Huquqiy munosabat
Mamlakatimizda barcha sohalarda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, mamlakatimizning sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanuvchi dunyoning yetakchi davlatlari qatoriga kirishiga erishishga alohida e’tibor berilmoqda.
Bu borada 2025-yil 26-dekabrda davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida ham sun’iy intellekt (SI) va raqamli texnologiyalar nafaqat iqtisodiy o‘sish vositasi, balki davlat boshqaruvini tubdan isloh qilishning asosiy vazifasi ekanligi ma’lum qilindi.
Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti Azamat Ergashev bu borada quyidagicha tushuncha berdi:
– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Murojaatnomasi mamlakatimiz tarixida yangi bir sahifani ochdi. Mazkur Murojaatnomada sun’iy intellekt (SI) va raqamli texnologiyalar nafaqat iqtisodiy o‘sish vositasi, balki davlat boshqaruvini tubdan isloh qilishning asosiy dastagi sifatida belgilandi.
Prezidentimiz 2026-yilda davlat boshqaruvi sohasidagi eng muhim yangilik sifatida Elektron hukumat platformasini tubdan yangilashni alohida ta’kidladi. Ushbu platforma doirasida 1000 dan ziyod davlat xizmatlari, 5000 dan ortiq funksiya va vazifalar, 200 ta ma’lumot bazasi va axborot tizimi, hamda 100 mingdan ziyod davlat xizmatchisining vakolatlari Yagona raqamli platformaga integratsiya qilinadi.
Murojaatnomada e’lon qilingan eng inqilobiy qaror shundaki, platformaga kelib tushgan murojaatlarni ijrochilarga taqsimlash va ko‘rib chiqish muddatini nazorat qilish sun’iy intellekt orqali amalga oshiriladi. Bu — millionlab fuqarolarning davlat idoralari bilan munosabatida "inson omili"ni, ya’ni suiiste’mol va kechiktirishlarni tubdan qisqartiradi.
Prezidentimiz buni oddiy misol bilan tushuntirdi. Jumladan, yangi uy qurgan fuqaro kadastr hujjatini olish uchun murojaat qilsa, yangi platforma suv, elektr va gazga ulanish masalasini ham shu zahoti hal qilib beradi. 2026-yilda bunday "proaktiv va jamlanma" xizmatlar soni 100 taga yetkazilishi rejalashtirilgan. Bu yondashuv fuqarolarni "idoradan idoraga" yurishdan ozod qiladi va vaqt hamda resurslarni tejaydi.
Ma’lumki, investorlar uchun ham mutlaqo yangi ekotizim yaratilmoqda. Yer rasmiylashtirish, toifasini o‘zgartirish, qurilish ruxsatnomalarini olish — bularning barchasi "yagona darcha" tamoyili asosida "invest.gov.uz" elektron platformasi orqali hal etiladi va barcha vazirliklar shu tizimga ulanadi. Bu xorijiy investorlar uchun O‘zbekistonni yanada jozibali qiladi.
Murojaatnomaning dolzarb yangiligidan biri — sud-huquq tizimini ham raqamlashtirish bo‘ldi. Sud-huquq tizimida sun’iy intellektni qo‘llash orqali esa adolat tezlashadi. Jinoyat haqidagi arizani qabul qilishdan boshlab, ishni sudga o‘tkazishgacha bo‘lgan bosqichlarga sun’iy intellekt texnologiyalari joriy etilishi belgilandi. Bu bilan inson huquqlarini himoya qilishda ob’ektivlik va shaffoflik ta’minlanadi.
Sud qarorlarini ijro etish sohasida ham tubdan o‘zgarish ko‘zda tutilgan: kelgusi ikki yilda ijro harakatlarining 30 foizi inson omilisiz amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bu sud tizimiga bo‘lgan ishonchni oshiradi va tadbirkorlar hamda fuqarolar huquqlarini ishonchli himoya qiladi.
Davlat boshqaruvida sun’iy intellektni joriy etish uchun mustahkam infratuzilma ham shakllantirilmoqda. Joriy yilda Toshkent, Buxoro, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida 4 ta "Data markaz", 2 ta super-kompyuter va 15 ta oliygohlarda sun’iy intellekt laboratoriyalari ishga tushiriladi. Bu infratuzilma tibbiyot, transport, qishloq xo‘jaligi, bank-moliya va jamoat xavfsizligi kabi sohalarda 100 dan ortiq AI loyihalarini amalga oshirishga xizmat qiladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashda ham texnologiyalardan keng foydalanilmoqda: 17 turdagi tekshiruvlarda "bodi-kamera" majburiy bo‘ladi; barcha davlat xaridlari, kommunal to‘lovlar, avtomobil va ko‘chmas mulk savdolari naqdsiz to‘lov shakliga o‘tkaziladi. Soliq, bojxona va boshqa nazorat organlari Yagona platformaga integratsiya qilinishi esa pora berish imkoniyatlarini sezilarli darajada qisqartiradi.
Xulosa qilib aytish mumkinki, davlatimiz rahbarining bu yilgi Murojaatnomasi O‘zbekistonda davlat hokimiyatining mohiyatini o‘zgartiradigan yangi paradigmani e’lon qildi. Sun’iy intellekt asosidagi Yagona raqamli platforma — bu shunchaki texnologik yangilik emas, balki davlat va fuqaro munosabatlarini qayta qurish, korrupsiyani tizimli yo‘q qilish va davlat xizmatlarini proaktiv tarzda ko‘rsatishga o‘tishni anglatadi.
Shubhasiz, "sun’iy intellekt hokimiyati" yo‘lidagi bu qadamlar O‘zbekistonni mintaqada raqamli davlat boshqaruvi bo‘yicha yetakchi mamlakatga aylantirish imkoniyatini beradi. Biroq texnologiyalar samarasini to‘liq ko‘rish uchun ularni joriy etish bilan bir qatorda huquqiy kafolatlar, davlat xizmatchilarini qayta o‘qitish va fuqarolarning raqamli savodxonligini oshirish ham shunday darajada muhimdir.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA