Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatimizning xalqaro zaxiralari 1 dekabr holatiga 61,23 milliard dollarga yetdi. Bu 2013 yildan beri eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
Noyabr oyida zaxiralar 1,9 milliard dollarga (+3,2%) oshgan, yil boshidan esa umumiy o‘sish 20 milliard dollar (+48,7%)ni tashkil etdi.
Jahon bozorida oltin narxi bir unsiya uchun 4013,2 dollardan 4159,4 dollarga (+3,6%) qimmatladi. Bu o‘zgarish zaxiralarga taxminan 1,8 milliard dollar qo‘shimcha qiymat qo‘shdi. Oltinning fizik hajmi ham noyabrda 9,64 tonnaga oshib, 380,4 tonnaga yetdi.
Oltin zaxiralarining umumiy qiymati 50,86 milliard dollarga yetib, barcha zaxiralarning 83 foizini tashkil etmoqda.
Zaxiralarning valyuta qismi 1,1 milliard dollarga kamayib, 9,8 milliard dollarni tashkil etdi. Qimmatli qog‘ozlar portfeli esa 503,3 million dollarga oshib, 1,53 milliard dollarga yetdi.
Markaziy bankning ma’lum qilishicha, xalqaro zaxiralar milliy valyuta barqarorligi, tashqi qarzlar bo‘yicha majburiyatlar, importni ta’minlash va tashqi iqtisodiy xatarlarga qarshi muhim himoya vositasi bo‘lib xizmat qiladi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA