Poytaxtimizda diniy soha xodimlari o‘rtasida voleybol va shaxmat bo‘yicha o‘tkazilgan “O‘zbekiston musulmonlari idorasi kubogi” musobaqalarining respublika bosqichi chinakam sport bayrami ko‘rinishini oldi.
Voleybol musobaqalarining saralash bahslarida shijoatini namoyish etgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Qashqadaryo va Navoiy viloyati jamoalari yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Aylanma tizimda o‘tgan yarim final o‘yinlaridagi ko‘rsatkichlarga ko‘ra, Samarqand va Navoiy jamoalari 3-o‘rin uchun, Qashqadaryo va Qoraqalpog‘iston voleybolchilari 1-o‘rin uchun kurash olib boradigan bo‘ldi.
Bayramona kechgan o‘yinlar natijasida Qashqadaryo viloyati jamoasi raqiblarini 2:0 hisobida dog‘da qoldirib, “O‘zbekiston musulmonlari idorasi kubogi”ga ega chiqdi. 2-o‘rin Qoraqalpog‘iston Respublikasi jamoasiga, 3-o‘rin samarqandliklardan ustun kelgan Navoiy viloyati voleybolchilariga nasib etdi.

Musobaqaning shaxmat bahslarida Toshkent viloyati vakili Abdulazizxon domla Ahmadho‘jayev g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilgan bo‘lsa, keyingi pog‘onalarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi vakili Abdulkabir domla Idrisov va farg‘onalik Niyozbek domla Payg‘amov egalladi.

Musobaqada Namangan viloyati vakili Muxtorjon domla Yunusov turnirning eng yaxshi o‘yinchisi nominatsiyasi g‘olibi deb topildi.
Turnir yakunida g‘olib va sovrindorlar tegishli darajadagi diplom, medal va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA