Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamkorligida simobni boshqarish va Minamata konvensiyasini amalga oshirish bo‘yicha uch kunlik seminar o‘tkazildi.
Anjumanning asosiy maqsadi – O‘zbekiston uchun ilk milliy simob inventarizatsiyasini yaratishdir. Bu orqali mamlakatdagi turli sohalar – energetika, sanoat, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi va boshqa tarmoqlardagi simob manbalari, chiqindini aniqlash hamda baholash rejalashtirilgan. Bu jarayon xalqaro Minamata konvensiyasi doirasida amalga oshirilayotgani ahamiyatli.
Ishtirokchilar fikricha, hujjatning bosh maqsadi simob va uning birikmalari ta’sirini kamaytirish, inson sog‘lig‘i va atrof-muhitni muhofaza qilishdir. Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “Xavfli kimyoviy moddalarni oqilona boshqarish bo‘yicha texnik ko‘mak” loyihasi doirasida tashkil etilgan seminarda energetika, sanoat, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligi sohalari vakillari hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
FAOning qishloq xo‘jaligi bo‘yicha mutaxassisi va loyiha texnik rahbari Taniya Santivanes seminar natijalariga to‘xtalar ekan, shunday dedi:
– Seminar davomida O‘zbekiston mutaxassislari simob inventarizatsiyasini mustaqil olib borish uchun zarur bo‘lgan eng zarur amaliy ko‘nikmalarni egalladi. Eng muhimi, biz nazariyadan amaliyotga o‘ta oldik. Jamoa allaqachon milliy ma’lumotlar asosida dastlabki inventar loyihalarini shakllantirishni boshladi.
Qayd etish kerak, bu kabi real amaliy natijalar xalqaro majburiyatlarni bajarish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tizimlarining uzoq muddatli xavfsizligini ta’minlash uchun muhim ahamiyatga ega.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan analitik nazorat markazi direktori Rustam Ergashev seminar ahamiyatini quyidagicha izohladi:
– Simob bo‘yicha ilmiy asoslangan inventarizatsiyani yaratish – biz uchun milliy ustuvor vazifa va Minamata konvensiyasiga qo‘shilishning eng muhim shartlaridan biridir. Ushbu seminar mutaxassislarimizni zamonaviy metodologiya bilan ta’minlab, idoralararo hamkorlikni kuchaytirdi va xavfli kimyoviy moddalarni boshqarish bo‘yicha milliy strategiyamizni oldinga siljitadigan muhim qadam bo‘ldi.
Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA