Bugun O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasida Iqtisodiyot va moliya hamda Sport vazirliklari, shuningdek, MOQ, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbar va mutasaddilari ishtirokida sport sohasiga xususiy sektorni keng jalb etish, zamonaviy boshqaruv tizimini joriy etish va raqobat muhitini shakllantirish kabi masalalarga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda sport sohasini barqaror rivojlantirish, moliyaviy resurslardan samarali foydalanishda xususiy sektorni jalb etish, homiylik ko‘maklarini ko‘rsatish tashabbusida bo‘lgan tadbirkorlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash hamda ularga turli imtiyozlar berish, tashabbuskor tadbirkorlarni sport federatsiyalarning ijroqo‘m a’zoliga saylash kabi dolzarb yo‘nalishlar muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida 2026 yilda federatsiya va assotsiatsiyalar faoliyatini, shuningdek, milliy terma jamoalarimizni moliyalashtirish bilan bog‘liq masalalar ham atroflicha ko‘rib chiqildi. Tomonlar sportchilarning tayyorgarlik jarayonini yanada takomillashtirish, xalqaro musobaqalarga puxta hozirlik ko‘rish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish muhimligini ta’kidladi.
Yakunda sport sohasiga xususiy sektorni keng jalb etish orqali zamonaviy menejment va raqobat muhitini shakllantirish hamda sport sohasiga ajratiladigan mablag‘larning manzilli va shaffof yo‘naltirilishini ta’minlash, vazirlik va idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.