French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«O‘zbekiston Milliy banki to‘plamidan tanlangan asarlar» nomli yangi katalog taqdimoti
19:54 / 2025-12-12

O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasida «O‘zbekiston Milliy banki to‘plamidan tanlangan asarlar» nomli yangi katalogning tantanali taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu nashr mamlakatimiz badiiy merosining boyligini va zamonaviy o‘zbek san’atining rang-barang yo‘nalishlarini namoyon etuvchi muhim madaniy loyiha.

Kitob «O‘zmilliybank» AJ tomonidan san’at asarlari to‘planishining 30 yilligi, shuningdek O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasining 20 yilligi munosabati bilan tayyorlangan bo‘lib, ushbu ikki muhim sana milliy madaniyat rivojidagi uzluksiz sa’y-harakatlarni va san’atni qo‘llab-quvvatlash borasidagi dolzarb tashabbuslarni yana bir bor yoritib beradi.

«O‘zbekiston Milliy banki to‘plamidan tanlangan asarlar» nomli yangi katalog XX–XXI asrlarda ijod qilgan o‘zbek rassomlari, haykaltaroshlari va grafiklarining sara asarlarini o‘z ichiga oladi. Nashrga kiritilgan asarlar milliy san’at maktabining shakllanishi va rivojlanishi, turli yo‘nalishlar va uslublarning boyligi, rassomlarning individual badiiy izlanishlari kabi jarayonlarni yoritib beradi.

[gallery-26711]

Katalogdan o‘rin olgan asarlar orasida o‘zbek tasviriy san’ati tarixida muhim o‘rin tutgan yorqin namunalar, zamonaviy badiiy fikrning yangi talqinlari, turli texnikalarda bajarilgan ishlarning badiiy-estetik qimmati aks etgan. Nashrda mualliflar haqida ma’lumotlar, badiiy tahlillar va yuqori sifatli illyustratsiyalar joy olgan.

Ushbu taqdimot milliy tasviriy san’atimiz rivojida alohida  ahamiyat kasb etadi. Taqdimot marosimi san’at ahlini, rangtasvir va grafika sohasidagi mutaxassislarni, muzeyshunoslar, kuratorlar, taniqli rassomlar hamda san’at ishqibozlarini bir maydonga to‘plagani bilan diqqatga sazovor bo‘ldi.  

Tadbir doirasida mehmonlar O‘zbekiston Milliy banki to‘plamining shakllanish tarixi bilan tanishish, bankning madaniyat sohasini qo‘llab-quvvatlashdagi roli haqida kengroq ma’lumot olish, katalogning konsepsiyasi va badiiy qiymati yuzasidan fikr almashish, mutaxassislar bilan muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

O‘zbekiston Milliy banki va O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasi mamlakatimizda badiiy madaniyatni targ‘ib qilish, yosh va tajribali rassomlarni qo‘llab-quvvatlash hamda milliy san’atni yuqori darajada namoyon etishda uzoq yillardan beri samarali ishlarni amalga oshirmoqda. Ushbu katalogning nashr etilishi milliy badiiy merosni hujjatlashtirish va saqlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.

N.Usmonova, A.Mamadaminov (surat), O‘zA muxbirlari