Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – Misr biznes-forumi: salohiyat birlashtirilsa yangi bozorlar paydo bo‘ladi
19:57 / 2023-02-19

Qohira, 19 fevral. O‘zA maxsus muxbiri Ziyodulla JONIBEKOV xabar qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Misr Arab Respublikasiga tashrifi arafasida 19 fevral kuni Qohira shahrida O‘zbekiston – Misr biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.  

Unda tegishli vazirlik, idora va tarmoq birlashmalari rahbarlari hamda ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining 200 ga yaqin vakillari ishtirok etdi.  

Tadbirda so‘zga chiqqanlar iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida ikki tomonlama sarmoyaviy, savdo-iqtisodiy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjudligini ta’kidladilar.  

Forumda ishtirokchilar O‘zbekistonda investitsiyaviy va tashqi savdo faoliyatini amalga oshirish uchun muayyan sohalarda yaratilgan shart-sharoitlar bilan har tomonlama tanishish, hamkorlikning umumiy manfaatlari va istiqbollarini muhokama qilish hamda kelgusida birgalikda ro‘yobga chiqarish maqsadida aniq loyihaviy takliflarni ko‘rib chiqish imkoniga ega bo‘ldilar.  

Biznes-forum davomida O‘zbekiston va Misr vazirlik, idoralari, yetakchi kompaniyalari rahbarlari o‘rtasida “G2B” va "B2B" uchrashuvi tashkil etilib, ishtirokchilar o‘zaro manfaatli savdo bitimlari tuzishning moliyaviy-texnik jihatini batafsil ko‘rib chiqdilar.  

– Prezidentimiz ilk bor Misrga tashrif buyurayapti. Ushbu tarixiy tashrifdan katta natijalar kutilayapti, – dedi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish agentligi direktori Ulug‘bek Qosimxo‘jayev. – E’tibor beradigan bo‘lsak, oxirgi besh yilda o‘zaro savdo aylanmasi to‘rt barobar oshgan. Misr biz uchun butun Afrika mintaqasi davlatlarini bog‘lovchi darvoza hisoblanadi. Bundan tashqari, ushbu mamlakat axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish bo‘yicha boy tajribaga ega. Shu tomonlama ham samarali hamkorlik qilish mumkin.  

Yana bir jihat,  Misr nazoratidagi Suvaysh kanali  dunyodagi eng ulkan suv magistrallaridan biri. Kuniga dunyodagi yuklarning 12 foizi shu yerdan olib o‘tiladi. Suvaysh orqali o‘tish kemalarga yo‘lni besh kungacha qisqartirish imkonini beradi. O‘zbekiston ham o‘z navbatida Misr uchun Markaziy Osiyo va SHHTga a’zo davlatlar uchun ko‘prik vazifasini o‘tashi mumkin.  

Muxtasar aytganda, O‘zbekiston va Misr o‘z mintaqalarida faol iqtisodiy savdo, investitsiyaviy va logistika muhitini yaratmoqda. Shu salohiyat birlashtirilsa ko‘plab yangi bozorlar paydo bo‘ladi.  

–Charm sanoatida faoliyat olib boraman, –  deydi tadbirkor Islom Shakir. – bugungi forumda “O‘zcharmsanoat” uyushmasi bilan hamkorlik qilishga kelishib oldik. Yangi tuzilajak korxona xomashyodan tayyor mahsulot ishlab chiqarish va uni xorijga eksport qilish bilan shug‘ullanadi. Ushbu korxonani Samarqand shahrida tashkil etishni rejalashtiryapmiz. O‘zbekistonda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishman. Samarqand, Buxoro, Surxondaryo, Namangan viloyatlarida bo‘lganman.  

O‘zbekiston Prezidentining Misrga tashrifi samarali bo‘lishiga ishonaman. O‘zbekiston Markaziy Osiyoda o‘z o‘rniga ega mamlakat. Misr mahsulotlari uchun ham kattagina bozor hisoblanadi. Afrikada 50 tadan ko‘p davlat bor. O‘z navbatida Misr ham O‘zbekiston uchun Afrika bozoriga yo‘l ochib beradi. Umid qilamizki, ushbu tashrif ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘ladi.  

Biznes-forum yakunlari bo‘yicha kimyo, energetika, tog‘-kon sanoati, to‘qimachilik, charm-poyabzal va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, sanoat zonalarini, infratuzilmani rivojlantirish, qurilish va farmatsevtika, qayta tiklanuvchi elektr manbalari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, turizm  kabi sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.  

O‘zA