French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston-Misr: Oliy darajadagi kelishuvlarning ijrosi ustidan tizimli parlament nazorati o‘rnatiladi
19:16 / 2024-05-30

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Misr Arab Respublikasi Parlamenti Senati Raisi Abdulvahob Abdulroziq bilan muzokara o‘tkazdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Misr hamkorligining istiqbolli yo‘nalishlari, jumladan, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, turizm va parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

2023 yil yakunlariga ko‘ra, mamlakatlarning o‘zaro savdo aylanmasi hajmi oldingi yilga nisbatan 50 foizga o‘sgani alohida qayd etildi. Bu boradagi imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayotgani, ikki davlat ishbilarmonlari o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash hamda mavjud salohiyatni to‘liq ishga solish orqali ko‘rsatkichlarni oshirish bo‘yicha yakdil fikr bildirildi.

Tomonlar din, an’ana va urf-odatlarning o‘xshashligidan kelib chiqib, fan, ta’lim, san’at hamda diniy ma’rifat yo‘nalishlarida o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish zarurligini ta’kidladi.

Muloqot davomida parlamentlararo aloqalar, xususan, ikki davlat Senatlari hamkorligining amaliy jihatlariga e’tibor qaratildi. Parlamentlarning yuqori palatalari qo‘mitalari va devonlari o‘rtasida doimiy muloqot va tajriba almashish tizimini yo‘lga qo‘yish muhimligi aytib o‘tildi.

Bundan tashqari, ikki mamlakat rahbarlari o‘rtasida erishilgan oliy darajadagi kelishuvlarning ijrosi ustidan tizimli parlament nazoratini o‘rnatishga kelishib olindi.

Misr va O‘zbekiston Senatlarida do‘stlik guruhlarini tashkil etish, xalq vakillik institutining muhim bo‘g‘ini bo‘lgan hududiy vakillik organlari orasida o‘zaro tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish tashabbusi ilgari surildi.

Muzokaralardan so‘ng hamkorlikni huquqiy jihatdan mustahkamlashga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Misr Arab Respublikasi Senati o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi.

Misr Parlamenti Senati Raisi A.Abdulroziq Oliy Majlis Senatining Faxriy mehmonlar kitobida dastxat yozib qoldirdi.

N.Abduraimova, O‘zA