O‘zbekiston ochiqlik, so‘z va axborot erkinligini ta’minlash, shuningdek ommaviy axborot vositalarini haqiqiy “to‘rtinchi hokimiyat”ga aylantirishni ko‘zlovchi, ortga qaytmas yo‘lni tanlagan. Binobarin, odamlar ongida u yoki bu mafkuraning shakllanishida OAVning ta’siri beqiyos.
E’tirof etish joiz, mamlakatimizning ichki va tashqi siyosatini, yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni, jamiyatimizda kechayotgan ulkan o‘zgarishlar va yangilanishlarni tezkor yoritib borishda boshqa nashrlar qatori O‘zbekiston Milliy axborot agentligining ham munosib hissasi bor.
Bugun O‘zA davlatning rasmiy axborot manbai sifatida o‘quvchilar uchun qulay va qiziqarli tarzda axborot uzatib, respublikamiz va jahonda yuz berayotgan voqea-hodisalarni o‘zbek, rus, ingliz, fransuz, nemis, ispan, arab, qozoq va xitoy tillarida tezkor va haqqoniy yoritib kelmoqda.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga asosan 1992 yil 5 fevral kuni agentlik O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) sifatida qayta tashkil etilgan.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 2 dekabrdagi “O‘zbekiston Milliy axborot agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, O‘zA respublika hayotiga oid ijtimoiy-siyosiy axborotlarni tarqatuvchi rasmiy axborot agentligi ekani qayd etildi va agentlik faoliyati takomillashtirildi.
Bugungi kunda jahonning yigirmaga yaqin axborot agentligi va yetakchi nashrlari bilan aloqa o‘rnatgan O‘zA Turkiy davlatlar axborot agentliklari alyansi (ATNA), Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlat axborot agentliklari kengashi (Informsovet) va Islom hamkorlik tashkiloti Axborot agentliklari uyushmasi (UNA)ning faol a’zosi hisoblanadi.
O‘tgan yilning uchinchi choragida MDH ijtimoiy media va ommaviy axborot vositalarini monitoring va tahlil qilish bo‘yicha yetakchi “Brand Analytics” tadqiqot markazi tahliliga ko‘ra, O‘zA veb-sayti respublikamizda eng ko‘p iqtibos keltirilayotgan nashrlarning kuchli uchligidan joy olgan.
Xuan Manuel Fonruj, Argentinaning Lotin Amerikasi axborot agentligi (LANA) Bosh direktori:

– Bugungi globallashuv davri media tuzilmalari oldiga jahonning yetakchi axborot agentliklari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish, muntazam axborot almashishni yo‘lga qo‘yish, dunyoda ro‘y berayotgan voqealar to‘g‘risida aholini xolis, haqqoniy axborot bilan tezkor ta’minlash zaruratini qo‘ymoqda.
O‘zbekiston chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosati tufayli so‘nggi yillarda xorijiy davlatlar bilan do‘stona munosabatni jadal rivojlantirmoqda. Ayni jarayonda biz ham O‘zA bilan yaqin hamkorlik o‘rnatib, axborot almashish sohasida memorandum imzolaganmiz. Ta’kidlashim joiz, bu biz uchun Markaziy Osiyo mintaqasi bilan sheriklik yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. O‘zAning ispan tilida chiqadigan maqolalarini kuzatib boraman. Ushbu materiallar orqali agentlik O‘zbekiston yangiliklarini ishonchli manba sifatida ispan tilli dunyo jamoatchiligiga tarqatmoqda.
O‘zA sahifalari o‘quvchilarimizni nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi bilan bog‘liq voqea-hodisalardan xabardor qilib boradi.
Fursatdan foydalanib, o‘zining shonli o‘tmishiga ega O‘zbekiston Milliy axborot agentligi ijodiy jamoasini bugungi bayrami bilan samimiy qutlayman.
Raza Said, Buyuk Britaniyaning “The London Post” axborot nashri muharriri:

– 1992 yil 5 fevral O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari va jurnalistikasi tarixida muhim sana – O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA tashkil topgan kun.
Ana shu bayram munosabati bilan O‘zAning fidoyi jamoasiga jamiyat taraqqiyotiga qo‘shayotgan ulkan hissasi uchun minnatdorlik bildiraman. O‘zA o‘ttiz yildan ortiq vaqtdan buyon media maydonida odillik mayog‘i, haqiqat ustuni bo‘lib kelmoqda.
E’tirof etish joiz, O‘zA ijodiy jamoaning mashaqqatli mehnati, professionalligi bois, jurnalistika me’yorlarini qo‘llab-quvvatlagan holda, ishonchli axborot manbasiga aylandi. Bunday sa’y-harakat chindan ham tahsinga sazovor.
Haqiqat yo‘lidagi fidoyilik, ishtiyoq uchun tashakkur. Jurnalistika sohasida mukammallikka intilish va kasbga bo‘lgan bunday sadoqatni qadrlayman. Agentlik jamoasiga muvaffaqiyat tilayman.
Irina Akulovich, Belarusning “BelTA” telegraf agentligi Bosh direktori:

– O‘zbekiston Milliy axborot agentligi jamoasini agentlik tashkil topgan kun bilan samimiy tabriklayman. O‘zAda yorqin, unutilmas voqealarga to‘la 33 yillik tarix mujassam.
Bugun O‘zA mamlakatda va xorijda ro‘y berayotgan hodisalar haqida tezkor, batafsil ma’lumot beruvchi ishonchli manba hisoblanadi. Muvaffaqiyatning siri esa har doim voqealar rivojini kuzatib turadigan ijodiy professionallar jamoasidadir. Ob’ektivlik va tajriba – agentlik xodimlari faoliyatining o‘ziga xos xususiyati.
O‘zA uzoq yillar jamiyatga chinakamiga foydasi tegadigan, sog‘lom axborot makonida mustahkam o‘rniga ega Agentlik bo‘lib qolaveradi.
Nashrda faoliyat yuritayotgan barcha jurnalistlarga sihat-salomatlik, baland ijodiy parvoz va omad tilab qolaman.
Tiyerno Ahmadu Si, Senegal axborot agentligi (APS) Bosh direktori:

– Ayni axborot asrida eng qimmat manbaa – haqqoniy va xolis xabar, desam yanglishmayman.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda milliy, tarixiy va diniy qadriyatlar tiklanishi barobarida OAVning o‘rni, ijodkorning qadr-qimmati ham oshganini kuzatishimiz mumkin.
Ayniqsa, yurtingizda jahonda sodir bo‘layotgan voqealardan xabardor, xorijiy tillarni yaxshi biladigan, kompyuter texnologiyalari bilan qurollangan jurnalistlarning yangi avlodi shakllanayotgani yanada quvonarli.
Mamlakatingizda kechayotgan islohotlar haqida 9 tilda axborot tarqatayotgan O‘zA Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston OAVni dunyoning ko‘zga ko‘ringan media minbarlari qatoriga qo‘shishga qaratilgan tashabbuslaridan kelib chiqib, xalqaro aloqalarni kengaytirishga intilayotganidan xabardormiz.
E’tiborli jihati, O‘zA eng so‘nggi yangiliklar hamda ijtimoiy-siyosiy axborotlar tarqatuvchi rasmiy agentlik sifatida sun’iy intellekt asosida maxsus robot-muxbir faoliyatini yo‘lga qo‘ygan. Bu ham zamonaviy axborot tarqatish tendensisiyaning bir yutug‘i.
Fursatdan foydalanib, jamoangizni O‘zbekiston Milliy axborot agentligi tashkil topganining 33 yilligi bilan samimiy muborakbod etaman. Fidoyi va zahmatkash hamkasblarimga jurnalistikaning mashaqqatli yo‘lida yuksak parvozlar tilayman. Qalamingiz doim o‘tkir bo‘lsin!
Mederbek Shermetaliyev, Qirg‘iz Respublikasining “Kabar” Milliy axborot agentligi direktori:

– O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zAning do‘stona jamoasini muhim sana bilan chin qalbimdan tabriklayman!
O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlar uzoq tarixga ega bo‘lib, xalqlarimiz do‘stligi asrlarga borib taqaladi.
Qardosh ikki o‘lkaning asosiy axborot agentliklari bo‘lgan “Kabar” va O‘zA ko‘p yillardan buyon faol axborot almashib, samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Jamoalarimiz bundan buyon ham ellarimiz farovonligi yo‘lidagi hamkorlikni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shadi, deb ishonaman.
Bugungi tarixiy kun munosabati bilan O‘zA rahbariyati va ijodiy jamoasiga cheksiz ilhom, yangi muvaffaqiyatlar va salmoqli yutuqlar tilayman!