O‘zbekiston Markaziy Osiyoda o‘z o‘rnini kuchaytirib, Qirg‘iziston bilan birga avtomobil ishlab chiqarishdan tortib, transchegaraviy ekologik va iqtisodiy tashabbuslarni ilgari surishgacha bo‘lgan muhim loyihalarni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Barcha qo‘shni davlatlar bilan tovar ayirboshlash miqdorini oshirish, transport infratuzilmasini yaxshilash orqali mintaqa barqaror rivojlanishiga ko‘maklashmoqda. Bu sa’y-harakatlar mamlakatimizning kuchli iqtisodiy hamjamiyat barpo etish, tinchlik va barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, Markaziy Osiyo farovonligi va xavfsizligini ta’minlashda O‘zbekistonning yetakchiligini namoyish etishga intilishni tasdiqlaydi.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston avtomobil ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun kuchlarni birlashtirishmoqda, Ikki davlat iqtisodiy hamkorligi tarixida yangi sahifa ochadigan bu voqea Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida savdo, sarmoyaviy va sanoat kooperatsiyasini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli integratsiya, munosabatlar chuqurlashishining bir qismidir.
***
2024-yil O‘zbekiston va Qirg‘iziston, “O‘zavtosanoat” va “DT Technik” hamkorligi natijasi o‘laroq, “Oltin-Tulpor” zavodida 12 xil avtomobil ishlab chiqara boshlaydi. Mazkur loyiha har ikki davlatning yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni rivojlantirish orqali iqtisodiy aloqani mustahkamlash istagini ifodalaydi. Korxonada birinchi yili 10 ming, yaqin kelajakda yiliga 30 ming dona mashina ishlab chiqarilishi kutilyapti.
O‘zbekiston – Qirg‘iziston savdo va sarmoyaviy hamkorligi kengayishi Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi iqtisodiy munosabat chuqurlashishi asnosida yuz bermoqda. Xususan, O‘zbekiston va Qozog‘iston tovar ayirboshlash miqdorini ikki barobar ko‘paytirib, 10 milliard dollarga yetkazish niyatida, Bu mintaqa iqtisodiy salohiyati yuksalib borayotganidan dalolat.
Shuningdek, birgalikda iqtisodiy rivojlanish strategik maqsadiga xizmat qiladigan “Markaziy Osiyo” sanoat kooperatsiyasi xalqaro markazini tashkil etish rejalashtirilgan.
***
Iqtisodiy integratsiya fonida Markaziy Osiyo davlatlari mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatni faollashtirmoqda. Bishkekda bo‘lib o‘tgan Xavfsizlik Kengashi kotiblarining Afg‘oniston bo‘yicha yig‘ilishida mintaqaviy barqarorlikni ta’minlashning asosiy omili sifatida terrorizm, narkotrafikka qarshi kurashish va iqtisodiy taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlashda birga harakat qilish muhimligi ta’kidlandi.
***
Qozog‘iston va O‘zbekiston transchegaraviy ekologik hamkorlik namunasi sifatida Ustyurt past tekisligi ekologiya tizimini muhofaza qilish bo‘yicha qo‘shma qaror qabul qildi. Ekologik hamkorlik ko‘lamini kengaytirish orqali barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan mazkur kelishuv bioxilma-xillikni saqlash va tabiiy resurslardan izchil va samarali foydalanishni nazarda tutgan holda, mintaqa davlatlari ekologik kelajagi uchun mas’uliyatli yondashuvni tasdiqlaydi.
***
O‘zbekiston va Turkmaniston xalqaro yuk tashish to‘lovini muvofiqlashtirish masalasini muhokama qildi. Bu yo‘ldagi umumiy sa’y-harakat transchegaraviy savdoni soddalashtirish va transport-logistika infratuzilmasini qo‘llab-quvvatlash va takomillashtirishga xizmat qiladi. Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlarini bog‘lovchi transport yo‘laklari samaradorligi va qulayligini sezilarli darajada oshirishi mumkin.
***
Qozog‘iston O‘zbekistonga don yetkazib beruvchi ilg‘or davlatlardan biriga aylanmoqda. Demak, mamlakatlarimiz o‘rtasida qishloq xo‘jaligi kooperatsiyasi mustahkamlanyapti. 1,5 million tonnalik don eksporti yurtimiz oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlaydi, qo‘shni qardosh davlatning qishloq xo‘jaligi bo‘yicha muhim hamkor sifatidagi munosib o‘rnini tasdiqlaydi.
Xulosa
2024-yilning dastlabki ikki oyida O‘zbekiston Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik va iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashuvchi ilg‘or va markaziy kuch sifatidagi rolini yaqqol namoyon etdi. Qirg‘iziston bilan hamkorlikda avtomobil ishlab chiqarilishi nafaqat iqtisodiy, balki diplomatik munosabatda ham yangi sahifa ochib, mintaqa davlatlari uchun ko‘p qirrali hamkorlik namunasi, desak mubolag‘a emas. Ushbu qadam savdo, transport, moliya qishloq xo‘jaligi sohalaridagi hamkorlikni chuqurlashtirish barobarida O‘zbekistonning butun mintaqada barqaror rivojlanish va farovonlik uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan strategik qarashini ifodalaydi.
Bu sa’y-harakatlar ahamiyatini alohida ta’kidlashning hojati yo‘q, chunki ayni yondashuv Markaziy Osiyo xalqlari barqarorligi va farovonligiga xizmat qiladigan uzoq muddatli iqtisodiy o‘sish uchun zamin yaratish maqsadini ko‘zlagan.
Joriy yil yanvar-fevral oylarida O‘zbekiston nafaqat eng yaqin qo‘shnilari bilan iqtisodiy, siyosiy aloqani mustahkamladi, balki mintaqaviy barqaror rivojlanish dasturini ilgari surishga ham faol hissa qo‘shdi.
O‘zbekistonning mintaqaviy strategik markaz sifatidagi rolini namoyon etayotgan bu harakatlar Markaziy Osiyoda tinchlik, xavfsizlik va farovonlikni ta’minlashga qaratilgan keng qamrovli strategiyaning ajralmas qismidir.
Abduaziz Xidirov,
O‘zA sharhlovchisi