Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi – tarixiy taraqqiyotning eng yangi davri
15:02 / 2021-08-28

25 avgust kuni Fanlar akademiyasi Tarix institutida O‘zbekiston mustaqilligining o‘ttiz yilligi munosabati bilan “O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi - tarixiy taraqqiyotning eng yangi davri: natijalar, muammolar va istiqbollar" umumilliy ilmiy yig‘in bo‘lib o‘tdi. Uning ishida respublikaning yetuk olimlari, jamoat arboblari va yosh tadqiqotchilar qatnashdilar.

Tadbirni Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, tarix fanlari doktori, professor Bahrom Abduhalimov ochib berdi va mustaqillik yillarida tarix fani muhim o‘zgarishlarni boshidan kechirgani, avvalo, sovet mafkurasidan voz kechilib, milliy istiqlol g‘oyasiga asoslangan yangi yondoshuvlar yuzaga kelgani, o‘rganilmagan mavzular tadqiqot ob’ektiga aylangani, ko‘plab tarixiy voqea va xodisalar yangicha talqin etila boshlangani va bu davrni holis o‘rganish vaqti kelganini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Tarix instituti direktori, professor Azamat Ziyo o‘z ma’ruzasida davlat mustaqilligi uchun kurash, uni tiklash va keyingi ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy jarayonlar tarixini o‘rganish, tahlil qilish, xulosalar yasash borasida turlicha qarash va yondashuvlar bo‘lishi tabiiy ekanligiga e’tibor qaratdi. Shu bilan birga, mustamlaka zamoni, ayniqsa, uning sovet bosqichi kishilik tarixidagi ko‘plab imperiya-mustamlakalardan ayro o‘laroq qaram xalqlarga juda kuchli va asorati bugun ham saqlanib turgan mafkuraviy ta’siri ta’sir ko‘rsatgani ham haqiqatligini dalillar bilan ko‘rsatib berdi. Bundan tashqari, professor Azamat Ziyo, zamonaviy tadqiqotchida mustaqil taraqqiyotimizning ikki bosqichi – ilk chorak asr hamda so‘nggi besh yillik – Yangi O‘zbekiston bosqichini solishtirish orqali ilmiy mulohazalar yuritish zarurligi, Yangi O‘zbekiston tarixiy bosqichlarini yoritishda inobatga olish zarur bo‘lgan jihatlarga alohida to‘xtaldi.

Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti bosh ilmiy xodimi, yuridik fanlar doktori, professor Nig‘monjon Azizov mustaqil davlatimizning huquqiy asoslarini tahlil qilib berar ekan, mustaqillik – insonning erkin va ozod ravishda, o‘z ixtiyori bilan boshqalarga bo‘ysunmasdan ish yurita olishi, millat, davlat va jamiyat hayoti, ularning taraqqiyotini, ustuvor maqsad va vazifalarini mustaqil tarzda amalga oshirilishini anglatadigan tushuncha ekanligiga e’tibor qaratdi.

O‘ttiz yillik mehnatimiz, sa’y-harakatlarimiz, intilishlarimiz, maqsadlarimiz sari ishonchli odimlarimiz, eng asosiysi, huquqiy mukammal jamiyat barpo qilish maqsadida jadal olib borilayotgan islohotlar natijasida millatimiz, mamlakatimizning jahonda obro‘-e’tibori, shon-shavkatini ko‘taradigan avlod yetishdi, har jihatdan barkamol va fidoyi o‘g‘il-qizlar tarbiyalanmoqda, voyaga yetmoqda va o‘z baxtini o‘zi yaratayotganini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professori, siyosiy fanlari doktori, Sayfiddin Jo‘rayev chiqishida O‘zbekiston tashqi siyosiy faoliyatining asosiy jihatlarida xalqimiz qudrati, salohiyati, aqli zakovatiga tayanish, O‘zbekistonda yashayotgan har bir inson, har bir oila uchun munosib hayot kechirish, kelajak avlodlar uchun har tomonlama yuksalayotgan, rivojlanayotgan Vatan qoldirish, jahon hamjamiyatida o‘z ovoziga ega bo‘lish kabi masalalar tahlil qilindi. Mustaqillik tufayli O‘zbekistonni dunyoning 170 dan ortiq mamlakati tan oldi, 125 dan ortiq mamlakat bilan rasmiy diplomatik munosabatlar o‘rnatildi. Shu bilan birga, bu davr ichida davlatimizning tashqi siyosiy va iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishdagi huquqiy tamoyillari ishlab chiqilganli ko‘rsatib berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi sho‘’ba mudiri, tarix fanlari doktori, professor Abduhalil Mavrulov o‘z chiqishida o‘tgan yillar mobaynida madaniyat sohasida olib borilgan ishlar, qabul qilingan konsepsiya va “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlar to‘g‘risida” qonunida belgilangan galdagi vazifalar xamda yaratilgan imkoniyatlarga to‘xtalib, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz yilligi bosib o‘tgan rivojlanish yo‘lni sarhisob qilish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yangilanish jarayonlarini chuqur tahlil qilish orqali bugun oldimizda turgan ustuvor vazifa – O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davri uchun poydevor bo‘lishini tahlil qildi.

Fanlar akademiyasi Tarix instituti katta ilmiy xodimi Shavkat Raxmatullayev O‘zbekistonning mustamlaka davri iqtisodiyoti bir tomonlama shakllangani, mustaqillikning ilk yillaridan bozor munosabatlariga o‘tish jarayoni hamda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bilan bog‘liq davlat siyosati, jumladan, istiqlolning dastlabki chorak asri davomida qo‘lga kiritilgan yutuqlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, shuningdek, o‘tish davri bilan bog‘liq xolis va noxolis muammolarga to‘xtalib o‘tdi. 2016 yil oxirlaridan boshlangan yangi davrda iqtisodiyotda va ijtimoiy hayotning barcha sohalarida orttirilgan tajribani xolisona baholash, erishilgan yutuqlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni tahlil qilish hamda zamon talablaridan kelib chiqqan holda, mamlakat oldidagi dolzarb vazifalar – aholi farovonligini oshirishga qaratilgan erkin bozor iqtisodiyoti sari islohotlarni yanada chuqurlashtirish va mamlakat taraqqiyotini jadallashtirishning ustuvor yo‘nalishlariga alohida to‘xtalib o‘tdi. Xususan, yangi O‘zbekistonni barpo etish maqsadida keng ko‘lamli islohotlar, hayotimizning barcha jabhalarini erkinlashtirish, iqtisodiyot va uning tarmoqlarini, xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish borasida katta o‘zgarishlar amalga oshirilayotganini ilmiy nuqtai nazardan keng ochib berdi.

Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikni qisqartirish, yangi ish o‘rinlari va daromad manbalarini yaratish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani aytib o‘tildi. Ushbu ijobiy o‘zgarishlarni mutaxassilar tomonidan e’tirof etilgani, jumladan, мусtaқил ekspertlar tomonidan prezident Shavkat Mirziyoyevning tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan eng muhim o‘nta tashabbusi ro‘yxatidan iqtisodni jonlanishiga sabab bo‘lgan – valyuta bozorining erkinlashtirilishi, naqd pul bilan bog‘liq muammolarning bartaraf etilishi, majburiy mehnatga barham berilishi, soliq islohotlari, tadbirkorlik sub’ektlari uchun soliq yukining kamaytirilishi, tadbirkorlar uchun soliq ta’tilining e’lon qilinishi kabi muhim o‘zgarishlar o‘rin olganini alohida ta’kidlab o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Innovatsion faoliyatni rivojlantirish, intellektual huquqni himoya qilish va ilmiy tadqiqotlar natijalarini ishlab chiqarishga joriy etish masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisi Shamshod Ergashev ilm-fan va ta’lim tizimida amalga oshirilgan ishlar, olib borilgan islohotlar, bu sohaning yutuq va kamchiliklarini yoritib berdi. Ma’ruzachi sohada, ayniqsa, oxirgi besh yillikda olib borilayotgan davlat siyosatiga, xususan ilmiy va innovatsion sohada erishilgan asosiy yutuqlarga to‘xtalib, O‘zbekiston 2020 yilda Global innovatsion indeks reytingida 29 pog‘ona yuqorilab (122 o‘rindan 93 o‘ringa), ilmiy hajmdor kichik seriyali innovatsion mahsulot ishlab chiqishga qaratilgan startap ekotizimiga asos solinganligi, 100 dan ortiq yangi innovatsion ishlab chiqarish tuzilmalari tashkil etilganligi, 40 dan ortiq yangi o‘simlik turlari kashf etilganligi va 50 ta asl dori vositalarining 12 tasi tibbiyot amaliyotiga joriy etilginini qayd etib o‘tdi. Umuman, Harakatlar strategiyasida ilmi-fan va innovatsion rivojlanishga doir ko‘rsatilgan vazifalarni bajarish jarayonida mamlakatda yangitdan 18 ta ilmiy tashkilot, 10 ta ilmiy markaz, 4 ta texnopark, 2 ta innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutuvchi jamg‘arma, 1 ta milliy venchur fondi tashkil etilganiligi haqida axborot berdi.

Anjuman ilmiy bahs-munozaralarga boy tarzda o‘tib, ma’ruzachilar qatnashchilar tomonidan berilgan savollarga aniq dalillar asosida javob qaytardilar. Ushbu anjuman O‘zbekistonning mustaqillik yillarida ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy jabhalarida o‘rganilmagan jihatlari ko‘p ekani, ijtimoiy fanlar, shu jumladan tarixchilar oldida eng yangi davr tarixini yangicha yondashuvlar asosida o‘rganish va uni keng jamoatchilikka yetkazish bo‘yicha muhim ilmiy vazifalar turganini yana bir bor ko‘rsatdi. Ayniqsa, tadbirda ishtirok etgan olimlar tomonidan hamkorlikda tadqiqotlar olib borish bo‘yicha yakdil fikrlar, takliflar o‘rtaga tashlangani ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, milliy tariximizni keng ko‘lamda o‘rganishga xizmat qiladi.

Sherzod Salimov,

FA Tarix instituti tayanch doktoranti