Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – Misr: tarixiy tashrifning birinchi kuni
02:47 / 2023-02-21

Misr, 20 fevral. O‘zA maxsus muxbiri Ziyodulla JONIBEKOV xabar qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisining taklifiga binoan 20 fevral kuni rasmiy tashrif bilan Qohira shahriga keldi.

Misr poytaxtining xalqaro aeroportida davlatimiz rahbarining tashrifi munosabati bilan ikki mamlakat bayroqlari ko‘tarildi, faxriy qorovul saf tortdi.

O‘zbekiston yetakchisini Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi kutib oldi va samimiy qutladi. Davlat rahbarlarining qisqa uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimiz Misr Arab Respublikasiga rasmiy tashrifni Ahmad Farg‘oniy merosi ziyoratidan boshladi.

Ma’lumki, bu buyuk vatandoshimiz o‘z davrining yetuk astronomi, matematigi va geografi bo‘lgan, Bag‘dod va Damashqda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazgan, 856 yildan esa Qohirada yashab, umrining so‘nggiga qadar Misrda ilm-fan bilan shug‘ullangan.

Olim ko‘plab muhim kashfiyotlar qilgan. Jumladan, 861 yilda Nil daryosidagi Ravza orolida suv sathini o‘lchaydigan inshoot barpo ettirgan. “Miqyos an-Nil” nomi bilan mashhur bu qurilma qishloq xo‘jaligi va iqlimni baholashda juda muhim bo‘lgan. Qariyb 1200 yil davomida inshootdan o‘tgan asrgacha uzluksiz foydalanilgan. bugungi kunda esa u turistik maskanga aylantirilgan.

2007 yilda Miqyosi Nil yaqinidagi xiyobonda Ahmad Farg‘oniyga haykal o‘rnatilgan. Prezidentimiz uning poyiga gulchambar qo‘yib, mutafakkir bobomizning xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

So‘ng davlatimiz rahbari Miqyosi Nil inshootini ko‘zdan kechirdi, uning tarixi, Ahmad Farg‘oniy ilm-fanga qo‘shgan hissasi haqida olimlar bilan suhbatlashdi. Ulug‘ allomaning hozirgacha saqlanib kelayotgan merosi, umuman, o‘zbeklarning Misr tarixidagi o‘rni xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlikdan dalolat berishi ta’kidlandi.

Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev Misr sivilizatsiyasi milliy muzeyiga tashrif buyurdi.

Hozirda Qohiraning tarkibiga kirgan qadimiy Fustat shahrida joylashgan muzey Misrning boy tarixidan hikoya qiluvchi noyob eksponatlar to‘plamiga ega. Bu yerda qadim zamonlardan to hozirgi kungacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga olgan 50 mingdan ortiq ashyolar, jumladan, fir’avnlar mumiyolari, hukmdorlar taxtlari va haykallari, zargarlik buyumlari, shuningdek, uy-ro‘zg‘or va hunarmandchilik buyumlari ko‘rgazmaga qo‘yilgan.

Davlatimiz rahbari ekspozitsiyaning Qadimgi, O‘rta va Yangi hukmdorlik, yunon, O‘rta asr va islom davrlariga oid qator xronologik va tematik bo‘limlari bilan tanishdi.

Prezident Misr zaminida bir-birini almashlab kelgan turli sivilizatsiyalarning yodgorliklarini katta qiziqish bilan ko‘zdan kechirar ekan, tarix va madaniyat birdek buyuk merosga ega xalqlarimizni yaqinlashtirishning muhim vositasi ekanini ta’kidladi.

Misr tomoni vakillari, o‘z navbatida, O‘zbekiston rahbariga muzeyga tashrif uchun minnatdorlik bildirib, xalqlarimizni bog‘lab turuvchi mushtarak jihatlar ko‘pligi, bu do‘stlik va o‘zaro anglashuv rishtalarini mustahkamlashga xizmat qilayotganini ta’kidladilar.

Shu ma’noda, ikki mamlakat muzeylari va tarixchilari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, umumiy merosimizni birgalikda o‘rganish, o‘zaro ko‘rgazmalar, madaniyat kunlarini tashkil etish muhimligi ta’kidlandi.

Prezidentimiz muzeyning Faxriy mehmonlar kitobida qayd qoldirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Misr Arab Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida ushbu mamlakat yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Misr tomonidan tadbirda xalqaro hamkorlik bo‘yicha vazir Raniya al-Mashat, Savdo palatalari federatsiyasi prezidenti Ibrohim Mahmud al-Arabiy, “Elsewedy Electric”, “El Araby Group”, “Orascom Construction”, “Polyserve Group”, “Al-Rowad”, “Lotus Garments Group” kabi yirik kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi.

Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarda ulkan salohiyat borligi, ishbilarmonlik va tadbirkorlik aloqalarini kengaytirish, O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi o‘zaro investitsiyalarni faollashtirish va savdoni oshirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi.

Mamlakatimiz yetakchisi ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining sa’y-harakatlari bilan o‘tmishda gullab-yashnagan Buyuk Ipak yo‘lidek mustahkam hamkorlik ko‘priklarini qayta tiklashda muhim o‘rin tutishini ko‘rsatib o‘tdi.

Keyingi yillardagi sheriklik sur’ati mamnuniyat bilan qayd etildi. Xususan, tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari karrasiga oshdi, qo‘shma loyiha va korxonalar soni 6 barobar ko‘paydi.

Davlatimiz rahbari kuni kecha o‘tgan O‘zbekiston – Misr biznes forumining samarali natijalarini, uning yakunida umumiy qiymati 1,6 milliard dollarlik 20 dan ziyod bitim va shartnomalarni amalga oshirish yuzasidan aniq kelishuvlarga erishilganini yuksak baholadi.

Energetika, elektrotexnika, kimyo, tog‘-kon, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, charm-poyabzal tarmoqlarida sanoat kooperatsiyasi uchun keng imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi.

– Misr kompaniyalariga mamlakatimizda katta investitsiya dasturlarini birgalikda amalga oshirish uchun barcha imkoniyatlar ochiq, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari va yangi o‘sish nuqtalarini ro‘yobga chiqarish yuzasidan fikr almashildi. Qo‘shma loyiha va kelishuvlarni amalga oshirishni tez fursatda boshlash bo‘yicha takliflar bildirildi.

Misrning yetakchi kompaniyalari vakillari o‘z chiqishlarida Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholadilar.

Bo‘layotgan yangilanishlar, iqtisodiyotning liberallashuvi va qulay investitsiya muhiti yaratilgani Misr biznesining O‘zbekiston bozoridagi faoliyatini kengaytirish uchun katta imkoniyatlar ochayotgani alohida qayd etildi.

Masalan, “Elsewedy Electric” kompaniyasi elektr energiyasi, transformatorlar va kabel mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha Misrdagi eng yirik korxona bo‘lib, shamol va quyosh elektr stansiyalarini qurish, transformatorlar, kabel-sim mahsulotlari va qo‘shimcha qismlarni ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ishlab chiqishga tayyor.

“Orascom Construction” O‘zbekistonda industrial park yaratgan holda uning hududida lok-bo‘yoq mahsulotlari va qurilish materiallari uchun kimyoviy moddalar ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, shuningdek, 100 MVt quvvatli shamol elektr stansiyasini qurishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish borasida fikr-mulohozalari bilan bo‘lishib, Misrning yirik sarmoyadorlari mamlakatimizni Markaziy Osiyo bozorlariga chiqish uchun ko‘prik sifatida ko‘rayotganlarini qayd etdilar.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bildirilgan reja va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlab, O‘zbekiston tomonining mutasaddilariga taklif etilgan loyihalar ijrosi ustidan qat’iy nazoratni ta’minlash topshirig‘ini berdi.

Uchrashuv yakunida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va savdo-investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi” qabul qilinishi belgilab olindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Misr Arab Respublikasiga rasmiy tashrifi davom etmoqda.

O‘zA