Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston Milliy universiteti matematika sohasida dunyoning eng kuchli universitetlari qatorida
12:42 / 2022-05-19

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti mamlakatimizning to‘ng‘ich ilm va ziyo maskani bo‘lib, butun Markaziy Osiyo davlatlari oliy o‘quv yurtlarining barpo bo‘lishi hamda ular taraqqiyotining asoschisi sifatida salmoqli o‘rin egallab kelmoqda.

Ushbu oliy ta’lim muassasasining respublikamiz ilm-fani va ma’rifati rivojiga qo‘shgan mislsiz hissasi bilan o‘z davrida Markaziy Osiyo oliy ta’limining karvonboshisi bo‘ldi. Millatimizning chinakam g‘ururi va iftixoriga aylandi. Ma’lumki, bugungi kunda dunyo ilm-fanida sun’iy intellekt, bio va nanotexnologiyalar, “yashil” energetika, biologiya, ekologiya, tibbiyot, raqamli iqtisodiyot kabi ko‘plab yo‘nalishlar jadal rivojlanib bormoqda. 

Davlatlar va xalqlarning ushbu sohalarda o‘zaro hamkorlik qilishi jamiyat taraqqiyotini jadallashtiradigan muhim omillardan ekanligini hayotning o‘zi isbotlamoqda. Shu ma’noda hozirgi tezkor zamonda respublikamiz ham ijtimoiy hayotning barcha sohalari, jumladan matematika yo‘nalishida dunyoning rivojlangan mamlakatlari bilan o‘zaro hamkorlikni mustahkamlab borishi juda muhim hisoblanadi.

Zamonaviy ilm-fan va texnika yutuqlarini matematika fanining rivojisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Barcha fanlar va sohalar rivojining lokomotivi bo‘lgan matematikani “fanlarning shohi” deb atashlari, bejizga emas. 

Hozirgi davrda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, fizika, tibbiyot, biologiya, ekologiya, raqamli iqtisodiyot kabi ko‘plab sohalarda qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar bevosita ushbu fan doirasida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqotlarning mahsulidir. bugungi kunda barcha sohalar rivojlanishiga asos bo‘layotgan matematika fanining tamal toshi bizning zaminda Muhammad al-Xorazmiy, Ahmad al-Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug‘bek singari ulug‘ ajdodlarimiz tomonidan qo‘yilgani barchamizga g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi. 

Mamlakatimizda matematika sohasidagi ilmiy maktablar o‘tgan asrning birinchi yarmidan shakllana boshlagan. Ilmiy maktablarga asos solgan olimlar Vsevolod Romanovskiy, Toshmuhammad Sarimsoqov, Sa’di Sirojiddinov, Maxmud Salohiddinov, To‘xtamurod Jo‘rayev, No‘’mon Satimov kabi akademiklar O‘zbekistonda matematika fanining rivojiga beqiyos hissa qo‘shdilar. Ana shunday atoqli ustozlarimiz tomonidan yaratilgan ilmiy maktablar bugungi kunda ham o‘zining salohiyatini butun dunyoga namoyon etib kelmoqda. 

Prezidentimizning 2019 yil 8 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Mazkur Konsepsiyada Vatanimizni yaqin kelajakda va uzoq muddatli ilmiy rivojlanish asosi belgilab berildi. Farmonda yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalari oldiga bir qator aniq vazifalar qo‘yildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini dunyodagi birinchi 500 ta o‘rindagi universitetlar ro‘yxatiga kiritish ko‘zda tutilgan. 

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti jamoasi dunyodagi nufuzli universitetlar qatoridan o‘rin olish uchun muhim strategik vazifalarni bajarmoqda. Universitetda ta’lim sifati, ilmiy tadqiqotlarni amaliyotga joriy etilishi borasida talay ijobiy natijalarga erishildi. O‘tgan vaqt mobaynida universitet dunyoning bir nechta reytinglarida ishtirok etib kelmoqda. 

QS reytingini tuzish uchun o‘ndan ortiq ko‘rsatkichdan foydalaniladi: universitetning akademik muhitdagi obro‘-e’tibori (bu asosiy mezon), ish beruvchilarning universitet bitiruvchilariga bo‘lgan munosabati, universitet professor-o‘qituvchilarining ilmiy ishlariga iqtiboslik, o‘qituvchilar va talabalar sonining nisbati, shuningdek xorijiy o‘qituvchilar va talabalarning nisbiy soni. Har yili dunyo bo‘yicha 18,4 mingdan ortiq oliy o‘quv yurtlariga shu tartibda baho beriladi.  

Yaqinda “Quacquarelli Symonds” Xalqaro reyting kompaniyasi dunyo universitetlarining fan sohalari reytingi (Subject Rankings)ni e’lon qildi. Unda O‘zbekiston Milliy universiteti “QS by Subject Rankings” bo‘yicha matematika sohasida erishgan natijalariga ko‘ra dunyoning kuchli universitetlari orasida 451-500 o‘rinni egalladi. 

Mazkur fan bo‘yicha olimlarning Scopus bazasiga kirgan ilmiy jurnallardagi maqolalari soni, ulardan iqtiboslik ko‘rsatkichining yuqoriligi, dunyo matematiklari universitetning akademik obro‘sini yuqori baholagani bunga yo‘l ochdi. 

O‘zbekiston Milliy universiteti matematika fanini rivojlantirishga, respublikamiz xalq xo‘jaligining turli tarmoqlari uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashda asosiy lokomativ bo‘lib xizmat qilib kelmoqda. Shu bilan birga O‘zMU matematik tadqiqotlarning jahon darajasida e’tirof etilgan markazlaridan biriga aylandi.   

D.Mamatova,  O‘zA