Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash qit’amizda tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, hamkorlikni mustahkamlash, mamlakatlar va xalqlar farovonligini oshirishga qaratilgan xalqaro forumdir.
Kengashga bugungi kunda mintaqa hududi va aholisining 90 foizini qamragan 27 davlat a’zo. To‘qqiz mamlakat va beshta nufuzli xalqaro tuzilma — Birlashgan millatlar tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Arab davlatlari ligasi, Xalqaro migratsiya tashkiloti, Turkiy tilli mamlakatlar Parlament assambleyasi uning kuzatuvchilaridir.
Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash 2007 yil oktyabr oyida BMT Bosh Assambleyasida kuzatuvchi maqomini olgan. Shuningdek, tuzilma Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi, Xalqaro migratsiya tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Birlashgan millatlar tashkilotining Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi va SHHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi bilan o‘zaro Anglashuv memorandumlarini imzolagan.
Aytish joizki, keyingi vaqtlarda zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimi tobora ortib borayotgan beqarorlik va kutilmagan voqeliklar bilan xarakterlanishini ko‘p bora kuzatmoqdamiz. Butun dunyoda bo‘lgani kabi ulkan iqtisodiy va intellektual salohiyatga ega Osiyo qit’asi mamlakatlari ham jiddiy xavf-xatarlarga duch kelmoqda. Bu avvalo, ekologiya, demografiya, migratsiya, hayot va ta’lim darajasi pastligi bilan bog‘liq muammolaridir. Ular ijtimoiy nizolarning asosiy manbai sifatida ekstremizm va terrorizm mafkurasi tarqalishi uchun sharoit yaratadigan muhitdir.
Biroq eng muhimi, bugungi kunda jahon mamlakatlari o‘zaro ishonch inqirozi kuzatilmoqda. Aslida mamlakatlar va xalqlar o‘rtasidagi ishonch xavfsizlik va barqarorlikning eng muhim shartidir. Biroq so‘nggi vaqtlarda jahon kuch markazlari o‘rtasida raqobat kuchayib borayotganining kuzatilayotganligi va boz ustiga, u hatto oshkora qurolli to‘qnashuvga aylanib ketish ehtimolini ham ayrim ekspertlar inkor etmayaptilar. Eng achinarli tomoni esa insoniyat ongida ushbu global xatarning ulkan xavfini his qilish susayib borayotgandek go‘yo...
Nazarimizda, ishonch inqirozini bartaraf etish va xavfsizlikni mustahkamlash yo‘lida, birinchi navbatda, inson kapitalini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish zarur. Shu munosabat bilan o‘zaro hurmat va jamoaviy mas’uliyatga asoslangan kengash faoliyati har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston qaysi minbardan bo‘lmasin, mintaqada tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, Afg‘onistondagi vaziyatni tartibga solish borasida muhim tashabbuslarni ilgari surib kelgan. O‘tgan yili Dushanbedagi sammitda ham, 13 oktyabr kuni Ostonadagi uchrashuvda ham Prezidentimiz tinch Afg‘oniston Osiyo mintaqasidagi barqarorlikning muhim omili hisoblanishini yana bir karra urg‘uladi.
Xususan, Prezidentimiz birinchidan, O‘zbekiston Afg‘onistonda gumanitar inqirozning oldini olishga qaratilgan va uning yakkalab qo‘yilmasligiga oid tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashini aytib o‘tdi. Tinchlik o‘rnatish va ushbu mamlakatda yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish butun mintaqa uchun yangi strategik imkoniyatlar yaratadi.
Afsuski, boshqa o‘tkir xalqaro muammolar qalqib chiqishi natijasida Afg‘oniston masalasi ikkinchi darajaga tushib qolmoqda. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, o‘ttiz yil muqaddam ushbu davlat amalda xalqaro terrorchilik makoniga aylanib qolgani bilan bog‘liq achchiq tajriba qayta takrorlanishiga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Afg‘on muammosi yuzasidan keng konsensusga erishish va global darajada amaliy chora-tadbirlarni qabul qilish maqsadida Osiyo mamlakatlarining Birlashgan millatlar tashkiloti Bosh Assambleyasiga qo‘shma murojaati imkoniyatlarini ko‘rib chiqish taklif etildi.
Ikkinchidan, yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun qulay sharoit yaratish, ularning radikallashuviga qarshi kurashish va sifatli ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish ham alohida ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» rezolyutsiyasi qabul qilingan, shuningdek, Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya ishlab chiqilmoqda.
Ming afsuski, buzg‘unchi kuchlar targ‘ibot va mafkuraviy ta’sirning yangi uslublaridan foydalangan holda ekstremistik tashkilotlarga yoshlarni faol jalb etmoqda. Shu munosabat bilan yosh avlodni radikalizmdan asrash, ularning kuch-g‘ayrat va shijoatini bunyodkorlik sari yo‘naltirish uchun tizimli hamkorlikni o‘rnatish, turli yoshdagi insonlar o‘rtasida bir-birini yaxshiroq tushunishga da’vat etadigan yangi formatni – Avlodlar muloqotini yo‘lga qo‘yish Prezidentimiz tomonidan taklif etildi. Yosh yetakchilar Forumi doirasida bunday ilk uchrashuvni 2023 yil aprel oyida Samarqandda o‘tkazish masalasi o‘rtaga tashlandi.
Xalqaro miqyosdagi qurolli mojarolar, qarama-qarshiliklar dunyo iqtisodiyotini tanazzul holatiga keltirdi. Shuning uchun Osiyo davlatlari iqtisodiyotlarini global inqirozning o‘sib borayotgan salbiy oqibatlariga moslashuvi dolzarb vazifaga aylangan. Davlatimiz rahbari fikricha, proteksionizmning kuchayishiga, global bozorlarni beqaror qiladigan omillarni, jumladan yangi cheklovlarning joriy etilishiga yo‘l qo‘ymaslik, Osiyo qit’asida o‘zaro bog‘liqlikni, birinchi galda, ishlab chiqarish-logistika zanjirini, Markaziy Osiyoni Janubiy va Sharqiy Osiyo, shuningdek, Yaqin Sharq bilan samarali bog‘lovchi transport yo‘laklarini yaratish hisobiga kuchaytirish muhimdir.
Jahon sanoat inqilobi yangi bosqichiga o‘tmoqda. Uning asosi esa ilg‘or texnologiyalar va innovatsiyalardir. Sohani rivojlantirish barqaror taraqqiyotga tahdidlarning oldini olishga xizmat qiladi. Bu yo‘nalishlarda Osiyo mamlakatlari global yetakchilikka birgalikda erishish uchun barcha imkoniyatlarga ega.
Prezidentimiz sammitda yana bir dolzarb masalani ilgari surdi. U ham bo‘lsa, oziq-ovqat inqirozining oldini olish bilan bog‘liq. Yaxshi bilamizki, ayrim sabablarga ko‘ra, sayyoramizda energiya resurslari va oziq-ovqat narxlari oshib ketdi. Qit’amizning ko‘plab davlatlari esa iste’mol mahsulotlarining asosiy import qiluvchilari hisoblanadi va tanasida oziq-ovqat inqirozining oqibatlarini juda o‘tkir his qilmoqda.
Butun jahon oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti hisob-kitoblariga ko‘ra, ochlikdan aziyat chekayotgan sayyoramiz aholisining yarmidan ko‘pi Osiyo qit’asida yashamoqda. Qizig‘i shundaki, bir vaqtning o‘zida aynan Osiyo mamlakatlari jahonning yetakchi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi davlatlari hisoblanadi. Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari oziq-ovqat ishlab chiqarishning barqaror tizimlarini va uni yetkazib berishning optimal zanjirini shakllantirish, ichki mintaqaviy savdo o‘sishi uchun texnik reglamentlarni uyg‘unlashtirish, Osiyoda oziq-ovqat xavfsizligini monitoring qilish yaxlit tizimini yaratish masalasini ilgari surib, ushbu vazifalarni BMTning Oziq-ovqat dasturi (FAO) shafeligida kelgusi yili O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan xalqaro konferensiyada muhokama qilishni taklif etdi.
Shubhasiz, oziq-ovqat narxlari barqarorligini saqlashning eng muhim omillaridan biri iqlimni, tabiatni asrash bilan bog‘liq. Ekologiya va iqlim o‘zgarishi muammolarini hal qilish uchun sa’y-harakatlarni birlashtirish hamda jadal ko‘kalamzorlashtirish va ekotizimlar bog‘liqligini qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha «YASHIL OSIYO» konseptual dasturlari doirasida doimiy ekspert maslahatlashuvlarini yo‘lga qo‘yish taklifi ham dolzarbligi bilan ajralib turadi.
Abdumalik Akramov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati