Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston Notarial palatasiga ISO sertifikati topshirildi
14:25 / 2025-09-11

Bugun “Crowne Plaza Tashkent” mehmonxonasida O‘zbekiston Notarial palatasiga Xalqaro standartlashtirish tashkiloti (ISO)ning sertifikatlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Notarial palata raisi Dilshod Ashurov ISOning vakili — Avstriya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi tijorat maslahatchisi Rudolf Lukavskining qo‘lidan ISO 37001:2016 standarti hamda ISO 9001:2016 standarti bo‘yicha sertifikatlarni qabul qilib oldi.

Ma’lumot uchun: ISO 37001:2016 standarti – bu xalqaro darajada qabul qilingan korrupsiyaga qarshi menejment tizimi hisoblanadi. U tashkilotlarda pora olish va berish holatlarini oldini olish, aniqlash va bartaraf etish uchun samarali nazorat va boshqaruv mexanizmlarini joriy etishni nazarda tutadi.

ISO 37001 sertifikati:

  • tashkilotning korrupsiyaga qarshi qat’iy siyosat yuritishini tasdiqlaydi;
  • shaffoflik va halollik tamoyillariga rioya etilishini ko‘rsatadi;
  • xalqaro hamkorlar va investorlar ishonchini oshiradi;
  • biznes jarayonlarini jahon andozalariga moslashtirishga xizmat qiladi.

Ushbu sertifikatga ega bo‘lgan tashkilotlar o‘z faoliyatida “korrupsiyadan xoli va shaffof” tamoyillariga sodiq ekanini namoyon etadi. 

ISO 9001:2016 xalqaro sifat menejmenti tizimining (QMS) standarti bo‘lib, u yuqori sifatli mahsulot yoki xizmatlar, mijozlar ehtiyojini qondirish va doimiy takomillashtirishni ta’minlash uchun tashkilot o‘z jarayonlarini qanday boshqarishi kerakligi haqidagi talablarni belgilaydi.

O‘zbekiston Notarial palatasi mamlakatimizdagi nodavlat notijorat tashkilotlari orasida mazkur sertifikatlarni qo‘lga kiritgan ilk tashkilot bo‘ldi. 

 — Biz tizimda 2019 yil Prezident farmonida belgilangan islohotlar bilan boshlangan ochiqlik, shaffoflik va korrupsiyadan xoli faoliyat tamoyillarini izchil davom ettirib kelmoqdamiz. Shunisi ham muhimki, 2021 yilda Adliya vazirligi davlat organlari orasida birinchilardan bo‘lib ISO 9001:2015 sifat menejmenti tizimi xalqaro standarti sertifikatini qo‘lga kiritgan edi. Bugun, oradan besh yil o‘tib, Notarial palata mazkur sertifikatlarni qo‘lga kiritgan ilk nodavlat notijorat tashkiloti sifatida tarixga kirdi, — dedi Notarial palata raisi Dilshod Ashurov.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston Notarial palatasining tizimni shaffoflashtirish borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadilar.

O‘zA