Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston nima uchun AI-80 markali benzindan voz kechmoqda?
07:00 / 2020-08-08

Nima uchun bunday qarorga kelindi? O‘zA muxbiri shu savol bilan soha mutasaddilariga murojaat qildi.

O‘zbekistonda AI-80 markali benzin ishlab chiqarishdan voz kechilmoqda. Mutaxassislar fikricha, o‘tkazilgan tahlil natijalari atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat funksiyalarini amalga oshirishda kompleks yondashuv va strategik rejalashtirishning mavjud emasligi, shuningdek, qo‘yilgan vazifalarni samarali bajarish uchun tabiatni muhofaza qilish organining vakolatlari yetarli emasligini ko‘rsatdi.

Shu bois, 2020 yil 1 yanvardan boshlab “Yevro-4”dan past ekologik toifadagi motor yoqilg‘isini ishlab chiqarish bo‘yicha yangi quvvatlarni ishga tushirish man etiladi. Shuningdek, 2022 yil 1 yanvardan boshlab “Yevro-3”dan past, 2023 yil 1 yanvardan boshlab esa “Yevro-4”dan past ekologik toifadagi motor yoqilg‘ilarini vaqtincha olib kirish va erkin muomala (import) uchun chiqarish taqiqlanadi.

Nima uchun bunday qarorga kelindi? O‘zA muxbiri shu savol bilan soha mutasaddilariga murojaat qildi.

Behzot Normatov, O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri o‘rinbosari:

– AI-80 markali benzin zamonaviy yoqilg‘i talablariga javob bermay qoldi. Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, bu benzin o‘tgan asrning 70-yillarida ishga tushirilgan. Bugun biz foydalanadigan zamonaviy dvigatellar AI-90 benzini uchun mo‘ljallangan. O‘z navbatida, yanada zamonaviy dvigatellar ishlab chiqarishni mo‘ljallamoqdamiz. AI-80 nafaqat transport vositalarining texnik xususiyatlarini ishdan chiqaradi, balki atrof-muhitga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Yaqin yillarda Buxoro va Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodlari zamonaviy yoqilg‘i, xususan, kamida AI-91, kelajakda esa AI-95 va AI-98 benzini ishlab chiqarishga o‘tadi.

Ko‘pchilik AI-80 benzinini eng mashhur marka, deb aytadi. Biroq atrof-muhit va global isishni ham unutmasligimiz kerak. Kelajak avlodlarga nima qoldiramiz? Agar ekologiya, atrof-muhitni o‘ylamay ish qilsak cho‘l yoki daryolar, o‘rmonlarda katta yo‘qotishlarga duch kelishimiz tabiiy. Bu iqtisodiyotimizga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, fuqarolarimiz ko‘pincha oddiy va oson yechimlarni qidiradi, oqibatini esa ko‘p ham o‘ylamaydi. Agar benzin 500 so‘mga arzon bo‘lsa, hozircha yaxshi, deb o‘ylashda davom etsak, bu noto‘g‘ri qarash bo‘ladi? Oddiy misol, 90-yillarning oxirlarida avtomobil yoqilg‘isi uchun gazdan foydalanmas edik. Avtomobillarni gazda harakatlantirish jarayoni boshlangach, norozi odamlar ko‘p bo‘lgan, ular uskunalarni o‘rnatish qimmatligini, gaz quyish shoxobchalari yo‘qligini aytishgan. Hozir avtomobillarimizning 90 foizdan ortig‘i gazda harakatlanadi. Zamonaviy sharoitda yoqilg‘ining bu turiga o‘tish jiddiy tejamkorlik va foyda keltirdi.

O‘zbekiston benzin narxlarini davlat tomonidan tartibga solishdan voz kechish uchun to‘g‘ri vaqtni tanladi. So‘nggi 20 yil ichida jahonda neft narxi eng past darajada bo‘lib, deregulyatsiya jarayoni aholi uchun nisbatan og‘riqsiz bo‘ldi. Agar neft 150 dollarga teng bo‘lganida qaror qabul qilingan bo‘lsa, neft mahsulotlari narxlarining keskin “sakrashi” kuzatilgan bo‘lar edi. Hozir biz bozor iqtisodiyoti yo‘lidan boryapmiz va jahon narxlariga qarab, mamlakatda yoqilg‘i narxi o‘zgarib turadi va biz bunga ko‘nikishimiz kerak.

Avvalroq O‘zbekistonda benzin narxi qimmatlashgani kuzatilgan edi. Endi bozor mexanizmlarini joriy etish bilan arzonlashdi. Biroq jahon bozorlarida neft narxi oshib ketsa, bu tabiiy ravishda mamlakatimizdagi benzin narxiga ham ta’sir qiladi.

Yaqin kelajakda mamlakatda texnologik rivojlanishning navbatdagi bosqichi – elektr transport vositalari uchun keng quvvatlovchi shoxobchalar tarmog‘ini qurish boshlanadi, bu ham iste’molchilar uchun, ham atrof-muhitni tejash va asrashda foydalidir.

Yana bir ma’lumot Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida “Ai-80 lyuks” markali benzin ishlab chiqarildi. Bu mahsulot “UNG Petro” korxonasining yoqilg‘i quyish shoxobchalari orqali ham sotildi.

Mirzohid Musayev, “O‘zbekneftgaz” AJga qarashli “UNG Petro” MCHJ direktori:

– “Ai-80 lyuks” markali benzin o‘zining yuqori sifati bilan ajralib turadi, foydalanishda qulay va ekologik talablarga mos. Bu benzinning afzalligi quyidagilarda namoyon bo‘ladi. Avvalo, uning tarkibida olefin va oltingugurt miqdorining kamligi sababli avtomobil dvigatelining faoliyatiga, shuningdek, uning chiqindi gazini qayta ishlash tizimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Benzinning eng muhim ekspluatatsion xossasi – detonatsion turg‘unligi, ya’ni dvigatelda turli sharoitda normal yona olishi. Uning shu xossalari oktan soni bilan baholanadi. Bu mahsulot oddiy AI-80 dan oktan sonining yuqoriligi bilan ajralib turadi. Bunday yoqilg‘ida avtomobil odatdagidan ko‘proq masofani bosib o‘tishi ta’minlanadi.

Hozirda bu benzinning savdosi yaxshi bo‘lmoqda va iste’molchilar faqat ijobiy fikrlar bildirmoqda.

 

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA