siyosatni qat’iy ma’qullaymiz. O‘mon Sultonligi ikki do‘st mamlakat, xalq taraqqiyot va yuksalishga erishishi yo‘lida samarali hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini mudom ta’kidlaydi.
Mamlakatimiz Sulton Haysam bin Toriq Ol Said rahbarligida “O‘mon nigohi-2040” dasturi asosida iqtisodiy raqobatbardoshlik va ijtimoiy farovonlikni oshirish, mukammal ta’lim tizimiga tayangan ma’rifatli jamiyat barpo etishga intilmoqda. Shuningdek, taraqqiyot strategiyasida uglerod muvozanatini o‘rnatish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, tabiiy boyliklardan samarali foydalanish talablari o‘rtasida muvofiqlikka erishish ham ko‘zda tutilgan.
O‘mon Sultonligining dunyo davlatlari tomonidan chizilgan timsoli mohiyatan tinchlik g‘oyasi bilan yo‘g‘rilgan. Davlatimiz haqida gapiradigan har kim, xoh yuqori martabali siyosatchi, xoh mutafakkir, ziyoli, jurnalist, hatto oddiy odam bo‘lsin, mamlakat ruhiy qiyofasini ko‘z oldiga keltiradi. Bu mamlakatimizning xalqlar o‘rtasidagi tinchlik, totuvlik maqsadiga xizmat qiladigan bag‘rikenglik va o‘zaro kelishuv haqiqatiga asoslangan, balandparvoz ta’rifdan xoli, xolis xalqaro e’tirofdir.
“O‘zbekiston-2030” strategiyasi besh ustuvor yo‘nalishida belgilangan 100 maqsad ham, xuddi shunday, fuqarolik jamiyatni rivojlantirish, iqtisodiy taraqqiyotga erishish, ta’lim, sud tizimini yaxshilashni qamrab olgan. Shu ma’noda “O‘mon nigohi-2040” va “O‘zbekiston-2030” strategiyalari o‘rtasida umumiy jihat ko‘p. Ikki davlat rahbarlari ko‘rsatmasi, o‘zaro e’tibori asosida xalqlarimiz farovonligini oshirish maqsadiga yo‘naltirilgan aloqa mustahkamlanayotgani quvonarli. Mushtarak manfaat o‘laroq, qishloq xo‘jaligi, sanoat, ma’rifat, ta’lim kabi sohalarda sheriklik darajasi yuksalayotganini alohida qayd etgan bo‘lardim.
Sultonlikdagi ilmiy muassasa, o‘quv yurti va markazlar bilan ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ikki tomonlama tajriba almashish maqsadida o‘zbekistonlik ilmiy xodimlar arab tilini mukammal o‘rganishi uchun talabalar safarlarini tashkil etish, memorandumlar imzolash mavzusi ham kun tartibidan joy olgan.
Bu islohotlarni yo‘lga qo‘yishda mendan avval faoliyat olib borgan elchilarimiz Muhammad Said Al-Lavotiy va Ahmad bin Said bin Umar Al-Kasiriy tamal toshini qo‘ygan.
– Nufuzli davlat ommaviy axborot vositalari qatori O‘mon axborot agentligi – ONA yangiliklarini O‘zA saytida muntazam e’lon qilib boramiz. Niyatimiz – kelajakda ONA va mamlakatingizning boshqa OAV bilan hamkorlik rishtasini bog‘lab, tajriba almashish, o‘zaro safar uyushtirish. Elchixona jamoasi bu boradagi rejalarga qanday qaraydi?
Shunday rishtalarni bog‘lash elchixonamizning ham asosiy maqsadlaridan biri sanaladi. Ikki davlat o‘rtasida barcha sohada hamkorlik qilish uchun keng imkoniyat yaratishga harakat qilamiz. Xususan, “ONA” hamda O‘zA o‘rtasida bitim imzolash, o‘zaro tajriba almashish maqsadida jurnalistlar xizmat safarini tashkil qilishga hissa qo‘shishdan mamnun bo‘lamiz.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/gYDCrgwiBes" title="Oʻzbekiston – Oʻmon: Tinchlik gʻoyasi bilan toʻyingan rishta" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muharrama Pirmatova, Doniyor Yoqubov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA