Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati o‘tgan yilni qanday natijalar bilan yakunladi?
21:28 / 2024-03-29

Bugun AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida  “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati mas’ullari shu haqda so‘z yuritdi.

Unda asosan mazkur tashkilotning  2023-yildagi faoliyati sarhisobi va   2024-yilda amalga oshirilayotgan ustuvor vazifalariga urg‘u berildi.

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Abdumalik Nazirovning qayd etishicha,  o‘tgan yilda  165,74 million dollar miqdorida investitsiya mablag‘lari o‘zlashtirilgan. Ushbu mablag‘ hajmidagi ishlar amalga oshirilib, reja 104,39 foizga bajarilgan. O‘sish sur’ati 2022-yilga nisbatan 147,4 foizni tashkil etgan.

–O‘z navbatida, bu boradagi ishlar natijasida 3 ta loyiha ishga tushirildi.  Bunda  davlat kafolati ostidagi chet el mablag‘lari hisobidan 93,65 million dollar, boshqa xorijiy investitsiyalar 31,2 million dollar  va tashkilotimiz o‘z mablag‘i hisobidan 40,88 million dollar  miqdoridagi ishlar bajarildi. Jumladan, soha mablag‘lari ishtirokidagi “Sirdaryo viloyatida quvvati 1500 MVt bo‘lgan yangi issiqlik elektr stansiyasini qurish loyihasi doirasida 500 va 220 kV kuchlanishli elektr uzatish havo tarmoqlariga ulash” investitsiya loyihasi bo‘yicha 15 kilometrdan ortiq havo elektr uzatish tarmog‘i, “G‘uzor” va “Amir Temur” podstansiyalari oralig‘ida 220 kV kuchlanishli elektr uzatish havo tarmog‘ini qurish” loyihasi doirasida 58 kilometr havo elektr uzatish tarmog‘i va 250 MVA quvvatga ega transformator ishga tushirildi. Shuningdek, “Magistral elektr tarmoq podstansiyalarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish” 1-bosqich loyihasi doirasida ishlar yakunlandi, –dedi A. Nazirov.

Shuningdek,  tadbirda modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari, moliyaviy-iqtisodiy ko‘rsatkichlari,  davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosidagi loyihalar, sarf-xarajatlarni qisqartirish kabi qator yo‘nalishlar bo‘yicha atroflicha  fikr almashildi.  

–2023-yilda 10 ta loyiha investor kompaniyalari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jalb qilinib, umumiy quvvati 1750 MVt yangi elektr stansiyalari qurilib foydalanishga topshirildi, –dedi“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqarma boshlig‘i Boburjon Murodov. –Ushbu elektr stansiyalarida ishlab chiqariladigan elektr energiyasini energotizimga uzatish uchun 46 kilometr uzunlikdagi magistral elektr tarmoqlari qurilib, foydalanishga topshirildi. Shu bilan birga,  umumiy quvvati 1750 MVt yangi elektr stansiyalari qurilib foydalanishga topshirildi, jumladan, quvvati 700 MVt 5 ta quyosh, quvvati 50 MVt 1 ta shamol hamda quvvati 1000 MVt 1 ta energiya samaradorligi yuqori issiqlik elektr stansiyasi qurilib energiya tizimiga ulandi. Shuningdek, ushbu elektr stansiyalarida ishlab chiqariladigan elektr energiyasini energotizimga uzatish uchun 46 kilometr uzunlikdagi magistral elektr tarmoqlari qurilib ishga tushirildi.

Mas’ullar o‘tgan yil sarhisobi qatorida joriy yilgi ustuvor vazifalar ijrosiga ham e’tibor qaratdi. Unga ko‘ra, 2024-yilda magistral elektr tarmoqlari orqali 74,0 milliard kilovatt soat elektr energiyasini uzatish, umumiy loyiha qiymati 1 915,7 million dollarga teng bo‘lgan 23 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish,  Modernizatsiya dasturi doirasida 3 ta podstansiyada 434 MVA qo‘shimcha quvvat yaratish kabi rejalar shular jumlasidandir.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA