Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – O‘mon: noyob zanjirning 31 halqasi (+video)
14:23 / 2023-05-27

Geografik jihatdan dengiz yo‘lidan ayri O‘zbekiston uchun arab davlatlari bilan hamkorlik qilish Markaziy Osiyoda tranzit, transport va kommunikatsiya tarmog‘ini barpo etishda muhim rol o‘ynaydi.

“Xalqaro sharh” loyihasining bu galgi sonida Arabiston yarim oroli janubi-sharqiy qismida joylashgan O‘mon sultonligi va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikning muhim istiqboli haqida gaplashamiz. Suhbatdoshim – “Times of Oman” gazetasi Xalqaro aloqalar bo‘yicha maxsus muxbiri Ashok Purohit.

- Xayrli kech, janob Ashok! Dastavval tomoshabinlarimizga mamlakatingizning tarixi va madaniyati, davlat boshqaruvi tuzumi, afsonaviy shaharlari va mahalliy xalqning bugungi yashash turmush tarzi haqida qisqacha ma’lumot bersangiz.

- Avvalo, o‘zbek xalqiga o‘zimning samimiy salomimni yetkazmoqchiman. Albatta, mamlakatlarimizni umumiy madaniyat, din, an’ana va ma’naviy qadriyatlar birlashtirib turishi kishini quvontiradi. O‘mon sultonligining dunyo davlatlari tomonidan chizilgan ruhiy qiyofasi, mohiyatan, tinchlik g‘oyasiga yo‘g‘rilgan. O‘mon haqida gapirilganda, xoh yuqori martabali siyosatchi, xoh mutafakkir, ziyoli, jurnalist yoki oddiy odam bo‘lsin, shunday manzarani ko‘z oldiga keltiradi.

Qadim tarixga ega O‘mon sultonligining sohil qismi V-VI asrlarda Ahamoniylar xukmronligi ostida edi. VII asr o‘rtalarida arab xalifaligi tarkibiga kirgan mamlakatda islom dini keng tarqaldi. Hudud aholisi bir muddat portugallar va inglizlar mustamlakasi ostida ham yashagan. 1970 yil oxirida Masqat sultonining o‘g‘li Qobus bin Sayd Masqat sultonligi bilan O‘mon imomligini birlashtirib, O‘mon sultonligi tuzilganini e’lon qiladi. Mamlakat janubi-g‘arbidagi Dofar viloyatida milodning dastlabki asrlarida ravnaq topgan Al Balid, Rubat, Taki shaharlari, Xorrori porti xarobalari saqlanib qolgan.

Zamonaviy O‘monda Sho‘ro va Davlat kengashlaridan iborat O‘mon Kengashi maslahat organi mavjud, ijrochi hokimiyat vazifasini sulton va hukumat amalga oshiradi. Iqlimi tropik, hududining katta qismi cho‘l. Yer ostidan neft, tabiiy gaz, mis, xrom, marganets, qo‘rg‘oshin, oltin va kumush qazib olinadi.

Aholisining 90 foizdan ko‘prog‘i o‘monlik arablar, qolgani balujlar, forslar, Hindiston va Pokistondan, Afrika davlatlaridan kelganlar. Qariyb 5 millionga yaqin kishi istiqomat qiladigan O‘monning Masqat, Salala, Sur, Matrah kabi shaharlaridan xorijlik sayyohlarning qadami uzilmaydi.

Ayni payt sulton Haysam bin Toriq rahbarligida “O‘mon nigohi-2040” dasturi asosida iqtisodiy raqobatbardoshlik va ijtimoiy farovonlikni oshirish, mukammal ta’lim tizimiga tayangan ma’rifatli jamiyat barpo etishga intilib kelmoqdamiz.

- O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasida 1992 yil 22 aprelda diplomatik munosabat o‘rnatilgan. Masqat shahrida O‘zbekiston, Toshkentda O‘mon elchixonasi faoliyat olib bormoqda. So‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqani faollashtirish, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, investitsiya jalb etish, qo‘shma loyihalar amalga oshirish bo‘yicha samarali ishlar qilinmoqda. Shu xususda fikrlaringiz qanday?

- Bilasizmi, Arab mamlakatlari Markaziy Osiyo uchun O‘rta Yer, Qizil va Arab dengizlari, Suvaysh kanali va Fors ko‘rfazi orqali jahon bozoriga chiqish yo‘lidagi tranzit vazifasini o‘taydi.

2016 yil 23 aprel kuni Eron Islom Republikasi, O‘mon sultonligi, Turkmaniston va O‘zbekiston Respublikasi hukumatlari o‘rtasida xalqaro transport va tranzit yo‘lagi yaratish to‘g‘risidagi Bitim kuchga kirgan. Hozir mazkur Ashxobod shartnomasi doirasida “Rossiya – Qozog‘iston – O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – O‘mon – Hindiston” submintaqaviy transport yo‘lagi shakllantirilmoqda. Bu sa’y-harakat Markaziy Osiyo mamlakatlari va Fors ko‘rfazi portlari orqali tovarlarni uzluksiz tashish, tranzit uchun ishonchli transport yo‘lagi yaratishga yo‘naltirilgan.

Hamkorligimiz doirasida umumiy qiymati, qariyb, 200 million dollarga teng investitsiya loyihasini amalga oshirayotgan “UzOman Capital” investitsiya kompaniyasi faoliyati e’tiborga loyiq. 2020 yil dekabr oyida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Sulton Qobus universiteti o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolanib, o‘zaro munosabat yo‘lga qo‘yilgan.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/UKHwqBFhgXY" title="O‘zbekiston – O‘mon: noyob zanjirning 31 halqasi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Shu o‘rinda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan oqilona siyosatni alohida ta’kidlamoqchiman. Nufuzli xalqaro tashkilotlar hamda ekspertlar chuqur e’tirof etganidek, yangi davrda xalq farovonligini yuksaltirishga yo‘naltirilgan dadil islohotlar amalga oshirildi va oshirib kelinmoqda. Ikki do‘st mamlakat taraqqiyot va yuksalish sari samarali hamkorlikni davom ettirishiga ishonamiz.

- Sport sohasida ham mamlakatlarimiz o‘rtasida aloqalar mavjud. Xususan, yaqin o‘tgan yillar mobaynida O‘zbekiston va O‘mon sultonligi Milliy olimpiya qo‘mitalari hamda Ot sporti va yilqichilik federatsiyalari o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolangan bo‘lib, bu yo‘lda izchil ish olib borilmoqda. Bu borada nima deya olasiz?

- Bugungi kunda har qanday mamlakatning dunyo sahnasiga chiqishida sport muhim ahamiyatga ega. Keyingi yillarda sportda qo‘lga kiritilgan yuqori natijalar tufayli O‘zbekiston xalqaro reytingda o‘ziga xos mavqega ko‘tarilib oldi. Ayniqsa, shaxmat, boks va yoshlar futbolida erishilayotgan g‘alabalar tahsinga loyiq.

Yuqorida ta’kidlab o‘tganingizdek, O‘zbekiston va O‘mon sultonligi MOQlari o‘rtasida 2021 yil 26 mart kuni hamkorlik memorandumi imzolangan. Ushbu hujjat bugungi kunda sportchi va hakamlar mahoratini oshirish, tajriba almashish, ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida turli dasturlarni amalga oshirishda asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Umuman, O‘mon O‘zbekiston bilan sport sohasidagi hamkorlik ko‘lamini yanada faollashtirish tarafdori. Qo‘shimcha sifatida aytishim mumkinki, neft va gaz, kimyo, energetika va elektrotexnika sanoati, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, turistik almashinuv dasturlarini birgalikda yo‘lga qo‘yish, yo‘lovchi va yuk oqimini kengaytirish, OAV sohasi bo‘yicha madaniy almashinuvni kuchaytirish uchun imkoniyatlarimiz bisyor.

- Qisqa va mazmunli muloqot uchun tashakkur, janob Ashok. O‘ylaymanki, suhbatimiz ko‘pchilik uchun foydali bo‘ladi. Sizni O‘zA jamoasi bilan bevosita uchrashuvlarda ham kutib qolamiz. Salomat bo‘ling!

O‘tkir ALIMOV suhbatlashdi.  

O‘zA