Polsha Respublikasining Varshava shahrida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) tomonidan insoniylik mezonlariga bag‘ishlangan an’anaviy “WarsawHuman Dimension Conference 2025” xalqaro konferensiyasi o‘z ishini boshladi.
Tadbir YeXHT doirasidagi eng yirik inson huquqlari forumi bo‘lib, unda tashkilotga a’zo 57 davlat, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi, shuningdek, YeXHTning institutlari, milliy inson huquqlari tashkilotlari, fuqarolik jamiyati vakillari hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etmoqda.
Konferensiyada inson huquqlari, qonun ustuvorligi, so‘z erkinligi, gender tengligi va qiynoqlarning oldini olish masalalari yuzasidan fikr almashish, milliy institutlar faoliyatidagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish hamda mamlakatlar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilinmoqda.
Konferensiyaning “Qonun ustuvorligi: qiynoqlar va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va jazo turlarining oldini olish hamda ularni bartaraf etish” mavzusidagi 4-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova ma’ruza qildi.
Mamlakatimiz qiynoqqa qarshi o‘zining mustahkam pozitsiyasiga ega ekanligi ta’kidlandi. Davlatimiz rahbarining qaroriga muvofiq tuzilgan jamoatchilik guruhlari bilan birgalikda penitensiar muassasalarga o‘tkazilayotgan monitoring tashriflarining ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur sessiyada YeXHT ishtirokchi davlatlari va milliy inson huquqlari institutlari qiynoqlarning oldini olish, milliy preventiv mexanizmlar samaradorligini oshirish, jazoni ijro etish muassasalari faoliyatida ochiqlik va hisobdorlikni ta’minlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Aytib o‘tish kerakki, Varshava konferensiyasi inson huquqlari sohasida davlatlar va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi muloqotni samarali tashkil etish, milliy tajribalarni taqqoslash va xalqaro standartlarni samarali joriy etish uchun muhim minbar hisoblanadi.
N.Abduraimova, O‘zA