Yaqinda poytaxtimizda O‘zbekiston – O‘mon ayol tadbirkorlari II-biznes forumi o‘tkazildi. Ushbu tadbir o‘monlik tadbirkor ayollarning 19-22 oktyabr kunlari yurtimizga amalga oshirilgan tashrifi doirasida uyushtirildi.
Anjumanda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Shahlo Ibragimova, O‘mon Savdo-sanoat palatasi direktorlar kengashi a’zosi, “Funun Hospitality and Project Management LLC” kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi Siham bint Ahmad Al-Harsiya hamda ikki o‘lkaning 100 dan ortiq faol tadbirkor ayollari ishtirok etdi.

Yig‘in doirasida mamlakatlarimiz iqtisodiyotining ustuvor yo‘nalishlari – savdo, investitsiya, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi imkoniyatlar muhokama qilinib, ayollar biznesini qo‘llab-quvvatlash, innovatsion g‘oyalarni amalga oshirish va yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish yuzasidan taklif va tashabbuslar ilgari surildi. Ayniqsa, B2B va G2B formatlaridagi uchrashuvlar ishtirokchilarga qo‘shma loyihalarni muhokama qilish, aniq yo‘nalishlarda sherik topish va amaliy shartnomalar imzolash imkonini berdi, deyish mumkin.

Tashrif davomida o‘monlik mehmonlar “Miss Lighting” MCHJ korxonasi hamda “Nova School” xususiy ta’lim muassasasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, delegatlar Toshkent viloyati hokimligi, O‘zbekiston Markaziy banki, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Migratsiya agentligi kabi bir qator vazirlik va idoralar rahbariyati bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.

Aytish mumkinki, mazkur konferensiya nafaqat ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, balki O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi do‘stona, strategik va barqaror munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim platforma vazifasini o‘tadi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA