Poytaxtimizda jahon metrologiya sohasida nufuzli xalqaro anjuman — Mintaqaviy metrologiya tashkilotlari va Xalqaro o‘lchovlar va tarozilar byurosi huzuridagi Mintaqaviy metrologiya tashkilotlari qo‘shma qo‘mitasining 48-yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi huzuridagi O‘zbekiston milliy metrologiya instituti tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda Xalqaro o‘lchovlar va tarozilar byurosi direktori Martin Milton, shuningdek, mintaqaviy metrologiya tashkilotlari rahbarlari, xalqaro ekspertlar hamda soha mutaxassislari ishtirok etmoqda.
[gallery-25409]
– Ma’lumki, Xalqaro o‘lchovlar va tarozilar byurosi dunyoning barcha mamlakatlari uchun xalqaro birliklar tizimini va vaqt masshtabini ilgari suradi, – deydi Xalqaro o‘lchovlar va tarozilar byurosi direktori Martin Milton. – Mazkur byuro Parijda joylashgan bo‘lib, 150 yildan buyon faoliyat yuritadi. Ushbu nufuzli xalqaro anjumanda dunyoning olti mintaqasi vakillari yig‘ilib, o‘zaro tajriba almashyapmiz. Shu o‘rinda aytish joiz, O‘zbekiston metrologiya konvensiyasining to‘laqonli ishtirokchisiga va jahon o‘lchov tizimining to‘liq a’zosiga aylanish yo‘lida juda muhim qadam tashlagan. Xususan, O‘zbekistondagi laboratoriyalar, hukumat tomonidan amalga oshirilgan investitsiyalar mamlakatni texnik tizimning to‘liq qismiga aylantirishga xizmat qilmoqda. Bu tizim texnik mahsulotlar, sog‘liqni saqlash mahsulotlari va boshqa sohalarda xalqaro almashinuv imkonini beradi.
Darhaqiqat, O‘zbekiston milliy metrologiya instituti bugungi kunda Xalqaro o‘lchovlar va tarozilar byurosi va mintaqaviy tashkilotlari faoliyatida faol ishtirok etmoqda. Institut xalqaro solishtirish loyihalarida qatnashib, yurtimiz metrologiya sohasining salohiyati va ishonchliligini namoyon etmoqda.
Jumladan, joriy yilning mart oyida radiatsiya yo‘nalishida uchta, kalibrlash va o‘lchash imkoniyatlari to‘g‘risidagi yozuvlari Xalqaro o‘lchovlar va tarozilar byurosi tomonidan ro‘yxatga olindi va ularning soni 8 taga yetkazildi.
Xalqaro anjumanda metrologlarning malakasini oshirish, stajirovkalar, qo‘shma loyihalar va milliy metrologiya institutlarini rivojlantirishga qaratilgan qo‘llab-quvvatlash tashabbuslari muhokama qilindi.
Uchrashuvning O‘zbekistonda o‘tkazilishi Markaziy Osiyo mintaqasining ehtiyojlari va salohiyatiga alohida e’tibor qaratish imkonini beradi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/BnwlDuSrGrU" title="O‘zbekiston metrologiya sohasida xalqaro miqyosda yetakchi davlatlar qatorida" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Shahnoza Mamaturopova, Oybek Pardayev (surat), Doniyor Yoqubov (video), O‘zA