O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi Buyuk Britaniyada (Uels) o‘tkazilgan dunyoning eng murakkab va nufuzli xalqaro harbiy musobaqalaridan biri – “Kembriya patruli”da yurtimiz sharafini munosib himoya qildi.
Joriy yildagi musobaqalarda 30 dan ortiq mamlakatlardan, jumladan, Buyuk Britaniya, AQSH, Fransiya, Hindiston, Germaniya, Latviya, Qozog‘iston, Turkmaniston, Italiya va boshqa davlatlardan 100 dan ortiq jamoa ishtirok etdi. Jamoalar 80 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tib, eng murakkab tabiiy va taktik to‘siqlarni yengdi. Har 8-10 kilometrda marshrutning turli joylarida ishtirokchilar kimyoviy va biologik tahdid sharoitida harakat qilish, hujum operatsiyalari va murakkab joylarda yo‘nalishni topish kabi jangovar vazifalarni bajardilar.


Umumiy natijalarga ko‘ra, O‘zbekiston jamoasi kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, britaniyalik harbiy mutaxassislar O‘zbekiston harbiy xizmatchilarining tayyorgarlik darajasini yuksak baholab, ularning professionalizmi va jangovar vazifalarni bajarishdagi mukammal ko‘nikmalarini e’tirof etdilar.


“Kembriya patruli” 60 yildan buyon muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Musobaqa dunyo bo‘ylab harbiy bo‘linmalarni haqiqiy jangovar sharoitlarda ularning jangovar ko‘nikmalari va chidamliligini sinovdan o‘tkazish uchun birlashtiradi. Unda ishtirokchi bo‘linmalar 48 soatdan kamroq vaqt ichida 80 km. masofani bosib o‘tib, ko‘plab harbiy manyovrlar va patrullik vazifalarini bajaradi. Mashg‘ulotlar Uelsning markaziy qismidagi tog‘lar va botqoqliklar kabi o‘tish qiyin bo‘lgan hududlarda o‘tkaziladi.


Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA