Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston - Misr hamkorligini kengaytirish istiqboli muhokama qilindi
19:30 / 2021-01-28

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Misr Arab Respublikasining mamlakatimizdagi yangi tayinlangan Favqulodda va muxtor elchisi Amira Fahmiy bilan uchrashdi.

Uchrashuvda siyosat, savdo, investitsiya, transport va madaniy-gumanitar hamkorlik sohasidagi O‘zbekiston - Misr munosabatining bugungi holati, shuningdek, aloqalarni yanada kengaytirish bo‘yicha hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari atroflicha muhokama qilindi.

Ikki mamlakat iqtisodiyoti investitsiya va savdo-iqtisodiy hamkorlik ko‘lamini bir necha barobar kengaytirish uchun zarur shart-sharoit hamda resurslarga ega ekanligi ta’kidlandi. Xususan, tarmoqlarning raqobatdosh ustunligini hisobga olgan holda O‘zbekiston va Misr ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish imkoniyatiga alohida e’tibor qaratildi.

Ishbilarmon doiralar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ro‘yobga chiqarish orqali o‘zaro ishbilarmonlik sherikligini birgalikda rag‘batlantirish muhimligi qayd etildi. Shu nuqtai nazardan, har ikki mamlakatda savdo uylari va biznesni qo‘llab-quvvatlash markazlari ochish taklifi ko‘rib chiqildi.

Muloqotda, shuningdek, idoralararo darajadagi tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi, shu munosabat bilan yaqin kelajakda Misr Arab Respublikasi Xalqaro hamkorlik vazirligi va Investitsiyalar va erkin zonalari Bosh agentligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi rahbar, ekspertlari o‘rtasida yaqin aloqa o‘rnatish, o‘rta va uzoq muddatli ustuvor vazifalarni aniqlash maqsadida bir qator uchrashuv, videokonferensiyalar o‘tkazish ma’qullandi.

Tomonlar O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi va Misr Savdo palatalari federatsiyasi hamda xususiy kompaniyalari ishtirokida O‘zbekiston - Misr ishbilarmonlar kengashini tuzish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatni boshlashga alohida tartibda kelishib oldilar.

Uchrashuv yakuni bo‘yicha Toshkentda savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston - Misr hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Tadbir doirasida “G2B” va “B2B” shaklida qo‘shma biznes-forum va bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etish rejalashtirilgan.

Kelishilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun aniq amaliy choralar ko‘rish, tadbirlar muddati, har ikki tarafning mas’ul shaxslari ko‘rsatilgan qo‘shma “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqish va tasdiqlashga kelishildi.

O‘zA