Navoiy shahridagi “Do‘stlik va nodavlat-notijorat tashkilotlari uyi”da “O‘zbekiston – millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik yurti” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
“Fuqarolik jamiyati haftaligi” doirasida tashkil etilgan tadbirda Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti Kimyo-metallurgiya fakulteti iqtidorli yoshlari hamda viloyatda faoliyat yuritayotgan milliy-madaniy markazlar vakillari ishtirok etdi.
2024 yil 26 avgustda Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi hamda 2021–2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Prezidentimiz tomonidan “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon qabul qilindi. Hujjat fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlashda shaffof va sog‘lom raqobatga asoslangan tizimni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, ijtimoiy foydali dasturlar samaradorligini oshirish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratishga qaratilgan.
[gallery-26442]
Unga ko‘ra, har yili dekabr oyining birinchi haftasida “Fuqarolik jamiyati haftaligi”ni o‘tkazib borish belgilangan.
Ta’kidlash o‘rinliki, Bosh qomusimizning 72-moddasida davlat nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta’minlaydi, ularga jamiyat hayotida ishtirok etish uchun teng huquqiy imkoniyatlar yaratadi, deb alohida belgilab qo‘yilgan.
Bugungi kunda Navoiy viloyatida o‘zbeklar bilan birga rus, qozoq, qoraqalpoq, tojik va boshqa millat vakillari tinch-totuvlikda istiqomat qilmoqda. Ular o‘zbeklar bilan teng sharoitda, yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlardan foydalangan holda mehnat qilmoqda.
Viloyatdagi umumta’lim maktablarining 66 tasida qozoq, 5 tasida tojik, 3 tasida qoraqalpoq va 21 tasida rus tilida ta’lim beriladi. Prezident qaroriga asosan olis cho‘l hududlari sanalmish Uchquduq, Tomdi va Konimex tumanlarida istiqomat qilayotgan aholi farzandlari uchun oliy ta’lim mussasalariga o‘qishga kirish borasida imtiyozlar berilgan.
Hozir viloyatda 9 ta konfessiya, 13 ta cherkov va 81 ta masjid faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, 10 ta milliy madaniy markazda turli millat vakillari o‘z an’ana va qadriyatlarini ulug‘lab kelmoqda.
Milliy madaniy markazlarga nodavlat notijorat tashkilotlari sifatida muayyan imtiyozlar yaratilgan. Ayni paytda grantlar, ijtimoiy buyurtma va subsidiyalar orqali ham ularning turli tashabbuslari faol qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bundan tashqari, viloyat markazida faoliyat yuritayotgan 5 ta milliy madaniy markazlarga Navoiy shahridagi “Do‘stlik va NNTlar uyi”dan xona va jihozlar ajratilgan.
Uchrashuv doirasida mazkur markazlar hamda Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti o‘rtasida kelgusidagi qo‘shma loyihalar va ma’rifiy tadbirlar yuzasidan memorandum ham imzolandi.
– Bugungi tadbir doirasida Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining Navoiy viloyati bo‘linmasi hamda universitetimiz o‘rtasida memorandum imzolanishi hamkorligimizni yangi bosqichga olib chiqadi, – deydi Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti kafedra mudiri Shuhrat Norov. – Ushbu hujjat asosida fuqarolik jamiyati, yoshlar faolligi, volontyorlik, ijtimoiy loyihalar, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni targ‘ib etishga qaratilgan qo‘shma tadbirlarni tizimli yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Universitet jamoasi nomidan shuni alohida ta’kidlashni istardimki, biz har qanday formatdagi tadbirlarda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik g‘oyasini yoshlar ongiga singdirish, ularni turli millat hamda konfessiya vakillariga nisbatan hurmat va ochiqlik ruhida tarbiyalashni ustuvor vazifa, deb bilamiz. Bugungi tadbir ham talabalarning dunyoqarashi, ma’naviy olami va fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlashda muhim maydon bo‘lib xizmat qildi. Shu kabi loyihalar orqali nafaqat bugungi talaba yoshlar, balki kelajak avlod uchun ham totuvlik va hamjihatlikka asoslangan mustahkam poydevor yaratiladi, degan ishonchdamiz.
Tadbir davomida o‘zbek, rus, qoraqalpoq, qozoq tillarida kuy-qo‘shiqlar, she’rlar ijro etildi.
A.Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari