Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston moliya xalq komissari Akbar Islomov nega otuvga hukm qilingan?
07:56 / 2021-09-09

1938 yil oktyabr oyida O‘zbekiston moliya xalq komissari Akbar Islomovga Qo‘qon muxtoriyati ishtirokchisi, “Milliy ittihod” aksilinqilobiy tashkilotining a’zosi, millatchi kabi ayblovlar qo‘yilib, sud bo‘lib o‘tdi.

Uning sudlov jarayoni bor-yo‘g‘i  20 daqiqa davom etdi xolos. Sud  tomonidan Akbar Islomov oliy jazoga hukm etilib, o‘sha kuning o‘zida  otib tashlandi. Oradan 83 yil o‘tgach, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi uni oqladi.

Ho‘qandi Latifda oddiygina oilada tavallud topgan Akbar Islomov o‘z faoliyatini oddiy harf teruvchilikdan sovetlar hukumatining eng mas’ul rahbarlik lavozimlarigacha bo‘lgan mansab pillapoyalarini bosib o‘tdi. Biroq, u hech qachon o‘z xalqiga xiyonat qilmadi, bir umr oddiy o‘zbek farzandi sifatida o‘z burchini unutmadi.

Akbar Islomov 1896 yilning kuzida Qo‘qon shahrida oddiy hunarmand duradgor Islomxo‘ja Ortiqxo‘jayev oilasida dunyoga kelgan. U avval eski maktabda, so‘ng ikki yil jadid maktabida va 1914 yil 5 oy davomida rus-tuzem maktablarida ta’lim olgan.

1917 yilda Voskresenskiy (hozirgi Turkiston) ko‘chasida joylashgan Belskiy bosmaxonasiga ishga kiradi. Bu yerda bolsheviklarning ta’siri kattaroq edi. Shu yili yoz oylarida Davlat dumasi uchun saylov oldidan nomzodlar ro‘yxatlari tuziladi. Bolsheviklar to‘rtinchi ro‘yxatga, Sho‘royi islom tarafdorlari sakkizinchi ro‘yxatga qayd etilgan edi. Kunlardan birida Jome’ masjidida saylovoldi yig‘ini bo‘lib o‘tadi. Unda Akbarxo‘ja ham to‘rtinchi ro‘yxat tarafdori sifatida ishtirok etadi. Yig‘inda har ikki ro‘yxat tarafdorlari o‘rtasida ixtilof chiqib, dahanaki jang qo‘l jangiga aylanib ketadi. Oqibatda bosmaxona ishchisi Aminjon halok bo‘ladi, uning sheriklari, shu jumladan, Akbarxo‘jani odamlar qochirib yuborishadi. 1918 yil fevralidagi Qo‘qon voqealaridan so‘ng Akbarxo‘ja kommunistik partiya safiga kiradi, Musulmon mehnatkashlari soyuzi raisligiga, ishchi – dehqon va soldat deputatlari Qo‘qon sovetiga, yil oxirida esa Turkiston MIK (markaziy ijroiya qo‘mitasi) a’zoligiga saylanadi. Shundan so‘ng Akbar Islomov Farg‘ona viloyat inqilobiy tribunali a’zosi, RSFSRning Buxoro amirligidagi rezidenti o‘rinbosari, Ichki ishlar xalq komissari o‘rinbosari, Ichki ishlar xalq komissari lavozimlarida xizmat qiladi. 

1920 yildan Turkiston davlat universitetining ishchilar fakultetida, so‘ngra qishloq xo‘jaligi fakultetida tahsil oladi. O‘qish barobarida Toshkent okrug ijroqo‘mi raisi lavozimida ishlaydi. 1927 yilda Akbar Islomov O‘zbekiston SSRning Moskvadagi doimiy vakili lavozimiga tayinlanadi. Lavozimidan foydalanib, 1927 – 1928 yillar mobaynida O‘zbekistonda xalq xo‘jaligining barcha tarmoqlarini rivojlantirish yo‘lida tinimsiz kurash olib bordi. O‘zbekistonni xomashyo bazasi holatidan qutqarib, sanoati taraqqiy etgan mamlakatga aylantirish uchun harakat qildi. 1929 yilda Akbar Islomov yana O‘zbekistonga chaqirib olinadi. U shu sanadan 1933 yilgacha O‘zbekiston davlat plan qo‘mitasi raisi, shu yildan to qamoqqa olingunicha O‘zbekiston moliya xalq komissari lavozimlarida xizmat qiladi.

U o‘zi uchun qanchalik xavfli bo‘lishiga qaramay Germaniyada tahsil olayotgan turkistonlik talabalarning moddiy ahvolidan doimiy xabardor bo‘lib turish uchun Toshkentda ishlayotgan germaniyalik professor Englyand bilan doimiy aloqani yo‘lga qo‘ydi. U yerda ta’lim olayotgan talabalar uchun doimiy pul yo‘llab turdi. 1934 yil sovet mamlakati allaqachon o‘zining sinfiy dushmani deb e’lon qilgan, o‘zbek xalqining buyuk shoiri Cho‘lponni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatladi. Tabiiyki, bu “xato” harakatlari bilan o‘zini ham sovet davlatining dushmanlari safiga, aniqrog‘i, o‘zbek xalqining munosib farzandi degan sharafga muyassar etadi.

1937 yil 3 avgust kuni O‘zSSR NKVD rahbari Zagvozdinning qarori asosida endigina 40 yoshni qarshilagan O‘zSSR Moliya xalq komissari Akbar Islomov qamoqqa olindi. 22 sentyabrda tergov ostidagi Akbar Islomov o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarning quruq, dalil-isbotsiz ekanligi haqida yozgan arizalari javobsiz qoladi. Aksincha, tinimsiz tahqir va jismoniy zo‘rliklar natijasida Yejov nomiga yozilgan soxta arizaga imzo chektiriladi. Unda A. Islomov o‘zining aksilsovet tashkilotga a’zo bo‘lganligini majburiy “tan olgan” edi.

O‘zbekiston SSRda turli mas’ul davlat mansablarida faoliyat ko‘rsatgan va bu paytda qamoqqa olingan ko‘plab mahalliy kadrlarni mahv etish uchun jiddiy sabab topish zarur edi. Ko‘p o‘tmay shunday aybo‘ylab topiladi ham. O‘zSSR NKVD raisi o‘rinbosari davlat xavfsizligi mayori Leonov 1937 yil 3 noyabrda Agabekov, Miroshnichenko, Matveyevlar tomonidan tayyorlangan qarorga imzo chekdi. Unga ko‘ra, qamoqqa olingan mahalliy millatga mansub rahbarlar – A.Islomov, A.Tojiyev, U.Eshonxo‘jayev, M.Tursunxo‘jayev, harbiy T.Qirg‘izov, yozuvchi A.Xudoybaxtov kabi 27 kishiga go‘yoki “o‘ng trotskiychi maxfiymillatchi tashkiloti” a’zosi bo‘lgan degan ayblov e’lon qilindi. Uzluksiz qiynoqlardan butunlay holdan toygan Akbar Islomov 1937 yil 19 dekabrda barcha ayblarini tan olishini aytib, ishni to‘xtatishlarini iltimos qiladi.

Akbar Islomovning “jinoiy ishi” yanada yangi ko‘rsatmalar bilan boyitiladi. Masalan, Mirmuslim Shermuhammedov uni “Milliy istiqlol” maxfiy aksilsovet tashkiloti a’zosi deb ko‘rsatma bergan bo‘lsa, sobiq yer ishlari xalq komissari Rustam Islomov hamda O‘zkompartiya rahbarlari D.Manjara, A. F. Moor “trotskiychi-millatchilik tashkiloti” a’zosi ekanligini tasdiqlaydilar. Hattoki, 1935 yil Qashqadaryoda iqlim noqulayliklari tufayli hosil bo‘lmagani uchun aholidan olinadigan soliqlarni kamaytirish bo‘yicha A. Islomovning Akmal Ikromovga yozgan xati ham uning jinoiy ishiga tirkab qo‘yiladi.

Biroq Akbar Islomov o‘ziga qo‘yilgan aksilinqilobiy tashkilot a’zosi degan bo‘htonni mutlaqo rad etdi. O‘zining so‘nggi so‘rog‘ida ham u “Xalqqa qarshi bir tiyin ham sarflamadim. Aytilgan birorta ayb ham menga tegishli emas. Men o‘zimga qo‘yilgan ayblarga rozi emasman”, deb imzo chekkan.

1938 yil 4 oktyabr kuni harbiy yurist G.Alekseyev raisligida SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasining Toshkentda o‘tkazilgan sayyor yig‘ilishida 51 nafar mahbus qatorida Akbar Islomov oliy jazoga -  otuvga hukm etiladi. Shu kunning o‘zidayoq Alekseyev talabnomasi va O‘zSSR NKVD leytenanti D.Z.Apresyan buyrug‘iga muvofiq davlat xavfsizligi katta leytenanti Shishkin, armiya bosh prokurori yordamchisi harbiy yurist Shulsan ishtirokida hukm ijro etilgan. Qaydnoma yuqoridagi ikki shaxs tomonidan imzolangan.

1954 yil 31 iyul kuni Akbar Islomovning turmush o‘rtog‘i Ketevan Davidovna SSSR hukumati rahbariyatiga ariza yo‘llaydi. U o‘z arizasida eri bilan kechgan o‘n yillik turmushi davomida Akbar Islomovni haqiqiy inson, buyuk vatanparvar sifatida bilganini yozadi. Ammo 1937 yil avgust oyida NKVD tomonidan qamoqqa olingani va unga erining 10 yilga qamoqqa hukm etildi, deb ma’lumot berganlarini qayd etadi. O‘zining ham 1 yilu 4 oy qamoqda bo‘lgani, farzandlarining chekkan azob-uqubatlari, 1939 yilda ozodlikka chiqqandan so‘ng Gruziyaga kelgani va farzandi Asqar Akbarovich Islomovning kelajagi uchun ham otasining pok nomini tiklash masalasini ko‘taradi.

 -Mustaqilligimizning 30 yilligi arafasida Oliy sud tomonidan chiqarilgan oqlov hukmi qatag‘on qurboni bo‘lganlarning oilalariga umid va yangi hayot olib kirdi, -deydi Akbar Islomovning Qo‘qon shahrida yashovchi jiyani Jamshidxon Islomov.- Bobomiz  Akbar Islomov ham bor ilmi va umrini yurt taraqqiyoti uchun sarflagan edi. Afsuski, tuzum qurboni bo‘ldi. Bobomiz nomining oqlanganligi Gruziyada istiqomat qilayotgan qarindoshlarni ham xursand qildi.   

Tarixning hali o‘qilmagan sahifalari ko‘p. Xususan, vatan ozodligi uchun qurbon bo‘lgan yurtdoshlarimizning hayotini o‘rganish, tarixiy haqiqatni tiklash bugungi kunning muhim vazifalaridandir. 

M. Sulaymonov, O‘zA