English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – Mo‘g‘uliston do‘stlik jamiyati tashkil etildi
19:26 / 2025-09-12

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitaning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilish doirasida “O‘zbekiston – Mo‘g‘uliston do‘stlik jamiyati” ta’sischilarining birinchi majlisi ham o‘tkazildi. Anjumanda qo‘mita mutaxassislaridan tashqari, xorijdagi vatandoshlar masalalari bilan shug‘ullanadigan mas’ul idora va tashkilotlar vakillari ham ishtirok etdi.

Tadbirda jamiyatning asosiy maqsad va vazifalari atroflicha muhokama qilindi. Xususan, ikki davlat o‘rtasida iqtisodiyot, ilm-fan, ta’lim, madaniyat va qishloq xo‘jaligi sohalarida aloqalarni kengaytirish, tajriba almashish, ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashning yo‘nalish va tamoyillari belgilab olindi. Shu bilan birga, madaniy-gumanitar aloqalarni kuchaytirish, jamoatchilik o‘rtasida o‘zaro tushunish va do‘stlik ruhini qaror toptirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Muloqot so‘ngida ta’sischilarning yakdil qarori bilan Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisi Bahrom Norqobilov O‘zbekiston – Mo‘g‘uliston do‘stlik jamiyati raisi etib saylandi.

Malumki, do‘stlik jamiyatlari mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi. Ular orqali ikki xalq vakillari o‘zaro yaqinlashadi, madaniy va ma’naviy muloqot yo‘lga qo‘yiladi, iqtisodiy va ilmiy hamkorlikka keng imkoniyat yaratiladi. Shuningdek, jamiyatlar yoshlar o‘rtasida do‘stlik ruhini kuchaytirish, tarixiy va ma’naviy merosni targ‘ib qilish, turli ijtimoiy-madaniy tashabbuslarni amalga oshirishda ham katta ahamiyat kasb etadi.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va boshqa ko‘plab sohalarda samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, qator natijalarga erishilmoqda. Barcha darajadagi muloqot va almashinuvlar faollashgan, tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari izchil o‘sib bormoqda.

Yangi tashkil etilgan do‘stlik jamiyati esa mazkur yo‘nalishlardagi aloqalarni yanada mustahkamlab, O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik ko‘prigiga aylanishi kutilmoqda.

Ikrom Avvalboyev, O‘zA muxbiri