Mamlakatimizda para sport turlarini rivojlantirishga, imkoniyati cheklangan insonlarni ommaviy sport bilan qamrab olish harakatiga ustuvor vazifa sifatida e’tibor qaratilishi tufayli ushbu yo‘nalishda sezilarli natijalarga erishilmoqda.
Bir paytlari sport bilan shug‘ullanishga ishtiyoqmand nogiron yoshlar uchun atigi 33 ta maktabda sport to‘garaklari tashkil etilgan bo‘lsa, o‘tgan yillar davomidagi sa’y-harakatlar samarasi o‘laroq bunday maktablar soni 235 taga yetdi. Para sport bilan muntazam shug‘ullanuvchilar soni 7 ming nafardan oshdi.

Joriy yilning 13 fevralida davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida hududlardagi 39 ta sport maktabi para sport turlariga ixtisoslashishi, Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti bilan hamkorlikda nogironligi bo‘lgan yoshlarni sport bilan qamrab olish lozimligi ta’kidlangandi.
Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston milliy paralimpiya qo‘mitasi mutaxassislari Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida joylashgan A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetida bir qator uchrashuvlarni o‘tkazdi.

Muloqotlar davomida tomonlar hamkorlikning turli imkoniyatlarini muhokama qilish asnosida joriy yilning may oyida Namanganda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan para sport mavzusiga bag‘ishlangan konferensiyada Gersen universiteti tomonidan para sport turlarini rivojlantirish, nogironligi bo‘lgan sportchilarni iqtidoriga qarab saralash tizimi to‘g‘risida taqdimot o‘tkazish, metodologik qo‘llanmalar almashinuvi borasida kelishuvlarga erishildi.
Muhokamalar chog‘ida shuningdek, Sankt-Peterburgdagi Adaptiv jismoniy tarbiya va sport markazi tajribasini O‘zbekistonda tatbiq etish, para sportchilarning natijaga erishishida ilmiy, metodik va xalqaro standartlarning ilg‘or tuzilmalarini ishlab chiqish, Gersen universitetining Toshkentdagi filialida adaptiv sport bo‘yicha alohida fakultet ochishning texnik-taktik jihatlari ko‘rib chiqildi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA