Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zbekiston norma ijodkorligi faoliyati bilan jahon siyosatiga munosib hissa qo‘shmoqda” – Akmal Saidov bilan eksklyuziv suhbat (+video)
09:53 / 2024-06-15

Samarqand forumi nihoyasiga yetdi! O‘zA muxbiri anjuman yakuni bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz rahbari Akmal Saidov bilan suhbatlashdi.

2025-2028 yillarga mo‘ljallangan BMT Inson huquqlari qo‘mitasi a’zoligiga saylangan akademik A.Saidov mazkur organ tarixida O‘zbekistonning birinchi vakilidir.

– Ko‘hna shahar an’anaviy forumga yana bir bor mezbonlik qilmoqda. Dastlab O‘zbekiston va BMT hamkorligi istiqboli haqida gapirib bersangiz.

Zero, so‘nggi payt davlatimiz rahbarining ko‘plab tashabbuslari yirik minbarlarda, xalqaro sammitlarda, Assambleya sessiyalarida faol qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ayni e’tirof Prezident Shavkat Mirziyoyev takliflari asosida qabul qilingan 10 dan ziyod rezolyutsiyada aks etdi. Bu muvaffaqiyatlar zamirida qanday mexanizm yotipti?

– Juda qiziqarli savol berdingiz, rahmat! Avvalo “Ko‘hna Samarqand” iborasiga aniqlik kiritaylik. Biz Samarqandda, Yangi O‘zbekistonda yaratilgan boqiy shahar hududida turibmiz. Qadim Samarqandga ta’sir qilmasdan, yangi Samarqand ruhini olgan joyda konferensiya o‘tkazyapmiz.

“Samarqand ruhi” tushunchasi ham bejiz paydo bo‘lgani yo‘q. Prezidentimiz Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumiga yo‘llagan tabrigida ta’kidlaganidek, an’anaga aylangan forumning natijasi – Inson huquqlari bo‘yicha “Samarqand ruhi” shakllangani.

Dunyoda mintaqaviy va global darajadagi inson huquqi minbarlari bor, ammo Samarqand formati ilk bor shakllandi. Inosn huquqi bo‘yicha “Samarqand ruhi” ilhomchisi, g‘oyasi muallifi, tashkilotchisi – Prezidentimiz. Anjuman ishtirokchilariga qilingan murojaat iqlim o‘zgarishi va inson huquqi muammosi O‘zbekiston yetakchisini qanchalik o‘ylantirishidan dalolat.

Savolingizga kelsak, yutuqlarimizning birinchi sharti xalqaro tashkilotlar bilan faol hamkorlik. O‘zbekiston va BMT o‘zaro aloqani 1992 yil yo‘lga qo‘ygan. O‘shanda yosh, mustaqil davlatimiz nufuzli tashkilotning teng huquqli a’zosiga aylandi. Hozir mamlakatimiz xalqaro huquqning mustaqil sub’ekti sifatida 100 dan ziyod xalqaro tuzilma a’zosi.

Diyorimiz Xalqaro mehnat tashkiloti, YUNISEF, YUNESKO kabi deyarli BMTning barcha 17 ixtisoslashgan muassasasida faol. Demak, tashkilot bilan O‘zbekistonning ikki tomonlama aloqalari nihoyatda ko‘p qirrali va turli yo‘nalishlarni qamrab olgan.

Yaqindagina respublikamiz ilk bor Iqtisodiy va ijtimoiy kengash (EKOSOS)ga ham qabul qilindi. 56 davlatdan iborat mazkur kengashga a’zolik uchun 193 davlatdan 185 tasining ovozini oldik. Bunchalik ko‘p ovoz yig‘ish BMT tarixida uchramagan. EKOSOSga kirish O‘zbekistonning dunyo miqyosida, jahon siyosatida o‘zining ovozi, tashabbuslari va nuqtai nazarini o‘tkaza olishi ko‘rsatkichi, deyish mumkin.

Ikkinchidan, mustaqil davlatning bir hususiyati bor – Xalqaro huquqni yaratish jarayonidagi ishtiroki yoki norma ijodkorligi, ya’ni BMT norma ijodkorligi faoliyatidagi ishtiroki. Haqiqatan, 2017 yilga qadar O‘zbekistondan bitta tashabbus o‘tgan – “Markaziy Osiyoni yadro qurolidan holi hudud” deb e’lon qilish. Birinchi Prezidentimiz tomonidan 1993 yil 27 sentyabrda ilgari surilgan tashabbus salkam 20 yildan ortiq vaqt o‘tib, “Ostona rezolyutsiyasi” sifatida e’lon qilingan.

Hozir-chi? So‘nggi yetti yilda davlatimiz rahbarining o‘nta tashabbusi bilan rezolyutsiya qabul qilindi. Men BMTning salkam 80 yillik tarixini o‘rgandim. Hech bir davlat rahbarining tashabbusi bilan shuncha rezolyutsiya qabul qilinmagan ekan. Masaan, birinchi rezolyutsiya ta’lim va diniy bag‘rikenglikka doir. Shuningdek Markaziy Osiyoda turizm, Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlik, so‘ngra ekologiya bo‘yicha ikki rezolyutsiya qabul qilindi. Oxirgisi narkotiklarga qarshi kurash bo‘yicha tashabbuslar muvaffaqiyatli amalga oshirilgan.

Davlatimiz rahbari birinchi bosqichda jahon hamjamiyati e’tiborini Markaziy Osiyoga taalluqli muammolarga qaratgan bo‘lsa, so‘nggi yillarda ilgari surayotgan tashabbuslari O‘zbekiston norma ijodkorligi faoliyati bilan jahon siyosatiga global darajada munosib hissa qo‘shayotganini ifodalaydi.

Shuningdek, yaqinda BMT tizimidagi Xalqaro mehnat tashkiloti Ma’muriy kengashiga a’zo bo‘ldik. Endi bu yo‘nalishda ham O‘zbekiston ovozi dunyo uzra baralla yangraydi. XMT hozirgi kunda yurtimiz bolalar va majburiy mehnatni yo‘q qilish bo‘yicha qilgan ishlarni butun jahonga tavsiya etmoqda. O‘zbekiston tajribasi jahon davlatlariga o‘rnak sifatida ko‘rsatilmoqda.

Biz Inson huquqlari bo‘yicha birinchi marta 1999 yil Bola huquqlari qo‘mitasiga hisobot berganmiz. Shundan so‘ng 25 yildan buyon BMT qo‘mita va kengashlariga 50 ga yaqin turli milliy ma’ruzalar taqdim etdik. Eng muhimi, Prezidentimizning Inson huquqi sohasidagi ochiqlik siyosati tufayli, pirovardida O‘zbekiston butun dunyo hamjamiyatiga ochildi, dunyo ham mamlakatimizga samimiy ko‘z bilan qaray boshladi.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarining ikki nafar vakili bir vaqtda bitta davlatga kelganini ko‘rmaganman. Bugungi anjuman ishtirokchilariga qarata Oliy komissar Folker Tyurk shunday dedi:

– O‘tgan yil martda O‘zbekistonda bo‘ldim, mamlakatdagi ijobiy o‘zgarishlarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Barchasi meni juda hayratga soldi. Forum ham hech kimda uchramagan tashabbus bo‘ldi.

Janob Tyurk Prezident tashabbuslarini yuqori baholadi.

– Mana shu sa’y-harakatlar natijasi tufayli bugun mamlakatimiz yana bir tarixiy voqelik ustida turibdi. BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasiga O‘zbekisondan vakil saylangani ham katta yutug‘imiz, albatta. Akmal Xolmatovich, mazkur qo‘mitaning a’zosi sifatida kelgusi rejalaringiz qanday? Bu yangilik respublikamizga qanday imkoniyatlar taqdim etadi?

– Mazkur qo‘mitaga O‘zbekiston vakili a’zo bo‘lgani, birinchi navbatda, inson huquqi sohasidagi islohotlarimiz e’tirofi, deb bilaman. Biz tanlagan yo‘l – ortga qaytmas tus olgan demokratik islohotlar jahon hamjamiyati e’tiborida bo‘lib turgani quvonarli.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz ishlab chiqish tartibi jihatidan, muhokama qilish, referendum yo‘li bilan qabul qilinishi nuqtai nazaridan dunyoga o‘rnak, tajriba sifatida ko‘rsatilmoqda. Dunyoning ko‘p davlatlarida, hatto BMTning asosiy hujjatlarida ham ekologik huquq ajratilavermaydi. Shu ma’noda Bosh qomusimizning Samarqand forumiga bog‘liq tomoni shuki, biz ekologik huquq bo‘yicha bir bob kiritganmiz.

Bilamiz, beshta asosiy huquq bor: shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy. Biz endi ekologik huquqni ham kirityapmiz. Bu O‘zbekistonning “nou-xausi”, desa bo‘ladi.

Inosn huquqi bo‘yicha qo‘mitaning uch vazifasi bor. Birinchisi, Xalqaro Paktga a’zo davlatlar hisobotini eshitish. Milliy ma’ruzalarni tinglab, o‘z xulosa va takliflarini berish. Ikkinchisi, har bir davlat fuqarosining yakka tartibdagi shikoyati, murojaatini ko‘rib chiqish va tavsiya berish. Qo‘mitani inson huquqi ta’minlanishi bo‘yicha jahon laborotoriyasi, desa bo‘ladi. Shu bois, uchinchisi vazifa – jahonda u yoki bu huquqni himoya qilish bo‘yicha to‘plangan eng ijobiy tajribani umumlashtirish.

Xullas, 1976 yil tashkil topgan mazkur qo‘mita 3 asosiy yo‘nalish bo‘yicha faoliyat yuritadi. Ikki yildan keyin qo‘mitaning 50 yilligi keng nishonlanadi. O‘shanda ham tuzilmaning yutuqlari, kamchiligi, bosib o‘tgan yo‘li, eng muhimi, kelajakdagi rejalari va yo‘nalishlari belgilab olinadi.

So‘zim yakunida aytmoqchi edim: an’anaviy Samarqand forumi inson huquqi bo‘yicha eng muhim global muammolarni ko‘taradigan platformaga aylanganini chet elliklar ham e’tirof etishyapti. Prezidentimiz yana bir tashabbus bilan chiqdi: Markaziy Osiyoda ekologik inqiroz davrida inson huquqini himoya qilish to‘g‘risida rezolyutsiya qabul qilish kerakligi aytildi. Mintaqaviy darajadagi tashabbus global darajaga ko‘tarilyapti. Bundan ishlarimiz juda ko‘p.

Masalan, keyingi yil mingdan ziyod deputat kelishi kutilayotgan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasini o‘tkazamiz.

Eng muhimi, inson huquqi sohasida “Samarqand ruhi” shakllangan biz uchun juda katta mas’uliyat va shu bilan birga yuksak g‘urur.

Akmal Xolmatovich, suhbat uchun Sizga alohida minnatdorlik bildiramiz.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/kDRRXuyMYVo" title="Inson huquqlari bo’yicha “Samarqand ruhi” shakllandi – Akmal Saidov bilan eksklyuziv suhbat" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Behruz Xudoyberdiyev suhbatlashdi.

Nishonboy Abduvoitov va Alisher Isroilov (video), O‘zA