O‘zbekiston – Mo‘g‘uliston: sanoat sohasida yangi hamkorlik yo‘lga qo‘yildi
“O‘zeltexsanoat” uyushmasi va Mug‘ulistonning “Gerege Systems” kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Ushbu memorandum elektr va gaz hisoblagichlarini joriy etish, ularni nazorat qilish va boshqarish sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni nazarda tutadi.
Hujjat doirasida O‘zbekistondagi ishlab chiqaruvchilarning amaliy tajribasi asosida Mo‘g‘ulistonda elektr va gaz hisoblagichlarini hisobga olish tizimini joriy etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Mazkur hamkorlik ikki davlat o‘rtasidagi sanoat aloqalarini yangi bosqichga olib chiqishi, shuningdek, o‘zaro texnologik sheriklikni mustahkamlashi kutilmoqda.
Uyushma axborot xizmatiga ko‘ra, mazkur memorandum Ulan-Bator shahrida tashkil etilgan O‘zbekiston – Mo‘g‘uliston biznes-forumi doirasida imzolangan.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA