Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston Notarial palatasiga — 6 yil
09:48 / 2026-01-22

22 yanvar kuni O‘zbekiston Notarial palatasi tashkil topganiga 6 yil to‘ldi. Xo‘sh, ushbu yillar mobaynida Palataning tashkil etilishi o‘zini oqladimi?

Avvalo, Palata a’zolari soni sezilarli darajada oshdi. Tashkil etilgan dastlabki davrda 800 ga yaqin notariusni birlashtirgan Palata bugungi kunda 1123 nafar xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslarni qamrab olmoqda. Barcha a’zolarning to‘liq fuqarolik javobgarligi sug‘urtalangan.

Notariuslarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yuristlar malakasini oshirish markazi (hozirda YUMOI) orqali har uch yilda malaka oshirish tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, sohadagi qonunchilik yangiliklari muntazam o‘rgatib borilmoqda.

Shuningdek, notariuslarning xorijda malaka oshirish amaliyoti keng yo‘lga qo‘yildi. Shu davr mobaynida 158 nafar notarius xalqaro konferensiya, seminar va kurslarda ishtirok etib, tajriba almashib qaytdi. 7 nafar notarius Xalqaro notariuslar ittifoqi universitetida tahsil olib, tegishli sertifikatlarga ega bo‘ldi.

Bugungi kunda 3 nafar notarius yuridik fanlar bo‘yicha falsafa fanlari doktori (PhD) unvonini olgan, 10 nafardan ortiq notarius esa ilmiy daraja olish ustida izlanish olib bormoqda.

Palata tashkil etilgan ilk kunlardanoq xalqaro maydonga chiqish, notariat tizimini zamonaviy va ilg‘or tizimga aylantirish hamda mamlakat nufuzini oshirish yo‘lida izchil faoliyat olib bormoqda. Bu borada xalqaro yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar alohida e’tirofga loyiq.

Xalqaro faoliyat xronikasi:

  • 2021 yil dekabr — O‘zbekiston Notarial palatasi Xalqaro notariuslar ittifoqiga a’zo bo‘ldi;
  • 2023 yil fevral — Palata raisi D. Ashurov XNIning Xalqaro notarial hamkorlik komissiyasi a’zosi etib saylandi;
  • 2023 yil iyul — D. Ashurov 2024 yil uchun XNIning Osiyo ishlari bo‘yicha Kengashi prezidenti etib saylandi;
  • 2023 yil noyabr — D. Ashurov XNI Bosh Kengashi a’zosi bo‘ldi;
  • 2025 yil dekabr — D. Ashurov XNI Boshqaruv qo‘mitasi a’zoligiga saylandi.

Ayni paytda O‘zbekiston Notarial palatasi Xalqaro notariuslar ittifoqiga a’zo bo‘lgan 75 ta davlat bilan yaqin hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Germaniya, Fransiya, Xitoy, Rossiya, Braziliya, Turkiya, Qozog‘iston va boshqa qator davlatlar bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi.

Shuningdek, Palata tashabbusi bilan Turkiy tilli davlatlar notarial palatalari tashkiloti tuzilib, o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolandi. Xitoy Xalq Respublikasi bilan “Bir makon — bir yo‘l” tashabbusi doirasida hamkorlik memorandumi qabul qilindi. Bu kelishuvlar ilg‘or xorijiy tajribani joriy etish va o‘zbek notariati tajribasini xalqaro miqyosda ommalashtirishga xizmat qilmoqda.

2023–2025 yillarda O‘zbekistonda xalqaro darajada 6 ta yirik konferensiya o‘tkazilib, qariyb 3 ming nafar xorijlik notarius mamlakatimizga tashrif buyurdi. Bu esa nafaqat notariat sohasi, balki turizm rivojiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.

O‘zbekiston notariuslari yuzdan ortiq xalqaro kongress, konferensiya va simpoziumlarda ishtirok etib, ilg‘or tajribalarni o‘rgandi hamda sohani rivojlantirish bo‘yicha qator takliflar kiritdi.

Qonunchilik yo‘nalishida so‘nggi yillarda Adliya vazirligi bilan hamkorlikda notariat tizimini takomillashtirishga qaratilgan muhim qadamlar qo‘yildi. Natijada notarial xizmatlar sifati oshdi, qonuniylik mustahkamlandi va aholining notariuslar faoliyatiga bo‘lgan ishonchi yuksaldi.

2020–2025 yillarda Palata tomonidan qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan 750 ta taklif berildi. Ulardan 91 tasi kodekslarga, 196 tasi qonunlarga, 463 tasi boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga taalluqlidir.

2024 va 2025 yillarda Shahrisabz va Namangan shaharlarida O‘zbekiston notariuslarining I va II Milliy kongresslari o‘tkazilib, meros va ko‘chmas mulk sohasidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Prezidentning 2025 yil 9 sentyabrdagi qaroriga muvofiq, notariat tizimini raqamlashtirish va masofaviy notarial harakatlar sonini oshirish ishlari izchil davom ettirilmoqda. Xususan, 2027 yil sentyabrga qadar onlayn amalga oshiriladigan notarial harakatlar soni 24 taga yetkazilishi belgilangan.

Targ‘ibot va aholi bilan muloqot yo‘nalishida OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Telegram, Facebook, YouTube va Instagram orqali onlayn maslahatlar, jonli efirlar tashkil etilgan. Bugun ushbu platformalarda aholiga muntazam huquqiy maslahatlar berib borilmoqda va fuqarolarning huquqiy bilimi oshishiga ko‘maklashilmoqda.   Palata qoshida tashkil etilgan “Faol notariuslar” guruhi tomonidan yuqoridagi Chat va sahifalarda o‘zbek va rus tillarida onlayn huquqiy tushuntirishlar berib borilmoqda. Notariuslar, shuningdek, “Facebook” ijtimoiy tarmog‘ida jonli efirda har kuni efirga chiqishlari tashkil etilgan bo‘lib, aholi o‘zini qiziqtirgan barcha savollarga javoblar olishi ta’minlangan.

2021-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, “Madad”NNT va “Yuksalish” umummilliy harakati bilan hamkorlikda o‘tkazilgan 20 dan ziyod aksiyalarda ishtirokchilarga tarqatish va aholining huquqiy bilimini yuksaltirishga ko‘maklashish maqsadida hayotiy muhim savollarga mutaxassislar javoblarini o‘z ichiga olgan 6 ta “Savol bering – javob beramiz” deb nomlangan broshyura bosmadan chiqarildi. Kitobxonlar uchun ommabop “Notarius kundaligi” kitobi chop etildi.

2021 yildan Palata muassisi bo‘lgan “Notarius maslahati” gazetasi chop etilmoqda. 

Ijtimoiy tashabbuslar va aholi bilan ishlash tizimi ham takomillashtirildi. 5 yil davomida 18 966 ta murojaat qabul qilinib, ularning aksariyati bo‘yicha ijobiy yechimlar topishga erishildi. Hozirda murojaatlar soni kamaygani tizim samaradorligidan dalolat beradi.

Notarial palata ijtimoiy loyihalarni tizimli amalga oshirib kelmoqda. Oxirgi yillarda yuzdan ortiq aksiyalar o‘tkazilib, minglab fuqarolarga bepul yuridik maslahatlar berildi. Mobil chiqishlar orqali aholiga masofadan bepul notarial qabullar tashkil qilindi.

Kadrlar tayyorlash yo‘nalishida mamlakatdagi barcha yuridik ta’lim muassasalari bilan hamkorlik memorandumlari imzolangan. “Bo‘lajak notariuslar klubi” faoliyat yuritib, 1313 nafar talaba notarial idoralarda amaliyot o‘tamoqda.

Etirof

Notarial palata, Palata rahbariyati va xodimlari respublika darajasida quyidagi mukofotlar bilan taqdirlangan:

  • 2021 — “Eng namunaviy jamoat birlashmasi”;
  • 2022 — “Eng faol NNT”;
  • 2023 — “Huquqni muhofaza qilish uchun mukofot”;
  • 2024 — ikki xodim “Huquqiy targ‘iboti a’lochisi”, bir xodim “Adliya a’lochisi” ko‘krak nishoni sohibi bo‘ldi.
  • 2025 — bir xodim “Adliya a’lochisi” ko‘krak nishoni sohibi bo‘ldi.

Bu mukofotlar notariatning qonuniylik va fuqarolarga xizmatdagi ahamiyatini namoyon qiladi.

Xulosa

O‘zbekiston Notarial palatasining 6 yillik faoliyati shuni ko‘rsatadiki, uning tashkil etilishi to‘liq o‘zini oqladi. Qisqa vaqt ichida Palata zamonaviy, ochiq va samarali institut sifatida shakllanib, notariat tizimini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqdi. Kadrlar salohiyatining oshishi, qonunchilikni takomillashtirishdagi faol ishtirok, xalqaro maydondagi nufuzli o‘rin, raqamlashtirish jarayonlarining jadal kechayotgani va aholi bilan samarali muloqot yo‘lga qo‘yilgani buning yaqqol isbotidir.

Eng muhimi, notarial xizmatlar aholi va tadbirkorlik sub’ektlari uchun yanada qulay, tezkor va ishonchli bo‘ldi. Oldinda turgan vazifalar — raqamli notariatni to‘liq joriy etish, xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish va huquqiy xizmatlar sifatini oshirish — Palataning kelgusi faoliyati uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zA