Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston Milliy muzeyida ko‘p ming yillik tarix va beqiyos merosimiz dunyo ahliga boricha namoyish etiladi
10:15 / 2025-09-17

Prezident tashrifidan so‘ng...

Davlatning barqaror rivoji va taraqqiyoti yo‘lida iqtisodiy chora-tadbirlar bilan birga ma’naviy, madaniy islohotlarning o‘rni ham beqiyos. Shu ma’noda bugun yurtimiz kelajagini yanada yorqin timsollar bilan boyitish maqsadida tarixiy osori-atiqalarni xalqimizga namoyish etish, yoshlarning ajdodlar merosidan iftixor tuyishi uchun imkoniyatlar yaratilmoqda. Jumladan, 27 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Milliy muzeyi qurilishiga tamal toshi qo‘ydi.

Bunday mahobatli muzey yurtimiz tarixida ilk bor barpo etilmoqda. Uning umumiy maydoni 40 ming kvadrat metr bo‘ladi. Ko‘rgazma zallari, kutubxona, restavratsiya laboratoriyalari va eksponatlarni saqlash xonalarida eng zamonaviy qulayliklar yaratiladi. Mazkur muzeyning ahamiyati xususida davlat va jamoat vakillari o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, mustaqillikni, milliy o‘zligimizni yuzaga chiqarishda bu kabi ezgu sa’y-harakatlarning hech biri besamar qolmasligini ta’kidlab kelmoqda. 

– Madaniyat va ma’rifat hamda tarixiy merosimiz avvalambor, o‘zligimizni shakllantirish, o‘tmishimizni yanada yaxshiroq o‘rganib, anglashimizga turtki beradi, – dedi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, professor Bahrom Abduhalimov. – Shu bilan birga, xalqimizni, jumladan, yoshlarimizni yurtga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi. O‘tgan davrlarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ayni yo‘nalishda juda katta ishlar amalga oshirildi. 100 dan oshiq muzeylar ta’mirlandi. O‘zbekiston xorijdagi muzeylarda o‘zining artifaktlari, osori-atiqalari, ekspozitsiyalari namoyishini tashkil qildi. Germaniya, Italiya va dunyoning boshqa davlatlarida yurtimiz yodgorliklari ko‘rsatilib, dunyo hamjamiyatiga xalqimizning nurli o‘tmishi haqida targ‘ibot ishlari olib borildi. 

Ma’lumki, davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan yaqinda O‘zbekiston Milliy muzeyi qurilishiga tamal toshi qo‘yildi. Prezidentimiz  bu uzoq yillar rejalashtirib kelingani va yurtimiz iqtisodiy jihatdan rivoj topib borayotgani hamda imkoniyatlarimiz shunday ishlarni qilishga turtki bo‘layotganini ta’kidladi. Darhaqiqat, qurilayotgan O‘zbekiston Milliy muzeyi uch ming yillik tarix va beqiyos merosimizni dunyo ahliga boricha namoyish etishda muhim majmua bo‘lib xizmat qiladi. 

– Yurtimizda muzeylar kam emas, poytaxtimizning o‘zida o‘ttizdan ortiq muzey bor, yuz mingdan ortiq eksponatlar mavjud, lekin ularning kam foizinigina namoyish qilish imkoniyatiga ega ekanmiz, – deya fikr bildiradi Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev. – Bizning mana shu noyob osori-atiqalarimizni namoyish etish uchun O‘zbekiston Milliy muzeyi qurilishiga tamal toshi qo‘yildi. Bu bizning merosimizni eng zamonaviy texnologiyalar asosida namoyish qilish uchun imkoniyatli, g‘oyatda muhtasham, mahobatli majmua bo‘ladi. Yaponiya va Germaniyaning taniqli kompaniyalari loyihasi asosida Xitoy quruvchilari tomonidan bunyod etilayotgani ham mazkur bunyodkorlik ishlarining beqiyosligini ta’minlaydi. 

Darhaqiqat, O‘zbekiston Milliy muzeyi chin ma’noda tirik tarix vazifasini bajaradi. Bunda o‘tmishimizni san’at darajasida namoyish etish imkoni tug‘iladi. Natijada bu yer avvalo yoshlarni o‘ziga jalb etadi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Boisi ma’naviy ozuqa makoni bo‘ladi, milliy g‘ururni aks ettiruvchi maskan sifatida qad rostlaydi. 

Prezidentimiz O‘zbekiston Milliy muzeyiga tamal toshini qo‘yish asnosida: “Biz bu muzeyni kimgadir ko‘z-ko‘z qilish uchun qurmayapmiz. Birinchi navbatda o‘zimiz uchun, yoshlarimiz o‘zligini anglashi uchun, Vatandan iftixor, faxr tuyishi uchun barpo qilyapmiz“, deya alohida ta’kidladi.

O‘zbekiston Milliy muzeyi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamohang, yagona majmua tusiga ega bo‘ladi. Ya’ni Islom sivilizatsiyasi markazini ko‘rgan xorijliklar “Bu qanday xalq, qanday millatki, beqiyos merosga ega“, deya qiziqib, so‘ngra zamonaviy O‘zbekiston Milliy muzeyiga ham intila boshlaydi. Xalqimiz vakillarining esa, ajdodlarimiz salohiyatiga yondashuvlarini yanada kengaytiradi, desak, xato qilmagan bo‘lamiz.

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/UpenYoRKsTg?si=keeWV3ABAslxiu1r" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

O‘zA muxbiri

Abdulaziz RUSTAMOV

 yozib oldi.