Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston–Mo‘g‘uliston: qishloq xo‘jaligi eksporti yangi bosqichda (+video)
14:04 / 2025-09-05

Mo‘g‘uliston bilan savdo qilishning bir qator qiyinchiliklari bor. Ikki davlat orasidagi masofa taxminan 5 ming kilometrni tashkil etadi. Bu temiryo‘l orqali yetib borish imkoni bo‘lsa albatta. Avtotransport orqali masofa yanada uzayadi. Yo‘l sharoiti va chegaradagi rasmiylashtiruv jarayonlari bilan Qozog‘iston va Rossiya chegarasidan o‘tib, Mug‘ulistonga o‘rtacha 6-8 kunda kirib borish mumkin. Bu esa ushbu davlatga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eksportini imkonsiz degani. Lekin shunchalik ko‘p to‘siq, qiyinchiliklar bo‘lishiga qaramay davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan sustlashgan savdo aloqalari yana qayta tiklandi. Ikki davlat rahbarlarining tarixiy uchrashuvida erishilgan kelishuvlar savdo yo‘llarini ochib berdi.

O‘zbekiston Navoiy xalqaro aeroporti orqali logistika imkoniyatlarini hal qildi, muntazam reyslar yo‘lga qo‘yildi. Endi “Navoiy-Ulan-Bator” yo‘nalishi bo‘ylab har hafta kamida 4 marotaba havo bandargohidan sarxil mahsulotlar  yuklangan samolyotlar uzoq  manzilni yaqin qilmoqda.  

Ikki davlat rahbarlarining meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlarining Mo‘g‘ulistonga eksport hajmini har yili oshirib borish va yaqin kelajakda 10 barobarga ko‘paytirish choralarini ko‘rish borasidagi tashabbuslari eksport geografiyasida yangi qadamlarga asos bo‘ldi. Natija o‘zini ko‘p kuttirmadi. Kuni kecha hamkor davlatning eng yirik savdo tarmog‘iga yana 10 tonnaga yaqin meva-sabzavot, jumladan 4 navdagi uzum, poliz ekinlari, tarvuz yetkazib berildi.

Sarxil mahsulotlar Mo‘g‘ulistonning eng yirik savdo tarmoqlaridan biri “Emart Mongolia” rastalaridan alohida stendda o‘rin egalladi. Gipermarket katta iste’molchilar bozoriga ega. Umumiy maydoni taxminan 43 000m² ni tashkil etadigan tarmoq mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarining har tomonlama qulay markazidir.

Biroq ushbu bozorda ham raqobat kuchli. Chunki, Mo‘g‘uliston aholi iste’mol qiladigan mahsulotlarning 90%  Xitoy, Rossiya, Germaniya, Polsha, Malayziya, Vetnam kabi davlatlardan kirib keladi.  Agrar sektorda yangicha yondashuvni joriy etayotgan O‘zbekiston “daladan-dasturxongacha” tamoyili ostida nafaqat sifatli, balki zamonaviy qadoqlangan mahsulotlar eksportiga e’tibor qaratayotgani ham raqobatda ustunlik bermoqda. Bu sa’y-harakatlar natijasini iste’molchilarning mahsulotimizga bo‘lgan munosabati va qiziqishidan ham ko‘rish mumkin.  

Masofa uzoq, biroq ko‘ngillar yaqin. Do‘stlik rishtalari asosida mustahkamlanayotgan savdo aloqalari endi chegara bilmaydi. Uzoq yillik hamkorlikni ko‘zlagan sheriklik eng avvalo ikki davlat ahlining farovonligiga xizmat qiladi.  

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/azQAkgxwuNE?si=ZDiUCq8XXiaH8prN" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Sanjar Toshpo‘latov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA