Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining Nukus filialida “O‘zbekiston – millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik yurti” mavzusida ma’rifiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasi, Ichki ishlar vazirligi vakillari yurtimizda turli millat va elatlar o‘rtasida qaror topgan do‘stlik va birdamlik muhiti, diniy bag‘rikenglik an’analari, shuningdek, yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy tarbiyasiga qaratilgan davlat siyosatiga atroflicha to‘xtalib o‘tishdi. Shuningdek mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, diniy erkinlikni ta’minlash, turli konfessiyalar o‘rtasida o‘zaro hurmat va hamjihatlikni mustahkamlash borasidagi ishlar haqida batafsil ma’lumot berishdi.
Bundan tashqari, yoshlar o‘rtasida huquqiy madaniyatni oshirish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, internet makonida tarqalayotgan zararli g‘oyalarga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida so‘z yuritildi.
Tadbir mehmonlari talabalar bilan ochiq muloqot olib borib, ularni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berishdi.
Ishtirokchilar tomonidan millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni yanada mustahkamlash, yoshlarning faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish borasidagi fikr-mulohazalar bildirildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri