Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi – 34 yoshda
10:23 / 2026-01-21

Bugun, 21 yanvar kuni O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi tashkil etilganiga 34 yil to‘ldi.

1993 yil O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Xalqaro olimpiya qo‘mitasining 101-sessiyasida XOQ a’zoligiga qabul qilindi.

Mamlakatimiz sport delegatsiyasi o‘tgan davr mobaynida 8 ta yozgi va 8 ta qishki Olimpiya o‘yinlarida, shuningdek yozgi va qishki Osiyo o‘yinlarida hamda to‘rt yillik o‘yinlar tizimidagi qator nufuzli xalqaro musobaqalarda ishtirok etib, munosib natijalarni qayd etdi.

Mard va muzaffar sportchilarimiz ushbu musobaqalardagi takrorlanmas g‘alabalari bilan Vatanimiz sharafini xalqaro sport maydonlarida ulug‘ladi.

Milliy olimpiya qo‘mitasi mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, olimpizmning pok va ezgu g‘oyalarini ilgari surish yo‘lida keng ko‘lamda ish olib bormoqda. Bundan tashqari, xalqaro aloqalarni mustahkamlab, nufuzli sport tashkilotlari bilan keng qamrovli hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.  

Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi tashkil etilganidan buyon bugunga qadar sportchilarimiz 8 ta qishki – “Lillexammer-1994”, “Nagano-1998”, “Solt-Leyk-Siti-2002”, “Turin-2006”, “Vankuver-2010”, “Sochi-2014”, “Pxyonchxan-2018” va “Pekin-2022” Olimpiadalarida qatnashgan.  

Qishki Olimpiadalar tarixida terma jamoamiz a’zolari tomonidan 1 ta oltin medal qo‘lga kiritilgan. 1994 yil Lina Cheryazova Norvegiyaning Lillexammer shahrida fristaylning akrobatika yo‘nalishi bo‘yicha qishki Olimpiya o‘yinlari shohsupasiga ko‘tarilgan. Ushbu medal mustaqil O‘zbekistonning Olimpiadalardagi ilk oltini sifatida tarixga kirgan.  

O‘zbekiston delegatsiyasi “Atlanta-1996”, “Sidney-2000”, “Pekin-2004”, “London-2012”, “Rio – 2016”, “Tokio-2020” va “Parij-2024” yozgi Olimpiadada jami 19 ta oltin, 8 ta kumush va 23 ta bronza jami 50 ta medalni qo‘lga kiritgan.  

Bu muvaffaqiyatlar O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi tomonidan sportni yanada ommalashtirish va yoshlarimizning Olimpiya o‘yinlari dasturidan joy olgan sport turlariga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish, ushbu sport turlari bilan shug‘ullanishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilganidan dalolat. Umid qilamizki, bu kabi samarali ishlar natijasida to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqalarida g‘alabalarimiz soni bugungidan ko‘ra ko‘payadi.

T.Ro‘ziyev,

J.Toshxo‘jayev,

O‘zA