O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Mo‘g‘ulistonga bo‘lajak tashrifi oldidan Ulan-Bator shahrida Ipak yo‘li yo‘nalishini, shuningdek, sayyohlik oqimini ko‘paytirish uchun ikki davlatning maxsus turizm dasturlarini rivojlantirish va ommalashtirishga qaratilgan birinchi Mo‘g‘uliston-O‘zbekiston turizm forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “MONTSAME” axborot agentligi.
Ta’kidlanishicha, forumda ikki o‘lkaning 150 dan ortiq turizm sohasi vakillari ishtirok etgan.

Yig‘inda ushbu mamlakatning Sayyohlik assotsiatsiyasi rahbari Dambin Gantumur Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux o‘tgan yili O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘ida ikki davlat o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olganini ta’kidladi. U shuningdek, Mo‘g‘uliston va O‘zbekiston nafaqat o‘xshash tarix va madaniyat, balki ular bosib o‘tgan yo‘lni aks ettiruvchi umumiy qadriyatlarga urg‘u bergan.
– O‘zbekiston turizmni, jumladan, boy tarixiy-madaniy merosni saqlash va rivojlantirish bo‘yicha katta tajribaga ega, -dedi Dambin Gantumur. – Bundan tashqari, yurtingizda turizm sohasida tadbirkorlik sub’ektlariga berilayotgan imtiyozlar, xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar sohaning barqaror o‘sishiga turtki bermoqda. Mo‘g‘uliston va O‘zbekiston o‘rtasidagi turizm sohasidagi hamkorlik nafaqat iqtisodiy, balki madaniy va diplomatik jihatdan ham foydali. Mazkur aloqalar ikki xalq o‘rtasida do‘stlikni mustahkamlab, yangi istiqbollar eshigini ochadi.

Xabarda yozilishicha, Toshkentdagi “Ipak yo‘lida turizm” xalqaro ko‘rgazmasi doirasida mamlakatlarimiz o‘rtasida turoperatorlar uchun tanishuv turlarini tashkil etish va o‘zaro tajriba almashish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, 2023 yilda ikki davlat o‘rtasida havo qatnovining huquqiy asoslari yaratilgan. Hozirda to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda. Kelgusida tomonlar qo‘shma sayyohlik paketlarini ishlab chiqish, sarmoyaviy muhitni yaxshilash va xususiy sektorni yanada qo‘llab-quvvatlashga katta e’tibor qaratishadi.

Muharrama Pirmatova, O‘zA