Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – O‘mon: Iqtisodiy hamkorlikning yangi sahifasi
16:03 / 2026-03-10

So‘nggi yillarda O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar yangi mazmun kasb etib, savdo, logistika va investitsiya yo‘nalishlarida strategik hamkorlik rivojlanib bormoqda. Markaziy Osiyo va Fors ko‘rfazi mintaqalarini bog‘lovchi ushbu sheriklik nafaqat tovar ayirboshlash hajmini oshirish, balki transport yo‘laklarini kengaytirish, qo‘shma sanoat loyihalarini amalga oshirish hamda kapital oqimini jadallashtirish orqali mintaqalararo iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirishga xizmat qilmoqda.

Qayd etish kerakki, diyorimizning ochiq iqtisodiyotga o‘tish siyosati va O‘monning global investitsiya markazi sifatidagi salohiyati ikki o‘lka hamkorligini yangi bosqichga olib chiqadigan muhim omil sifatida namoyon bo‘lmoqda, deyish mumkin.

Tahlilchi Shahzoda Ostonova fikricha, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar, eksport geografiyasini kengaytirish va tashqi savdoni diversifikatsiya qilish siyosati O‘mon Sultonligi bilan iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish uchun yangi imkoniyatlarni yuzaga chiqarmoqda.

Bugungi kunda yurtimizdan O‘mon bozoriga asosan, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va kimyo sanoati mahsulotlari yetkazib berilmoqda. Xususan, paxta tolasi, ip-kalava, tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlari, shuningdek quritilgan mevalar va boshqa oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talab barqaror ravishda ortib bormoqda. Eksport tarkibida to‘qimachilik mahsulotlari 30-35 foiz, qishloq xo‘jaligi hamda oziq-ovqat mahsulotlari esa 25-30 foiz ulushni egallaydi. Bu esa O‘zbekistonning an’anaviy eksport yo‘nalishlari O‘mon bozorida ham raqobatbardosh ekanini ko‘rsatadi.

O‘mon esa respublikamizga asosan kimyo sanoati mahsulotlari, neft-kimyo xomashyosi va turli sanoat materiallari yetkazib bermoqda. Mazkur mahsulotlar ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasining 15-20 foizini tashkil etadi. Shu tariqa iqtisodiy aloqalar asta-sekin diversifikatsiya qilinib, o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni faollashtirish maqsadida muntazam ravishda rasmiy uchrashuvlar, biznes forumlar va tadbirkorlar muloqotlari tashkil etilmoqda. Xususan, 2025-yil avgust oyida Maskat shahrida O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov hamda O‘mon savdo, sanoat va investitsiyalarni rag‘batlantirish vaziri Qays bin Muhammad Al-Yusuf o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida savdo hajmini ko‘paytirish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda tadbirkorlik aloqalarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Tashrif doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi O‘monning yirik investitsiya tuzilmasi —“Oman Investment Authority” rahbariyati bilan ham uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralarda sanoat ishlab chiqarishi, moliya sektori, oziq-ovqat sanoati, turizm va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, O‘mon kapitalini O‘zbekiston iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlariga jalb etish hamda qo‘shma korxonalar tashkil etish masalalarida ham o‘zaro kelishuvlarga erishildi.

Hamkorlikni rivojlantirishda biznes doiralari o‘rtasidagi muloqot ham muhim o‘rin tutmoqda. Xususan, O‘zbekiston – O‘mon biznes forumida 50 dan ortiq kompaniya vakillari ishtirok etib, oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi, axborot texnologiyalari, turizm hamda sanoat ishlab chiqarishi yo‘nalishlarida yangi loyihalarni muhokama qildi. Forum doirasida o‘tkazilgan B2B uchrashuvlari natijasida qator savdo kelishuvlari va istiqbolli shartnomalar bo‘yicha muzokaralar olib borildi.

Ekspertlar fikricha, ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy sheriklik hali to‘liq salohiyatini namoyon etgani yo‘q. O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi yirik sanoat va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchisi sifatida O‘mon bozoriga turli mahsulotlarni yetkazib berish imkoniyatiga ega. O‘mon esa Fors ko‘rfazi hududidagi muhim moliyaviy va investitsiya markazlaridan biri sifatida yurtimiz iqtisodiyotiga kapital jalb qilishda muhim hamkor bo‘lishi mumkin.

Umuman olganda, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar hozircha rivojlanish bosqichida bo‘lsada, mavjud iqtisodiy imkoniyatlar va o‘zaro manfaatlar ushbu sheriklikni yanada kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratmoqda. Savdo hajmini oshirish, qo‘shma investitsiya loyihalarini yo‘lga qo‘yish hamda biznes hamkorlikni chuqurlashtirish orqali ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik kelgusida yanada barqaror va samarali tus olishi kutilmoqda.

Musulmon Ziyo, O‘zA