O‘zbekiston notariati nafaqat ishonchli, balki zamonaviy tizimga aylanib, fuqarolarga katta qulayliklar yaratmoqda.
Bunda notariat sohasining tubdan isloh qilingani, ya’ni tizimda xususiy notariuslar faoliyati yo‘lga qo‘yilgani uning yangicha shakl va mazmunda, xalqaro talablar darajasida shakllanishida muhim ahamiyat kasb etdi.
Qo‘pol, kibrga berilgan, ta’magirlik qiladigan yoki soxta hujjatlar bilan birovning mulkini o‘zlashtirishga sherik bo‘ladigan notariuslarni bugun kunduz kuni chiroq yoqib ham topib bo‘lmaydi. Vaholanki, bir necha yilgina oldin notariuslar ko‘pchilikda shunday taassurot qoldirar edi.
Bugun esa sohada ochiqlik to‘la ta’minlanmoqda. Notariuslarni faqat qonuniy faoliyat yuritishga undayotgan O‘zbekiston Notarial palatasi har bir notariusning harakatini onlayn kuzatib boradi. Adliya vazirligi mutaxassislari bilan hamkorlikda yaratilgan “E-notarius” axborot tizimi bunga imkon yaratdi.
Sohaga bilimli, halol, xalqqa sidqidildan xizmat qiladigan kadrlar tanlab olingani ham tizimning tubdan o‘zgarishiga sabab bo‘ldi. Ayni paytda mingga yaqin xususiy notariuslar faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, ular nafaqat notarial harakatlarni amalga oshirish, balki aholining huquqiy madaniyatini oshirishga ham e’tibor qaratmoqda.

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Olmos” dam olish maskanida notariat sohasidagi islohot va yangiliklar, xalqaro aloqalarni yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada shular haqida so‘z yuritildi.
Tadbir uchun bu maskan tanlangani bejiz emas. Bu yerga respublika bo‘yicha eng faol notariuslar taklif etilib, ularning hordiq chiqarishiga, shu bilan birga xalqaro miqyosdagi mutaxassislar bilan onlayn muloqot qilishiga hamda ularning o‘zaro tajriba almashishiga sharoit yaratildi.
Xalqaro konferensiyani kirish so‘zi bilan ochgan O‘zbekiston Notarial palatasi raisi Dilshod Ashurov notariat sohasi har tomonlama rivoj topayotgani aholiga sifatli xizmat ko‘rsatishga xizmat qilayotganini qayd etdi.
O‘zbekiston Notarial palatasining qisqa vaqtda Butunjahon Notariuslar ittifoqiga a’zo bo‘lgani eng katta yutuqlardan biri bo‘ldi.
Notariat sohasining raqamlashtirilgani katta qulayliklar yaratdi. “E-notarius” axborot tizimining ishga tushirilgani tufayli ortiqcha ovoragarchiliklar, byurokratik to‘siqlar barham topdi.
Bu tizim orqali notarial harakatlar uchun to‘lovlarni avtomatik tarzda hisoblash va elektron to‘lovlarni o‘tkazish, ularni tasdiqlovchi xabarlar yuborish hamda idoralararo elektron axborot almashish yo‘lga qo‘yildi.
Notarial harakatlarning axborot tizimida majburiy qayd etilishi va hujjatga takrorlanmaydigan maxsus raqam berilishi suiiste’molchiliklarning oldini olmoqda.

2022 yil birinchi yarim yili davomida notariuslar tomonidan ko‘chmas mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish bilan bog‘liq 156 ming 230 shartnoma rasmiylashtirildi. Avtomashina oldi-sotdisi bilan bog‘liq 600 mingga yaqin shartnoma qayd etildi. 7 mingga yaqin vasiyatnoma rasmiylashtirildi.
Palata raisining aytishicha, notariusning xato qilishga haqqi yo‘q. Talab darajasida ishlamaydigan, aholining haqli e’tiroziga sabab bo‘ladigan harakatlar sodir etgan notariusga sohada o‘rin yo‘q. Bunday notariuslar litsenziyasi bekor qilinadi.
Tadbir ishtirokchilaridan biri, To‘rtko‘l tumanida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius Zebo Kamolova sohaning raqamlashtirilgani katta qulaylik yaratganini ta’kidladi. Chekka qishloqlarda yashovchi fuqarolar ham notarius huzuriga kelishdan oldin onlayn navbatga yozilishni odat qilmoqda. Eng muhimi, qog‘ozbozlikka chek qo‘yilgani odamlar uchun ham, notarius uchun ham katta qulaylik yaratdi. Hozirgi kunda “Notarius” axborot tizimi 15 dan ortiq davlat idoralari bilan integratsiya qilindi. Bu notariuslarning fuqarolarga “Yagona darcha” tamoyili asosida xizmat qilishiga imkoniyat yaratdi.
Tadbirda Litva, Belarus, Ozarbayjon notarial palatalari prezidentlari onlayn ishtirok etib, o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
O‘zbekiston notarial palatasi bo‘limi boshlig‘i Zuhra Musayeva er-xotinning umumiy mulkdagi ulushi, Zangiota tumanida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius Zuhra Osmanova meros huquqi, Buxoro tumanida xususiy
amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius Maryam Aslanova dalillarni ta’minlash mavzularida ma’ruza qildi.
Ishtirokchilar o‘rtaga tashlangan mavzular bo‘yicha fikr almashdi.
Norgul Abduraimova, O‘zA