Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – mushakli qor qoploni
10:47 / 2024-03-31

Vengriya O‘zbekiston uchun Yevropadagi o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalari tobora rivojlanayotgan do‘st davlatlardan biri sanaladi. O‘zbekiston – Vengriya munosabati istiqboli 32-yillik tarixga ega, o‘zaro diplomatik aloqa 1992-yil 3-martda yo‘lga qo‘yilgan.

“Xalqaro minbar” nomli yangi loyihamizda xorijiy ekspertlar mulohazalarini berib borish, global mavzularda so‘z yuritish, qiyosiy tahlil, siyosatshunoslar bilan jonli muloqotlar uyushtirishni niyat qilganmiz.

Ilk mehmonimiz – vengriyalik yozuvchi, jurnalist, nufuzli “Gersog Ferens” mukofoti sovrindori Pataki Tamas “O‘zbekiston – mushakli qor qoploni” nomli maqolasini O‘zAga taqdim etdi.

Muallif haqida

Pataki Tamas 1991-yil Vengriyada tug‘ilgan. “Eötvös Lorand” universitetida tarix ixtisosligi bo‘yicha o‘qigan.

Faoliyatini “Magyar Idők” kundalik ijtimoiy-siyosiy gazetasida muxbirlikdan boshlagan. 2019-2022-yillar “Magyar Nemzet” jurnali madaniyat bo‘limi muharriri bo‘lib ishlagan. Ayni payt Budapeshtda nashr etiladigan “Magyar Demokrata” mas’ul muharriri.

Yozuvchi sifatida uning “O‘g‘irlab ketilgan Vengriya”, “Turk hiloli”, “Vengriya qaytdi”, “Rakosmezo va Kiralidomb hikoyasi” kitoblari chiqqan. 2018-yil chop etilgan “Absinte qonga aylanadi va shaytonni otga aylantiradi” romani Vengriya Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Yilning eng yaxshi nasriy asari” mukofotiga loyiq ko‘rilgan.

Pataki Tamas Vengriya Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.

O‘tmishdan kelajakka

Bugun O‘zbekiston mintaqaviy kuch maqomiga intilmoqda va buning uchun xorijiy investorlar, jumladan vengrlarni ham quchoq ochib kutib olmoqda. Qadim tarixga ega, islom-turk sivilizatsiyasiga mansub tarixiy Transokaniya shaharlari – Samarqand, Buxoro, Xiva, Kesh bilan mashhur Markaziy Osiyoning bu davlati ochiq pragmatik siyosat olib bormoqda.

Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto O‘zbekiston – Vengriya iqtisodiy forumida bir xushxabar aytdi: Budapesht va Toshkent o‘rtasida birinchi marta to‘g‘ridan to‘g‘ri havo reysi yo‘lga qo‘yilyapti. O‘zbekistonning “Qanot Sharq” aviakompaniyasi parvozni haftada dastlab bir, keyin ikki bora amalga oshiradi.

O‘tmish jozibasiga qiziquvchilar uchun ma’lumot: Toshkentdan qadimiy Samarqandga tez yurar poyezdda ikki soatda yetib borish mumkin. O‘tgan yil dekabr oyidan boshlab “Wizz Air” aviakompaniyasi Samarqandga ham to‘g‘ridan to‘g‘ri reys qo‘ydi. Aytish mumkinki, bir vaqtlar dunyodan juda olislab ketgan O‘zbekiston yana xalqaro hamjamiyatga qaytdi. Demak, 2016-yildan buyon tub islohotga kirishgan mamlakatni kashf qilmoqchi bo‘lgan har bir kishi bemalol samolyot chiptasini sotib olishi mumkin. Gap shundaki, O‘zbekistonda turistik maqsad bilan 30 kun vizasiz sayohat qila olasiz.

Shuni ham unutmaslik kerak, genetik tadqiqotga ko‘ra, Arpadlar oilasi shu yerlardan tarqalgan, ularning nomi ham ayni hududga ishora qiladi. Tarixchilar tomonidan Vengriya – Arpadlar davlatida yashagan musulmon jamoalarining bir bo‘lagi bo‘lgan “kalizlar” – xorazmliklar, degan taxmin ilgari suriladi. Vengriyaning birinchi qiroli Gezaning asl ismi Geycsa ham shu hududga ishora qiladi.

O‘rta Osiyo turkiy xalqlarining aksariyati – o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turkman va qoraqalpoqlar biz, vengrlarni uzoq qarindosh, deb hisoblaydilar. Ular xalqimizning xun-avar, xun-qipchoqqa oid munosabatlarini yaxshi bilishadi. Shuning uchun ham bu hududlardagi ko‘p odamlar vengrlar ham turkcha gaplashishlariga ishonadi. Har holda qardoshlik rishtasi barcha sohalardagi hamkorlikning xamirturushi bo‘lib, mamlakatimiz Turkiy davlatlar tashkilotida kuzatuvchi sifatida qatnashayotgani tufayli Vengriya – Markaziy Osiyo munosabati rivoji o‘zgacha izchillik kasb etmoqda.

Vengriyaning Toshkentdagi elchixonasi 2016-yildan beri faoliyat ko‘rsatadi. 2023-yil Budapeshtda O‘zbekiston elchixonasi ochildi. Vengriya mahsulotlari bu yurtda juda qadrlanadi. Keksa avlod vakillari “Globus” konservasi, “Ikarus” avtobusi, vengr vinolarini yaxshi eslaydi.

O‘zbekistonning tog‘li hududlarida uchraydigan qor qoploni juda noyob yovvoyi hayvon. Men O‘zbekistonni, qaysidir ma’noda, o‘sha afsonaviy, mushaklari baquvvat jonivorga mengzayman.

Respublika Markaziy Osiyoda peshqadamligi, mintaqaning barcha mamlakatlari bilan chegaradoshligi bilan, shuningdek aholisi eng zich joylashgan davlat sifatida alohida o‘rin tutadi.

Energiya resurslariga boy O‘zbekiston tabiiy gaz qazib olish bo‘yicha yer yuzida 18-o‘rinni egallagan, yirik neft zaxirasiga ega. Bundan tashqari, dunyodagi yettinchi yirik oltin ishlab chiqaruvchi, uran zaxirasi bo‘yicha ham yetakchi. Vengriya atom energetikasi tajribasi nuqtayi nazaridan mamlakat e’tiboridan chetda emas.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tizimni ham siyosiy, ham iqtisodiy jihatdan sezilarli darajada erkinlashtirib, endi qo‘shnilar va rivojlangan davlatlarga nisbatan, avvalgidan ko‘ra ancha ochiq, faol tashqi siyosat yuritmoqda. 2017-yildan buyon Markaziy Osiyo davlatlari bilan o‘zaro savdo aylanmasi bir yarim barobar oshdi, Jahon bankining “ishbilarmonlik muhiti sifati” reytingida mamlakat 2023-yil 69-o‘ringa ko‘tarildi. Hukumat soliq qonunchiligini soddalashtirdi, to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy kapital qo‘yilmasi bo‘yicha ham dadil ildamlamoqda. Shu ma’noda, “Qor qoploni” mushaklarini kuchaytirib, mintaqada yetakchilik sari intilmoqda.

Vengriya eksporti

Vengriya O‘zbekiston bilan munosabatni jonlantirayotgan Markaziy Yevropaning yagona davlati emas. Eksport ko‘rsatkichiga nazar tashlasak, qo‘shnilarimiz, deyarli, barcha munosabatlarda mamlakatimizdan o‘zib ketganini ko‘rish mumkin. Binobarin, Vengriyaning ham O‘zbekistonga eksporti o‘tgan yilga nisbatan 36 foiz ko‘payib, 100 million dollardan oshdi.

Endi ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqa yanadan jadallashadi. Munosabatlar chuqurlashishi sur’atiga yorqin misol sifatida Viktor Orbanning 2021-yil mart oyi oxirida O‘zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifini keltirish mumkin. Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan ikki tomonlama manfaatli muzokaralar o‘tkazilgan Toshkent uchrashuvida O‘zbekiston va Vengriya strategik sherikligi to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya hamda ikki davlatning 2021-2023-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi imzolandi. Tashrif doirasida davlat rahbarlari farmatsevtika sanoati, qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, kartoshka yetishtirish va boshqa sohalarda bir qator loyihalarni yo‘lga qo‘yish, sanoat kooperatsiyasini mustahkamlashga kelishib oldilar.

Yangicha ruhdagi sheriklikning eng muhim yutuqlaridan biri sifatida Vengriya “OTP Bank”i Ipoteka-bank aksiyalarining 75 foizini sotib olganidir. Bu loyiha mojar kompaniyalarini shu zaminda biznes yuritishga undaydi, chunki ular endilikda Vengriyaga tegishli bankda hisob-kitob yuritishlari mumkin. Qolaversa, O‘zbekiston aholisi tez o‘sib borishi zamonaviy vosita va xizmatlarga ehtiyoji ortayotgan, kengayib borayotgan bozorni anglatadi.

Vengriya – O‘zbekiston startap dasturi doirasida allaqachon to‘qqizta qo‘shma loyiha ishga tushirildi. Vengriya bozori ishtirokchilari, jumladan qo‘shma korxonalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2022-2023-yillarga mo‘ljallangan sanoat kooperatsiyasi dasturi belgilandi. O‘tgan yil uchinchi chorakda boshlang‘ich kapitali 50 million dollar bo‘lgan Vengriya – O‘zbekiston xususiy kapital fondi tashkil etildi, keyinchalik bu ko‘lam 200 million dollarga yetkaziladi.

O‘zbekistonning maqsadi imkon qadar ko‘proq xorijiy investitsiya jalb etish orqali hamkorlikda mahsulot ishlab chiqarib, Yevropa bozoriga chuqur kirib borishdir. Vengriya – O‘zbekiston iqtisodiy munosabatidagi hamkorlikning yana bir asosiy, salohiyatli yo‘nalishi qishloq va suv xo‘jaligi bo‘lib, bu borada ham muvaffaqiyat yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. O‘zbekistonning ichimlik va oqova suv tizimini Vengriya ko‘magida yaxshilash ko‘zda tutilgan. Shu sababli, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi va infratuzilmaga sarmoya kiritishda Vengriyaning bilimi, ko‘nikmasi asqotishi mumkin.

Pataki Tamas,

yozuvchi, jurnalist,

xalqaro “Gersog Ferens” mukofoti

sohibi (Vengriya)

O‘zA