Milliy matbuot markazida Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan texnik jihatdan tartibga solish, metrologiya sohasidagi qonunchilik talablari, mazkur sohalardagi ijobiy natijalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Qayd etilishicha, sohaning normativ-huquqiy bazasi yanada takomillashtirilib, o‘lchash vositalarini qiyoslashdan o‘tkazish faoliyatining xususiy sektor tomonidan ham amalga oshirilishini ta’minlashga qaratilgan “Metrologiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun qabul qilindi.
Qonun bilan metrologiya xizmatlarini ko‘rsatish sohasiga xususiy sektorni keng jalb qilish hamda eksklyuziv huquqlarni bekor qilish orqali mavjud monopoliyalarni bartaraf etish maqsadida davlat metrologiya nazoratini tashkil etish va sohada xizmatlarni ko‘rsatish funksiyalari belgilandi.
Kiritilgan o‘zgartirishlar bilan Texnik jihatdan tartibga solish agentligi va uning hududiy bo‘linmalari vakolatidagi metrologiya xizmatlarini ko‘rsatish vakolati O‘zbekiston milliy metrologiya institutiga berilishi natijasida davlat metrologiya nazorati va metrologiya xizmatlari ko‘rsatishda vujudga keladigan manfaatlar to‘qnashuvi bartaraf etiladigan bo‘ldi.
Qonun bilan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hisoblanmaydigan yuridik shaxslar (xususiy sektor)ga o‘lchash vositalarini qiyoslash xizmatlarini ko‘rsatish huquqi ham berildi. Bu o‘z navbatida, tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyat sohasini kengaytirishga, metrologiya xizmatlarini ko‘rsatish bozorida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.
O‘zgartirishlarda sanoat tarmoqlarida qo‘llaniladigan o‘lchash vositalarini qiyoslash xususiy sektor tomonidan amalga oshirilishi belgilandi. Shuningdek, qoidalar xalqaro talablar bilan muvofiqlashtirilishi, shu asnoda mahsulot, jarayonlar, ishlar va xizmatlar xavfsizligi masalalarida iste’molchilar hamda davlat manfaatlarini himoya qilish, mahsulot sifati va raqobatbardoshligini oshirish nazarda tutildi.
Matbuot anjumanida qayd etilishicha, milliy qonunchilik amaliyotida qiyoslashdan o‘tkazib kelinayotgan amaldagi 315 ta vositadan 224 tasini qiyoslash huquqi xususiy sektorga berildi. Natijada xususiy sektor tomonidan yiliga o‘rtacha 270 mingdan ortiq o‘lchash vositalariga qiyoslash xizmatini ko‘rsatish orqali 20,5 milliard so‘mlik ishlarni bajarish imkoniyati yaratildi. Misol uchun, mazkur loyiha amaliyotga kiritilishi orqali neft-gaz va kimyo sanoatida qo‘llaniladigan 100 mingdan ortiq, mashinasozlik va metallurgiya sanoatida 60 mingdan ortiq, elektrotexnika sanoatida 30 mingdan ortiq o‘lchash vositalarini xususiy sektor tomonidan qiyoslash imkoni yaratildi.
Institutda Turkiya milliy metrologiya institutining xalqaro ekspertlari ishtirokida “Vaqt va chastota laboratoriyasi”da etalonning dastlabki faoliyati yo‘lga qo‘yildi va O‘zbekistonda Vaqt va chastota etaloni yaratildi.
Bungacha milliy vaqt shkalasi Sun’iy yo‘ldoshli global navigatsion tizim (GNSS) tomonidan ta’minlanadigan vaqt tizimi bilan sinxronlangan holda hosil qilinar edi. Endilikda loyihada ko‘zda tutilgan Atom soati orqali O‘zbekiston milliy vaqt shkalasi (UTC (UZ) to‘liq hosil qilindi va respublika bo‘ylab “aniq vaqt xizmati” yo‘lga qo‘yildi.
[gallery-14904]
Sohani kompleks rivojlantirish, laboratoriyalarni zamon talablari asosida modernizatsiya qilish maqsadida institutning viloyatlardagi 16 ta filiali faoliyatidagi imkoniyat va salohiyatni kengaytirishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Shuning uchun ham sanoatning aniq o‘lchashlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish borasida o‘lchash vositalarini kalibrlash xizmati viloyatlarda ham bosqichma-bosqich joriy qilinmoqda.
Viloyatlardagi ishlab chiqaruvchilar, tadbirkorlarga yanada qulaylik yaratish va kalibrlash xizmatlar qamrovini kengaytirish maqsadida qo‘shimcha jami 10 ta hududiy filiallarda kalibrlash laboratoriyalari tashkil etilib, yuqori aniqlikdagi o‘lchashlar xizmati kengaytirildi. respublika sanoatida foydalanilayotgan yuqori aniqlikdagi o‘lchash vositalarining kalibrlash qamrovi 78 foizga yetkazildi.
Shahnoza Mamaturopova,
Oybek Pardayev (surat), O‘zA