Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston oliy harbiy ta’lim muassasalarida kursantlar qasamyod qabul qildi
17:08 / 2025-09-01

1 sentyabr kuni joriy yilda Mudofaa vazirligi oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilingan birinchi bosqich kursantlarining tantanali “Vatanga qasamyod” tadbirlari bo‘lib o‘tdi.

Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetida mazkur muassasaga yangi qabul qilingan kursantlar Vatanga qasamyod qabul qildi.

Tantanali tadbirda mudofaa vaziri general-leytenant Shuhrat Xolmuhamedov, Mudofaa vazirligi Jamoatchilik kengashi a’zolari, harbiy xizmatchilar, ota-onalar va kursantlar ishtirok etdi. So‘zga chiqqanlar kursantlarni ona Vatanni qo‘riqlash kabi sharafli kasbni egallash yo‘lidagi ilk qadamlari bilan qutladi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetining Quruqlikdagi qo‘shinlar institutida ham kursantlar Vatanga qasamyod keltirish uchun saf tortdi.

Shu bilan birga, Harbiy aviatsiya instituti, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti hamda Harbiy tibbiyot institutida ham “Vatanga qasamyod” tantanalari yuqori saviyada o‘tkazildi.

Institutlarda o‘tkazilgan marosimlarda keng jamoatchilik vakillari yurtimizda harbiy xizmatchilar uchun yaratilayotgan sharoitlar, ularning ijtimoiy himoyasi yo‘lidagi islohotlar haqida gapirar ekan, barchaning o‘qish va keyingi xizmatlariga muvaffaqiyatlar tiladi.

Kursantlar davlatimizning muqaddas ramzi bo‘lgan bayroqni o‘pib, buyuk ajdodlarning pok ruhlari, Vatani oldidagi burchini halol bajarishga bel bog‘lab, vijdoni, or-nomus va sha’nini o‘rtaga qo‘yib, O‘zbekiston Respublikasiga, xalqiga va Prezidentiga bir umr sodiq bo‘lishga, har qanday mashaqqatli sinov va qiyinchiliklarda ham el-yurtining yuksak ishonchini oqlashga yaqinlari va keng jamoatchilik guvohligida tantanali ravishda ont ichdi.

O‘zA