Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"O‘zbekiston milliy sport va xalq o‘yinlari ensiklopediyasi" taqdimotidan fotoreportaj
17:30 / 2022-07-14

Sportni rivojlantirish vazirligida “O‘zbekiston milliy sport va xalq o‘yinlari ensiklopediyasi” taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida yaratilgan mazkur ensiklopediya 2 qismdan iborat bo‘lib, uning 1-qismida milliy sport turlari va ularning rivojlanishi uchun munosib hissa qo‘shgan sulolaviy sportchilar haqida so‘z yuritilgan. O‘zbek xalq milliy sport turlaridan kurash, belbog‘li kurash, sulolalardan Bekchanov, Siddiqov, Yusupov va boshqa polvonlarning sulolalari haqidagi ma’lumotlar o‘rin olgan.

Ensiklopediyaning 2-qismida esa milliy xalq o‘yinlarining vujudga kelishi va rivojlanish tarixi haqida hikoya qilingan. Xususan, arqon tortish, oq terakmi – ko‘k terak, tashlama tayoq va shu kabi jami 82 ta milliy xalq o‘yinlarining kelib chiqishi hamda rivojlanish bosqichlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar berilgan. Ta’kidlash kerak, ensiklopediya keng kitobxonlar ommasiga mo‘ljallangan.

Ushbu ensiklopediyani yaratishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – ming yillar davomida ajdodlarimizning xuquqiy va maishiy turmushi bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan turli milliy sport turlari va xalq o‘yinlarini keng ommalashtirish, ularni umumjahon madaniy merosiga aylantirish. Yana bir muhim jihati, bizgacha yetib kelgan turli milliy sport turlari, xalq o‘yinlarini yosh avlodlarga yetkazish va ularni mana shu ruhda tarbiyalashdan iborat.

Ensiklopediya o‘zbek, rus va ingliz tillarida tayyorlandi. Bu esa xorijiy mutaxassislarning xalqimiz madaniyati, tarixi, urf-odatlari va an’analari bilan tanishishini osonlashtiradi.

Ensiklopediyaning taqdimot marosimida Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikromov  ishtirok etdi.

[gallery-7921]

Muhammad AMIN (surat),O‘zA