Germaniyaning Frankfurt shahrida o‘tkazilayotgan "Frankfurter Buchmesse” xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasida o‘zbek adabiyotining sara namunalari O‘zbekiston ekspozitsiyasida namoyish qilinmoqda.
Ushbu nufuzli ko‘rgazma dunyodagi eng yirik va muhim xalqaro tadbirlardan hisoblanadi. U 1949 yildan buyon mualliflar, nashriyotlar, matbaa korxonalari, kitob savdosi tashkilotlari, adabiy agentliklar va kitob ixlosmandlarini bir manzilda, ya’ni Frankfurt shahrida jamlaydi.

Joriy yilgi ko‘rgazmada 92 dan ortiq davlatdan kelgan ishtirokchi kompaniyalarning ko‘rgazma stendlari namoyish qilinyapti.
140 dan ortiq davlatning ekspertlari, ming nafardan ziyod asar mualliflari qatnashayapti. Ko‘rgazma-yarmarkaga 230 mingdan ortiq kitob ixlosmandlari tashrif buyurishi kutilmoqda.

Mazkur xalqaro tadbirning faxriy mehmoni Filippin davlati bo‘lib, o‘zining madaniyati, adabiyoti, san’ati hamda kitob sanoatining so‘nggi yutuqlari haqida taqdimot qiladi.

O‘zbekiston ekspozitsiyasida "O‘zbekiston", "Yangi asr avlodi", "Credoprint", "Asian book house", "Global books", "Yoshlar matbuoti", "Dunyo nashr", "Kitob sayyorasi", "Yosh kuch" nashriyoti hamda "O‘zdavkitobsavdo" tashkiloti vakillari, mualliflar (bolalar yozuvchisi Madina Mo‘minova) o‘zbek adabiyoti namunalarini namoyish qilish bilan bir qatorda, chet ellik nashriyotlar va kitob mualliflari bilan adabiy hamkorlik aloqalarini ham o‘rnatmoqdalar.
N.Usmonova,
O‘zA